Bosh prokuratura ijtimoiy tarmoqlarda ayollarni fohishalik bilan shug‘ullanayotgan payti qo‘lga olgani aytilgan ichki ishlar xodimlari qamoqqa olingani yuzasidan ma’lumot berdi.
«Joriy yilning 9 avgust kuni Chilonzor tuman IIO FMB xodimlari mansab vakolatlari doirasidan chetga chiqqan holda yashash xonadoniga kirib kelayotgan ikki nafar ayolni asossiz fohishalikda ayblab, IIB tayanch punktiga olib borishgan va u yerda ularning huquqlarini buzishga qaratilgan harakatlar sodir etishgani aniqlangan», deyiladi rasmiy bayonotda.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 206- va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, jinoiy ish doirasida ikki nafar shaxsga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan hamda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda fohishalik bilan shug‘ullanayotgani aytilgan ayollar ushlangani, lekin ularning o‘zlari buni inkor qilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Toshkent shahar IIBB mazkur holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgani, ayollar va profilaktika inspektorlari harakatlariga qonuniy baho berish uchun Chilonzor tumani prokuraturasiga yuborilganini ma’lum qilgandi.
Bir necha kun avval o‘sha voqea tufayli qamalgan IIV xodimlaridan birining onasi o‘g‘lining aybi yo‘qligini, ishga boshqa mansabdorlar aralashgan bo‘lishi mumkinligini aytib, prezidentga videomurojaat qilib chiqdi.
Kun.uz bilan suhbatlashgan IIV matbuot kotibi hozircha holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar mavjud emasligini bildirdi.