Boku va Yerevan chegara delimitatsiyasi uchun yangi hududni belgilab oldi

Jahon 20:30 842

Ozarboyjon va Armaniston chegarani delimitatsiya qilish ishlarini davom ettirish uchun yangi hududni belgilab oldi. Bu haqda Ozarboyjon bosh vaziri o‘rinbosari Shahin Mustafoyev matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, ikki mamlakat chegarasida Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi davlat chegarasini delimitatsiya qilish bo‘yicha davlat komissiyasining 11-uchrashuvi bo‘lib o‘tgan. Unda tomonlar kelgusida delimitatsiya ishlarini olib borish uchun chegara chizig‘i o‘tadigan hududlar tartibi to‘g‘risidagi masala yuzasidan fikr almashgan.

«Tomonlar davlat chegarasining delimitatsiyasi bo‘yicha kompleks ishlarni shimoliy uchastkadan — Ozarboyjon, Armaniston va Gurjiston chegaralari tutashgan hududdan boshlashga, keyin esa janubiy yo‘nalishda — shimoldan janubga qadar, Ozarboyjon va Armanistonning Erongacha bo‘lgan chegarasigacha davom ettirishga kelishib oldi», — deyiladi xabarda.

Tomonlar, shuningdek, delimitatsiya ishlarini olib borish tartibi bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar loyihalarini ham muhokama qilgan, keyingi uchrashuvni o‘tkazish joyi va sanasini belgilab olgan.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yil iyunda Yerevan va Boku Tavush viloyatidagi chegarani delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha kelishib olganidan keyin Armanistonda norozilik namoyishlari boshlangan edi. Ushbu kelishuv natijasida Armaniston Ozarboyjonga avval Ozarboyjon SSRga qarashli bo‘lgan, biroq 1990 yillardan beri armanlar nazoratida bo‘lgan to‘rtta qishloqni berishga rozi bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: