Samarqandda profilaktika inspektorining mashinasini yoqib yuborgan shaxsga hukm o‘qildi

Jamiyat 16:41 / 09.12.2021 2816

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida profilaktika inspektorining mashinasini yoqib yuborgan shaxsga hukm o‘qilgan. Bu haqda Oliy sud raisi matbuot kotibi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 1 iyul kuni soat 19:30 larda Kattaqo‘rg‘on tumani IIBga Namozpolvon mahallasida jamoat joyida mast holda janjal qilgan fuqaro ustidan shikoyat kelib tushgan.

Uchastka profilaktika inspektori vaziyatni o‘rganish va janjal qilgan fuqaro bilan suhbatlashish uchun o‘z hamkasbi bilan uning uyiga borgan. Fuqaro ichki ishlar xodimi bilan o‘zaro tortishib qolgan, so‘ng uning qonuniy talabiga bo‘ysunmay pichoq ko‘tarib, profilaktika inspektoriga tashlangan.

Shundan so‘ng inspektor va uning sherigi chetroqqa o‘tib tuman IIB tergov-tezkor xodimlarini voqea joyiga chaqirgan. Janjal ko‘targan fuqaro esa jahl ustida uyi oldida turgan profilaktika inspektorining mashinasini yoqib yuborgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tuman sudi tomonidan ayblanuvchiga sud hukmi o‘qilgan. Unga ko‘ra fuqaro Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi «a» bandi, 119-moddasi 2-qismi,  140-moddasi 3-qismi «a» bandi, 173-moddasi 3-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgan deb topilgan. Ayblanuvchiga 4 yil 8 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Ko‘proq yangiliklar: