Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida spirtli ichimlik ta'siri ostida bo‘lgan fuqaro ko‘chada ochiq qoldirilgan Damas mashinasini olib qochgan. Bu haqda IIV huzuridagi tergov departamenti xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 30 noyabr kuni 29 yoshli T.M. «102» raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, shu kuni soat 20:50 larda, o‘ziga tegishli bo‘lgan oq rangli Damas rusumli avtomashinasini noma'lum shaxs olib qochganini aytgan.
Olib borilgan tezkor qidiruv natijasida, jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan Damas mashinasi Kitob tumani H.Olimjon mahallasi hududida 42 yoshli E.N. mast holatda boshqarib ketayotganda ushlangan.
Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, T.M. Kitob tumani Xalqlar do‘stligi mahallasi hududida mashina kalitini o‘zida qoldirib, uning eshiklarini qulflamasdan dorixonaga kirgan. Shu payt mast holda bo‘lgan E.N mashinani olib qochib ketgan.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Kitob tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi E.N.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (Transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.