Poytaxt teatrlarida joriy yilning 30 noyabridan 7 dekabriga qadar Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Boltiqbo‘yi va Gruziya davlatlari ishtirokida “Yoshlar teatr san'ati” forumi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Madaniyat vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Ushbu forum ilk bor 2012 yilda Kishinev shahrida (Moldova), keyin 2015 yil Minsk (Belarus)da va 2018 yil Yerevan (Armaniston)da o‘tkazilgan bo‘lsa, bu galgi forumga O‘zbekiston mezbonlik qilmoqda.
Forumda Armaniston, Estoniya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Gruziya, Ukraina, Rossiya, Moldova, Belarus, Tojikiston, Ozarboyjon kabi davlatlardan tashrif buyurgan qatnashchilar ekspertlar kengashi tomonidan tanlab olingan spektakli bilan ishtirok etadi.
Shuningdek, forum doirasida “Ta'lim dasturi” amalga oshiriladi. Unda yosh teatr ijodkorlariga o‘z kasbiy tajribalari bilan o‘rtoqlashish imkonini beradi. Forum ishtirokchilari “Ta'lim dasturi” laboratoriyasida malakali rejissyor, aktyor hamda teatr tanqidchilaridan mahorat darslarini olib, forum davomida yagona spektakl ustida ijod qilishadi. Forum yakunida esa mazkur spektakl tomoshabinlar e'tiboriga havola etiladi.