Bolalar guruhini tashkiliy tashish
Bolalar guruhini tashkiliy tashishda yo‘nalishli transport vositalaridan tashqari bo‘lgan transport vositalari nazarda tutilmoqda. Bunda avtobus va mikroavtobuslar nazarda tutiladi. Chunki 2016 yil 1 martdan boshlab bolalarni yuk avtomobillarining yukxonasida tashish taqiqlab qo‘yilgan. Bu judayam dolzarb masala edi.
Hozirda faqat kuzatuvchi nazoratida, old va orqa tomonlariga taniqlik belgilari o‘rnatilgan holda, kunduz kuni yaqinni yorituvchi chiroqlar yoqqan avtobus va mikroavtobuslarda bolalarni tashish mumkin.
Yo‘nalishli transport vositalariga daxli bo‘lmagan avtobuslarda 8 va undan ortiq bolalarning tashkiliy tashilishi – bolalar guruhini tashkiliy tashish hisoblanadi.
Yo‘nalishli transport vositalari
Yo‘nalishli transport vositalari 4 turga bo‘linadi: avtobus, tramvay, trolleybus va yo‘nalishli taksilar. Ularning o‘z qatnov yo‘nalishlari va to‘xtash joylari, ya'ni bekatlari bo‘ladi. Ularga muayyan imtiyozlar berilgan.
“Yo‘l harakati qoidalari”da yo‘nalishli transport vositasiga quyidagicha ta'rif berilgan: Yo‘nalishli transport vositasi – belgilangan yo‘nalishi va bekatlari bo‘lgan, yo‘lovchi tashish uchun mo‘ljallangan umum foydalanishdagi transport vositalari (trolleybus, tramvay, avtobus, yo‘nalishli taksi).
Yo‘nalishli transport vositalariga tegishli ayrim imtiyozlar bor. Masalan, 3.1 (Kirish taqiqlangan) yo‘l belgisi o‘rnatilishi juda ham favqulodda holatni bildiradi: bu yo‘lda harakatlanish bir tomonlama tashkil etilgan; lekin avtobus, tramvay, trolleybus va yo‘nalishli taksilar yo‘nalishi shu yo‘ldan o‘tgan bo‘lsa, harakatlanishlari mumkin. Shu bilan birga, bu transport vositalari kunduzi ham yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoqib harakatlanishlari kerak.
Yo‘l berish
“Yo‘l harakati qoidalari”ga asosan, yo‘l berish – yo‘l harakati qatnashchilariga nisbatan imtiyozi bo‘lgan boshqa yo‘l harakati qatnashchisining harakat yo‘nalishi yoki tezligini o‘zgartirishga majbur etishi mumkin bo‘lgan hollarda harakatni davom ettirmasligini yoki boshlamasligini, biror-bir manyovr bajarishi mumkin emasligini bildiruvchi talab.
Qoidalarda imtiyoz va yo‘l berish degan tushuncha bor. Birinchisida harakatlanib kelayotgan avtomobil boshqa yo‘lda harakatlanayotgan avtomobilga nisbatan imtiyozga ega bo‘ladi. Ikkinchisini soddaroq qilib, xalaqit qilmaslik deb tushuntirish mumkin. Ya'ni imtiyozga ega transport vositasining harakatiga xalaqit qilmasdan, ularga yoki piyodalarga yo‘l bergan holda harakatni davom ettirishdir.