Avtomobilni takroran mast holda boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy qilinmoqda
2024 yil O‘zbekiston yo‘llarida sodir bo‘lgan YTHlar oqibatida 2,2 ming inson halok bo‘ldi. Ushbu davrda mast holda mashina boshqargani uchun jazolangan 8 ming kishi yana shu qoidabuzarlikni sodir qilgan. Senat tasdiqlagan qonun bilan avtomobilni mast holda boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik joriy qilinmoqda. Shuningdek, transportni «agressiv boshqarish» va «drift» qilish uchun ham javobgarlik belgilanmoqda.

Foto: IIB YHXB axborot xizmati
2024 yil O‘zbekistonda 9 364 ta yo‘l-transport hodisalari sodir etilishi oqibatida 2 203 nafar inson halok bo‘lgan va 8 901 nafar inson tan jarohati olgan. Bu haqda Oliy Majlis Senatining 24 yanvardagi yalpi majlisida ma’ruza qilgan senator Qutbiddin Burhonov ma’lumot berdi.
Mast holda transport vositasini boshqarish bilan bog‘liq 2021 yilda 40 542 ta, 2022 yilda 47 365 ta va 2023 yilda 41 866 ta, 2024 yilda 31 436 ta huquqbuzarlik aniqlangan. Faqatgina 2024 yilda qariyb 8 ming nafar haydovchi mast holda transport vositasini boshqarganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgandan so‘ng takroran transport vositasini mast holatda boshqarganligi aniqlangan. Mast holda transport vositasini boshqarish oqibatida 2020-2024 yillarda qariyb 600 ga yaqin yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan va buning oqibatida 322 nafar fuqaro halok bo‘lgan.
Senator Qutbiddin Burhonovning ma’lum qilishicha, ushbu yo‘l-transport hodisalarining sodir bo‘lishiga asosan fuqarolar tomonidan qonunchilikda belgilangan javobgarliklarni mensimaslik bo‘lsa, ikkinchidan amaldagi yo‘l harakati qoidalarini bilmaslikdir. Shuningdek, qoidabuzarliklar uchun amaldagi qonun hujjatlarida ta’sir ko‘rsatuvchi omillar mavjud emasligi YTHlar ko‘payishining asosiy sabablaridan biri bo‘lmoqda.
Senatorlar qabul qilgan yangi qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga yo‘l harakati xavfsizligiga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlik choralari belgilanmoqda.
Jumladan, avtomobilni mast holda boshqarganlik uchun jarima miqdori BHMning 25 baravaridan (9 mln 375 ming so‘m) 40 baravariga oshirilmoqda.
Shuningdek, transport vositasini takroran mast holda boshqarganlik uchun jinoiy javobgarlik, ya’ni 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, Jinoyat kodeksiga:
- avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek imtihon o‘tkazish va haydovchilik guvohnomasini berish tartibini buzganlik;
- transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxsning transport vositasini boshqarganlik;
- siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzganlik uchun ham jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.
Senatorlar ushbu qoidabuzarlik uchun aynan qanday jazolar belgilangani haqida ma’lumot bermadi.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga transportda bezorilik, ya’ni ayrim haydovchilar tomonidan boshqarish madaniyatiga rioya qilmay, transport vositasini keskin boshqarish va boshqa harakatlarda ifodalangan «agressiv boshqarish», «drift», «shaxmat» shaklida harakatlanish, yo‘llarda to‘siqlarni paydo qilish kabi qoidabuzarliklar uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun loyihasining to‘liq matni e’lon qilinmadi. Yuqorida nazarda tutilgan barcha normalar qonun prezident tomonidan imzolangach, hujjatning o‘zida belgilangan muddatda kuchga kiradi.
Mavzuga oid

18:02 / 19.12.2024
Qatarda yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol tarzda buzgan haydovchining avtomobili yo‘q qilindi

16:29 / 19.11.2024
Qozog‘istonda magistral yo‘lda o‘rtacha tezlikni oshirganlar jarimaga tortiladi

20:27 / 28.10.2024
Foydali qazilmalarni ruxsatsiz qazib olganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi

17:51 / 06.10.2024