So‘nggi bir necha kunda aynan piyodalar o‘tish yo‘lagida sodir bo‘lgan avariyalarga ketma-ket guvoh bo‘lyapmiz. Eng achinarlisi esa – bu kabi yo‘l-transport hodisalari yosh bolalar, maktab o‘quvchilari bilan ko‘proq bo‘lmoqda. Haydovchilar borgan sari yo‘l qoidalarini pisand qilmayotgandek. Hokimiyat vakillaridan tortib san’atkorlargacha qoidabuzar.
2 oktyabr kuni erta tongda Buxoro viloyati Qorako‘l tumanida 2 o‘quvchi qiz repetitorga ketayotib, ularni mashina urib yuborgan. Oqibatda ulardan biri, afsuski, halok bo‘lgandi. Ikkinchisi esa jiddiy tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Bundan sal oldinroq esa Toshkent viloyatining yuqori Chirchiq tumanida Cobalt rusumli avtomobil yo‘ldan o‘tayotgan 11 yoshli maktab o‘quvchisini urib ketgan. Bu holatda eng ko‘p e’tiborimizni tortgan narsa – qo‘lida qizil bayroq ko‘tarib, vazifasi nima ekanini ham bilmayotgan erkak. Uning vazifasi maktab o‘quvchilarini mana shunday piyodalar o‘tish yo‘laklaridan eson-omon o‘tkazib qo‘yish. Lekin u qizaloqni mashina urganidan keyin ham nima qilishni bilmaydi.
21 sentabr kuni Buxoro viloyati Romitan tumanida hokim yordamchisi Nexia-2 avtomobilida 3-sinf o‘quvchisini urib yuborgan. 10 yoshli bola voqea joyida vafot etgan.
Bundan 1 kun oldin, 20 sentabr kuni esa Toshkent shahar Sergeli tumanida BYD avtomobili avtobusdan tushib, yurib ketayotgan 9 yoshli qizaloqni urib yuborgan. O‘quvchi qiz yuqori tezlikda harakatlangan mashina zarbidan halok bo‘lgan. BYD haydovchisiga esa jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
18 sentabr kuni Toshkent shahar Shayxontohur tumanida sodir bo‘lgan avariya oqibatida 19 yoshli qiz halok bo‘lgan. Bu ham piyodalar o‘tish yo‘lagida sodir bo‘lgan. Hali tirik bo‘lgan piyodani esa haydovchi mashinamga o‘lik ortmayman, deb shifoxonaga olib borishdan bosh tortgan. Oqibatda tez tibbiy yordam xodimlari yetib kelgunicha qiz jon bergan.
Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, bunday voqealar ketma-ket yuz bermoqda. Eng ayanchlisi avariyalar maktab o‘quvchilari, yosh bolalar bilan sodir bo‘lib, eng yomon oqibat – o‘lim bilan yakunlanmoqda. Bu shunchaki qo‘rqinchli raqamlar emas, ularning har biri siz-u bizdek odam, farzandlar, yoshlardir.
Albatta, bunday voqealarga faollar jim qarab turgani yo‘q, kim xabardor bo‘lgan bo‘lsa, buni qoralashga urindi. Yana bir narsa shuki, haydovchilar orasida borgan sari yo‘l harakati qoidalarini pisand qilmaslik, hurmat qilmaslik an’anaga aylanmoqda. Ularning ichida hokimiyat vakillari ham, san’atkorlar ham bor. Masalan, bir necha kun oldin xonanda Jahongir Otajonov mashinasida 195 tezlikda harakatlanib, buni o‘z ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalariga joyladi. Buning oqibati qanday bo‘lishini u bilmasdi deb o‘ylaysizmi? Albatta, biladi. Shunchaki, san’atkor ko‘riladigan chora juda oddiyligini ham biladi. Xonandaga jami 4,5 million so‘m jarima solingan.
Aslida yo‘llardagi o‘limni normal qabul qilib bo‘lmaydi, chunki bu faqat o‘sha haydovchi va o‘sha piyodaning emas, jamiyatning muammosi va aybi. Chunki jamiyat loqayd ekan, bu kabi voqealar ham ko‘payaveradi. Yo‘llarda yo‘qotilayotgan har bir jon mas’uliyati va javobgarligini tegishli hokimliklar, mahalliy idoralar, ichki ishlar va transport vazirliklari, Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi olishi kerak. Deputatlar, senatorlar, xalq vakillari bu muammo haqida to‘xtovsiz gapirishi, mas’ullarni ogoh qilishi shart. O‘lim holatlari uchun esa jazo qat’iylashtirilishi joizdir, balki. Chunki guvohi bo‘lyapmiz, piyodalar o‘limiga sabab bo‘luvchi avariyalarni sodir etganlar ham tezda erkinlikka chiqarilib, bemalol yashashda davom etmoqda.