Uzbek.life’ning navbatdagi suhbatdoshlari Yaponiyada 18 yildan beri yashayotgan Dadaboyevlar oilasi bo‘ldi. Qahramonimiz Akbar Dadaboyev Yaponiyadagi “Cezars kitchen”ning Osiyo-Tinch okeani mintaqaviy direktori sifatida faoliyat yuritadi. Turmush o‘rtog‘i Umida Ashurova esa Kinjo Gaukin universiteti professori hisoblanadi.
“Qo‘qonjon”da tug‘ilganman...”
Akbar Dadaboyev: Men Qo‘qonda tug‘ilib o‘sganman. Qo‘qonni erkalab Qo‘qonjon deyishni yaxshi ko‘raman. Maktabni tamomlagach, iqtisodiyot litseyida, undan so‘ng Toshkentdagi iqtisodiyot universitetida tahsil olganman.
12 yoshimda 4 ta tilda bemalol gaplasha olardim
Umida Ashurova: Men asli Andijonda tug‘ilganman. Lekin Farg‘onada ulg‘ayganman. Shu sababdan ham Farg‘ona davlat universitetining xorijiy tillar filologiyasi fakultetida tahsil olganman.
Tahsil olish uchun Yaponiya davlatini tanlashimizga ko‘plab sabablar bor. O‘zi meni yuz tuzilishim sharqiy osiyolik ayollarga o‘xshagani sababli maktabda ham, keyinchalik oliygohda ham laqabim “yaponka” bo‘lgan. Shu boisdan ham o‘sha vaqtlardan boshlab menda Yaponiya davlatiga qiziqish paydo bo‘lgan. Bundan tashqari, yoshligimdan tillarni o‘rganishga qiziqishim kuchli bo‘lgan. 12 yoshimda 4 ta tilda bemalol gaplasha olardim. Universitetda ingliz, fransuz, nemis va ispan tillarini o‘rganganman. Yuqorida sanab o‘tgan tillarni o‘rganish nisbatan osonroq bo‘lganligi sababli men o‘rganish qiyinroq va nisbatan mukammalroq bir tilni o‘rganishni xohlardim va aynan, yapon tilini tanlaganman. Yaponiyaga qiziqishim yapon tilini o‘rganishim davomida ortgan.
O‘qishni tashlab ketganimga afsuslanmayman.
Akbar Dadaboyev: Farzandli bo‘lganimdan so‘ng men ulg‘ayganimni va endi yelkamda ikki hissa mas'uliyat borligini his qilganman. O‘sha vaqtlar Umida ham, men ham magistraturada o‘qirdik. Ikkalamiz ham talaba bo‘lganimiz sabab o‘qishdan ortib ishlash masalasi qiyin edi. Shunda bir narsani tushunib yetganman: men ayolim o‘qishini davom ettirishi uchun ham ishlashim kerak. O‘z oilamni moddiy jihatdan ta'minlashim zarurligi uchun ham universitetni tashlab ketganman va Nagoya shahriga borib restorandan o‘zimga ish topganman. Ular menga soatiga 8 AQSh dollari pul to‘lashardi. O‘ylashingiz mumkin: nega oliy ma'lumotli inson oddiy ofitsiant bo‘lib ishga kirdi? Sababi men ingliz tilini yaxshi bilardim, lekin yapon tilini unchalik bilmasdim. Eng muhimi ishga kirish bo‘lgan. Lekin hech qachon universitetni tashlab ketganimga afsuslanmaganman. Bu qarorim juda to‘g‘ri bo‘lgan.
Kitob sotib olish uchun 1000 AQSh dollari
Umida Ashurova: Yaponiyada tahsil olish uchun, albatta, grant asosida kelganman. Bu grant “Development program Japan” deb ataladi va bu dastur hozir ham bor. Butun dunyo bo‘ylab ko‘plab talabalar Yaponiyani rivojlantirish uchun grant asosida ta'lim olishlariga yordam berish maqsadida ajratiladi. O‘sha yili 3000 dan ortiq o‘zbekistonlik talaba bu grantga hujjat topshirgan, lekin ularni orasidan bor-yo‘g‘i 20 talabaga Yaponiya grant ajratgan. Yaponiyaga kelgach, mamlakat bo‘ylab universitetlarga bo‘linib ketganmiz. Grantning yaxshi tomonlaridan biri talabalar yil davomida stipendiya bilan ta'minlanadi, bundan tashqari, Yaponiyaga kelish va O‘zbekistonga qaytib ketish uchun aviachipta xarajatlari ham to‘la qoplanadi. Yana bir yaxshi tomoni esa bizga kitob olish uchun Yaponiya hukumati har birimizga 1000 AQSh dollaridan pul ajratgan. Bu bizning keyinchalik dars jarayonlarida, ilmiy ish qilishda va kerakli barcha kitoblarni sotib olish uchun yetarlicha mablag‘ edi. Ta'lim berayotgan ustozlar va ilmiy rahbarlik qilayotgan barcha professorlarga ham qo‘shimcha pul to‘lanadi. Yaponiyaga borganimda 2 hafta o‘tib menga kompyuter sotib olish uchun ham alohida pul berilgan.
Ofisiantlikdan restoran direktorigacha
Akbar Dadaboyev: Oddiy ofitsiant bo‘lib ishlash davomida mijozlarda yaxshi taascurot qoldirishga urinardim. Bosh menejyerning so‘zlariga ko‘ra, negadir kelayotgan xaridorlar ularga men xizmat ko‘rsatishimni xohlayotganlarini aytishgan. Shunday qilib menga 10 ta ofitsiantni ish o‘rgatishim uchun biriktirishgan. Shunday qilib, ish faoliyatim rahbarlarga yoqqani sabab lavozimdan lavozimga ko‘tarilishni boshlaganman. Bo‘lim boshlig‘i, bosh menejyer keyinchalik bizning restoranimiz kechki soat uchgacha ochiq bo‘lishni boshlagan va shu vaqtda meni restoranga rahbarlik qilishimni aytishgan. Mendan avval ishlagan inson, odatda, kechqurun erinib kunlik hisobotni yozmas ekan. Lekin men 3 oy davomida har kuni hisobotlarni yozib chiqardim. Bilishimcha, men yozayotgan hisobotlarning har birini restoran rahbari o‘qir ekan. Bir kuni meni oldiga chaqirib, hisobotlarimni o‘qib restoranga kelmasdan ham 3 oydan beri o‘zini bu yerda bo‘lgandek his qilganini aytdi. Shu tarzda lavozimim yana ko‘tarilgan, umuman aytganda ishga kirganimdan boshlab, bir yarim yil ichida lavozimdan lavozimga 10 marta ko‘tarilganman.
Hozir “Cezars kitchen”ning Osiyo-Tinch okeani mintaqaviy direktoriman. Qo‘l ostimda 4 ta davlatdan 800 dan ortiq ishchi ishlaydi. Aslida, lavozimdan lavozimga ko‘tarilishning siri juda oddiy. O‘z ishiga mas'uliyat bilan yondashish va o‘z ishini yaxshi ko‘rib bajarish kerak. Agar siz ishingizning 50 foizini bajarsangiz ham sizning vaqtingiz o‘tadi. Agar o‘sha vaqtda 70% ni bajarsangiz ham xuddi shunday. Lekin siz ishingizga mas'uliyat bilan yondashib, bor kuchingizni sarflab 100 foizlik natija bilan ishlasangiz ham baribir shu vaqt o‘tadi. Ya'ni nima ish bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsangiz ham, ishingizni sidqi dildan qilishga harakat qiling. Doim yangiliklarga intilib, o‘z ustingizda tinimsiz ishlab rivojlanib borsangiz, albatta, atrofingizdagilardan ajralib turasiz. Ya'ni lavozimi ko‘tarilayotgan insonlar boshqalardan o‘zining harakatchanligi bilan ham farqlanadi. Har qanday ishni qilayotganda sidqi dildan qiling va oddiy ish bo‘ladimi yoki murakkabmi, 100 foizlik natijaga erishishni ko‘zlab, bor imkoningiz bilan harakat qiling. Ishingizdan ketadigan bo‘lsangiz ham, sizni sog‘inib qolishsin va o‘rningiz bilinsin. Shu darajada ishingizni yaxshi ko‘rib bajarsangiz, yuqori lavozim xohlamasangiz ham kelaveradi.
Polilog bo‘lish uchun miya mushaklariga ham tajriba kerak
Umida Ashurova: Dastlab Yaponiya va Germaniya o‘rtasidagi shartnoma asosida tashkil etilgan tematik firmada tarjimon bo‘lganman. Vazifam nemis tilidan yapon tiliga tarjima qilish edi. Ba'zan yana 3-4 ta tildan tarjima qilishga ham to‘g‘ri kelardi. Kunlarning birida yaponiyalik xaridorlardan biri chetdan kuzatib turganini va ko‘p tillarni bilishimni ko‘rib, menga ish taklif qilgan. Keyinchalik bilsam bu inson universitetda professor ekan. U meni jahon madaniyati markazida talabalarga saboq berish uchun ishga taklif qilgan.
Mendan ko‘p so‘rashadi, qanday qilib siz kabi ko‘plab tillarni o‘rganish mumkin?! Polilog bo‘lish uchun kuchli xotiraga ega bo‘lish kerakmi? Menimcha, har kim yaxshi polilog bo‘la oladi. Faqat ko‘proq mehnat qilsa va o‘z ustida tinimsiz ishlasa. O‘zi aslida bizni miyamiz ham tananing bir qismi, ya'ni mushakdan iborat. Agar mushaklarga qancha ko‘p kuch berilsa, ular ham kuchayishni boshlaydi. Demak, inson xotirasini ham kuchaytirsa bo‘ladi. Bunda ko‘proq ishlash va ko‘proq ilm olishga harakat qilish lozim. Shundagina hamma narsaga erishish mumkin bo‘ladi deb o‘ylayman. Shuning uchun ham xotiram kuchsiz deyish dangasalikdir. Menda til o‘rganishni boshlaganimdan so‘ng xotiram ham kuchayishni boshlagan.
Kelajakda O‘zbekiston uchun rejalashtirayotgan yaxshi maqsadlarimiz bor
Akbar Dadaboyev: Umida O‘zbekistondagi universitetlar bilan hamkorlikda talabalarga treninglar o‘tadi. O‘tgan yillar davomida o‘zimiz tug‘ilib o‘sgan shahardagi maktablarda kichik kutubxonalar tashkil qilganmiz. Kitoblarni esa Yaponiyadan jo‘natib turamiz. Kelgusi maqsadlarimiz faqat ilmiy yordam emas, balki O‘zbekiston bo‘ylab qo‘ldan kelgancha ta'lim muassasalarida kutubxonalar tashkil etib, Yaponiyadan ingliz va yapon tilidagi adabiyotlarni yuborish. O‘zi mening otam ham juda kitobsevar inson bo‘lgan. Bizning rejamiz ham otamning izidan borish va o‘zbekistonlik yoshlarni ilm olishlari uchun eng zamonaviy kitoblar yetkazib berishdir.
Mashhura Rahmonova suhbatlashdi.