Qashqadaryoda bolalarni hojatxonaga yashirib qo‘ygan bog‘cha mutasaddilariga rastrata uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Jamiyat 13:55 / 30.11.2021 1661

Avvalroq Kun.uz’da Qarshi shahridagi bog‘chalardan birida tekshiruvchilar kelganda bolalar hojatxonaga yashirib qo‘yilgani haqida xabar berilgandi. Viloyat Maktabgacha ta'lim boshqarmasining xabar berishicha, hozirgi kunda bog‘cha mutasaddilariga rastrata uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Joriy yil 26 oktabr kuni viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmasi ishchi guruhi Qarshi shahridagi 32-davlat maktabgacha ta'lim tashkilotida o‘rganish o‘tkazgan. Bog‘cha mutasaddilari esa ro‘yxatga olinmasdan tarbiyalanayotgan bolalarni ishchi guruh ko‘rib qolmasligi uchun hojatxonaga yashirgan.

Hodisa OAV va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach huquqni muhofaza qiluvchi organlar tergov-surishtiruv ishlari olib borgan.

Jumladan, Qarshi shahridagi 32-bog‘chada bolalarni hojatxonaga yashirish holati va boshqa kamchiliklarni o‘rganish yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qarshi shahri bo‘limi tekshiruv olib borgan.

Ma'lum qilinishicha, 32-bog‘chaning 2021 yil 1 yanvardan 1 noyabrgacha bo‘lgan davrdagi moliya-xo‘jalik faoliyati tekshirishdan o‘tkazilganda 80 million 153 ming 669 so‘mlik budjet mablag‘larini o‘zlashtirilgani va rastrata qilingani aniqlangan.

Bundan tashqari, bog‘cha mutasaddilarida sud hujjatlarini ijro etmaslik jinoyati alomatlari kuzatilgan, shu sabab bog‘cha mudirasi Z.Q. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi dastlabki tergov harakatlarini olib borish uchun Qarshi shahar prokuraturasiga yuborilgan. Jarayon bo‘yicha qo‘shimcha ma'lumotlar berib boriladi.

Ko‘proq yangiliklar: