O‘zbekistondagi testlar omikron shtammini aniqlay oladimi - sanitariya xizmati javob berdi

Jamiyat 16:16 / 30.11.2021 8837

O‘zbekistonda qo‘llanayotgan testlar aniqligi qay darajada, vaksinalar koronavirusning SARS-CoV-2: B.1.1.529. (Omikron) shtammidan himoya qila oladimi? Ko‘pchilikni shu savol o‘ylantirmoqda. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bu masalaga oydinlik kiritdi.

Xalqaro darajada e'tirof etilgan mutaxassislar tinimsiz takrorlayotgan fikrlarini yana bir bor eslatib o‘tish zarur. Eng asosiysi, jamoaviy immunitetni shakllantirish, ya'ni ommaviy emlanish ko‘rsatkichlarini oshirish orqali ham epidemiologik vaziyatni barqaror saqlab turish mumkin. 

Chunki vaksinalar SARS-CoV-2ning har qanday mutatsiyaga uchragan shtammida samara beradi. Hatto yangi shtammni yuqtirib olgan holatda ham barcha dozada emlanganlarda kasallik yengil va jiddiy asoratlarsiz o‘tadi.

Ayni paytda O‘zbekistonda aholini emlashda jami 6 turdagi-AstraZeneca, ZF-UZ-VAC2001, Sputnik V, Moderna, Pfizer/BioNTech hamda Sinovac vaksinalari qo‘llanmoqda. 

SARS-CoV-2 uchun ishlatilayotgan PZR diagnostikasi ushbu variantni aniqlashi mumkin.

Kasallik belgilari mavjud bo‘lish yoki bo‘lmasligidan qat'i nazar Omikron virusi tarqalgan hududlarga borib kelgan barcha hamyurtlarimizdan olingan namunalarni tanlab olish yo‘li orqali chuqurroq o‘rganish orqali ushbu virus kirib kelgan yoki kirib kelmaganiga baho berish mumkin. Bu kabi izlanishlarni faqat ilmiy maqsadda, epidemik jarayonni xarakatlantiruvchi kuchga baho berish maqsadida Innovatsion Rivojlantirish vazirligi laboratoriyalarida amalga oshirish mumkin. Amaliyotdagi laboratoriyalar bu kabi tekshirishlarni amalga oshirishiga katta ehtiyoj yo‘q.

Bugungi kunga qadar respublikamizda Omikron shtammi aniqlanmadi.

Albatta respublika hududida SARS-CoV-2: B.1.1.529. (Omikron) virusi aniqlangan zahoti bu haqda keng jamoatchilikni xabardor qilish va kasallikni yuqtirib olish ehtimoli bo‘lgan aholi orasida chuqurlashtirilgan epidemiologik surishturuv ishlarini amalga oshirish, birlamchi ambulatoriya-poliklinika tizimini jalb qilgan holda tibbiy ko‘riklarni tashkil etish orqali kasallik manbayini tezda jilovlash choralarini ko‘rish – tibbiyot tizimining asosiy vazifalaridan bo‘lib qoladi.

Profilaktika bo‘yicha professor Nurmat Otabekov alohida to‘xtalib o‘tgan.

“Karantin bilan bog‘liq profilaktik choralar bekor bo‘lgani yo‘q. Ammo odamlarimiz tibbiy niqob taqish, ijtimioy masofa saqlash, antiseptik vositalardan foydalanish kabi oddiy qoidalarga ham yetarlicha amal qilmay qo‘ygani achinarli holat.

Yangi shtammning yurtimizga kirib kelishi va aholi o‘rtasida tarqalishining oldini olishda shunday profilaktik chora-tadbirlar juda muhim hisoblanadi.

SARS-CoV-2ning ushbu yangi shtammi uchun alohida protokol ishlab chiqish masalasini, albatta, vaqt ko‘rsatadi. Shunga qaramay, mavjud diagnostika, davolash va profilaktika imkoniyatlaridan samarali foydalanish bu virus turiga qarshi ham natija beradi, deb hisoblayman”, – degan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari.

Ko‘proq yangiliklar: