“Tashabbusli budjet”da yuzaga kelgan asosiy muammolar aytildi

Iqtisodiyot 22:32 / 29.11.2021 13478

Birinchi marta amalga oshirilgan “Ochiq budjet” loyihasida takliflarni saralashda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Bu haqda 28 noyabr kuni Senatning Budjet masalalari qo‘mitasida “Ochiq budjet” axborot portaliga bag‘ishlangan seminarda Moliya vazirligi departament direktori Sherzod Muhammedov Kun.uzga ma'lum qildi.

“Joriy yilda ushbu jarayon ilk marta amalga oshirildi, turli kamchilik va qiyinchiliklar bo‘ldi. Fuqarolarimizdan shaxsiy manfaatlarini ko‘zlagan taklif bildirish holatlari kuzatildi. Bundan tashqari, biz o‘zimiz takliflarni moderatsiyadan o‘tkazish, ya'ni tanlab olish jarayonida to‘liq e'tibor berilmagan holatlar kuzatildi. Bunda taklifning qiymati o‘rganilmasdan belgilangan mezonlarga muvofiq bo‘lmagan, 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ talab etadigan takliflar ham ilgari surilganini ko‘rish mumkin. Bu bevosita hududlarda ishchi guruhlar bildirilgan takliflar BMHning 4 ming barobaridan oshib ketmasligi va shaxsiy manfaatlarni ko‘zlamasligini o‘rganishi kerak”, – dedi u.

Moliya vazirligi mas'uliga ko‘ra, takliflar asossiz rad etilgan holatlar ham kuzatilgan.

“Hududlarda ishchi guruhlar bir qator takliflarni asossiz rad etgan holatlar ham kuzatildi. Biz bir necha bor fuqarolarimiz murojaatlaridan so‘ng Moliya vazirligi huzurida ishchi guruh tashkil qildik va barcha rad etilgan takliflarni qayta ko‘rib chiqdik. Bu takliflarning yarmidan ko‘pini asossiz rad etilgan deb topgan holda kelgusi ovoz yig‘ish jarayoniga o‘tkazdik”, – dedi Sherzod Muhammedov.

Ma'lumot uchun, iyul-sentabr oylarida 41 mingdan ziyod turli xil takliflar ilgari surildi. Ajratilgan mablag‘ doirasida 1600 dan ziyod takliflar amalga oshirilishi kutilmoqda. Ularni moliyalashtirishga 400 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

Avvalroq, “Tashabbusli budjet” loyihasiga eng ko‘p taklif ichki yo‘llar bo‘yicha kelib tushgani ma'lum qilingandi.

Ma'lumot o‘rnida, “Ochiq budjet” portalining (openbudget.uz) tashkil etilishidan maqsad bevosita fuqarolar tashabbus va talablarini inobatga olgan holda kamchiliklarni bartaraf etish. U iyul oyida ishga tushirildi va sentabr oyigacha davom etdi.

Ko‘proq yangiliklar: