Internetda quvalik sobiq profilaktika inspektori Nozimjon Nishonovning navbatdagi videomurojaati tarqaldi. Videoda Quva tumani ichki ishlar bo‘limi rahbarlaridan biri unga kurakda turmaydigan so‘zlar bilan muomalada bo‘lgani, haqorat va tahdid qilgani eshitiladi.
Video muallifi Quva tumani Ichki ishlar bo‘limida rahbariyat xodimlar bilan qo‘pol muomalada bo‘lishi, shaxsiy tarkib oldida haqoratli so‘zlarni bemalol ishlatishini aytib, so‘zlarini tasdiqlovchi audioyozuvni qo‘yib eshittiradi.
«Nozimmidi oting? Pulim yo‘q deyapsanmi, «odoljyeniye» qilib manga. Yigirmata senga o‘xshagan Nozimni s***b yuboraman, tushundingmi, qo‘limdan keladi. Erkatoyligingni uyingdagilarga qilasan, qarindoshlaringga qilasan. Sinfdoshlaringga qilasan. Bu erkatoyligingni man ko‘tarmayman.
Chiyillab qochvoradigon qivoraman sani bu idoradan. Qochib umuman ko‘rinmaydigon bo‘lib ketasan. O‘zi sanga o‘xshagan bitta-ikkita jinni qo‘ylarni ertaga rahbar tayinlansa kirib taklifini beraman. O‘zi man to‘lib yotibman. Mana bo‘linma boshliqlari bor, yomonlashmas, «realnyy» tasdiqlab beraman. «Realnyy» manavi ishni bunaqa-bunaqa qilish kerak, boshliq, mana bu ishni bunaqa qilish kerak. Manavi ***ni **** kerak deyman. Man «lyuboy xodi»ga ishim bilan rahbar bilan yaxshi bo‘lib olaman», deydi audioda gapirgan erkak.
Sobiq inspektor Nozimjon Nishonovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, ovoz egasi Quva tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari mayor Aziz Ahmadjonovdir.
Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov Nozimjon Nishonovning yangi videomurojaatiga ilova qilingan, jumladan, Quva tumani ichki ishlar bo‘limi rahbariyatining xodimlarni haqorat qilgani aks etgan audioyozuvlardan xabardor ekanini ma'lum qildi.
«Bu audioyozuvlardan xabarimiz bor. Taqdim qilingan bizga. Hozirgi vaqtda IIV Shaxsiy xavfsizlik xizmati bu masala bo‘yicha tekshiruv o‘tkazmoqda. Tegishli xulosa qilinadi va bu holat bo‘yicha albatta jamoatchilikka axborot beriladi», dedi u.
Nozimjon Nishonov yangi videomurojaatida yana bir bor «uchastkavoy»lar zimmasidagi majburiy yuklamalar haqida to‘xtalib, mas'ullarda agar xohish bo‘lsa, bemalol bu holatning tagiga yetish mumkinligini aytgan.
«IIV bosh boshqarma boshlig‘i Baxtiyor Berdialiyev mening birinchi videomurojaatimda keltirilgan vajlar tasdig‘ini topmaganini aytibdi. Jarima maydoniga borib, profilaktika inspektorlari olib kirgan mashinalarni tekshirib ko‘rishsin, u yerda hamma mashinalarning ro‘yxati turadi. Nega bu ma'lumotni ochiqlashmayapti?!
Avval ham aytganimday, mayor Ahmadjonov «taxt»ga kelganlaridan beri 17 mingta ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Har bitta profilaktika inspektori o‘zi rasmiylashtirgan ma'muriy bayonnoma bo‘yicha jarimani o‘zi undirishi kerak. Undirilmasa o‘zining bo‘ynida qolib ketadi.
17 ming «protokol» profilaktika inspektorlarining o‘zlari yozgan ma'muriy jarimalar, bunga sud tomonidan tayinlangan ma'muriy jarimalar kirmaydi», deydi sobiq inspektor.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftalarda ijtimoiy tarmoqlarda ikki nafar profilaktika inspektorining ichki ishlar vaziriga videomurojaati tarqalgandi. Videoda har ikki xodim o‘zi ishlayotgan idoradagi korrupsion holatlar, rahbarlarning tamagirligi va qonunga zid topshiriqlari haqida ma'lum qilib, vazirdan ushbu vaziyatga e'tibor qaratishni so‘rashgandi.
Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati har ikki videomurojaat yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangani, Quva tumani va Namangan shahridagi ichki ishlar organlari rahbariyatining noqonuniy harakatlari bo‘yicha keltirilgan vajlari tekshirilib, holatga huquqiy baho berilishini bildirgandi.
Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Berdialiyev Kun.uz’ga bergan intervyusida xizmat tekshiruvlari davomida Quva tumani hamda Namangan shahridagi ichki ishlar organlari rahbarlarining tamagirligi, profilaktika inspektorlarini molxona qurilishida ishlatgani bilan bog‘liq faktlar tasdig‘ini topmaganini ta'kidlagandi.
Bundan tashqari, Baxtiyor Berdialiyev xizmat tekshiruvi davomida Quva tumani hamda Namangan shahridagi ichki ishlar bo‘limi rahbariyati tomonidan majburiy yuklama belgilangani tasdig‘ini topmaganini aytgan, shuningdek, profilaktika inspektorlariga fuqarolarga nisbatan har kuni 5tadan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirish bo‘yicha yuklama belgilab berilganini inkor etgandi.
Biroq quvalik va namanganlik profilaktika inspektorlari Nozimjon Nishonov hamda Sardorbek Otaboyev Kun.uz’ga taqdim etgan ma'lumotlarda ushbu xodimlar xizmat qilib kelgan ichki ishlar organlari rahbariyati tomonidan har bir «uchastkavoy»ga «plan» belgilab berilgani, har kuni eng kamida ikkitadan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirishga majburlangani, ushbu bayonnomalar Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning turli moddalari bo‘yicha tuzilishi kerakligi haqida muntazam ko‘rsatma berib kelingani aks etgan.
Bu haqdagi maqola Kun.uz saytida 20 noyabr kuni e'lon qilingan bo‘lsa-da, shu paytgacha na Ichki ishlar vazirligi, na holat bo‘yicha surishtiruv o‘tkazayotgan prokuratura organlari profilaktika inspektorlari tomonidan ochiqlangan faktlarga reaksiya bildirishdi.