Sardor Salimov – Navoiy viloyati Nurota tuman markazidan 15 km uzoqlikdagi Cho‘ponobod qishloq maktabida rus tili o‘qituvchisi. U Kun.uz’ga «1985» asarining tarjimasi haqida gapirib berdi.
«Qishloq maktabi meni tarjimon sifatida kashf etdi»
Bolaligidan she'r qoralab, maqola yozib yurib, ilk kitobi badiiy tarjima yo‘nalishida chop etilishi o‘zining ham xayoliga kelmagan edi. Uni tuman markazidan 15 km uzoqda joylashgan qishloq maktabi tarjimon sifatida kashf etdi.
«Tarjimonlikni boshlaganimga ko‘p bo‘lmadi. Oliygohning so‘nggi yilida Aleksandr Faynbergning o‘zimga ma'qul bo‘lgan bir-ikki she'rini o‘zbekchaga o‘girishga harakat qilgandim. Albatta, ilk mashqlarda yutuqlardan ko‘ra kamchiliklar ko‘proq edi. To Entoni Byorjyessning «1985» romani tarjimasi menga topshirilguncha, atigi ikkita she'r tarjima qilganman. Qolgani – qog‘ozda qolib ketgan mashqlar.
Sohada bilimimni oshirish, katta asarlarni o‘zbek kitobxoniga taqdim etish niyatim bor; yarim yo‘lda tashlab ketish niyatim esa yo‘q va albatta, qachonki tarjima qilishga arziydigan biror narsa yozganimda o‘zimning ijodiy ishlarimni ham tarjima qilish niyatim bor», —deydi u.
«1985» gacha yo‘l...
«Shu yilning aprel oyida navoiylik ijodkor Feruz Ne'matullayev «1985» romanini telegram tarmog‘i orqali tashlab, mana shu asarni bir o‘girib ko‘rmaysizmi, qo‘lingizdan keladigan ish, gonorari ham yaxshigina, deb qoldi. Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, «Zabarjad-media» nashriyoti rahbari Ma'mura Qutliyeva asarni tarjima qilib berishni Feruz Ne'matullayevga taklif qilgan, u esa ayrim sabablarga ko‘ra taklifni rad etib, Ma'mura opaga meni tavsiya qilgan. Nashriyot rahbari bilan telefon orqali bog‘landik.
Dastlabki betlarini tarjima qilib jo‘natdim. Ishim ma'qul kelgach, butun asarni tarjima qilish vazifasi kaminaga topshirildi», — deya tarjimonlik sohasiga qanday kirib kelganini hikoya qildi Sardor Salimov.
«1984» va «1985»: ularning qanday bog‘liqligi bor?
Asar nomi shunday va Oruellning mashhur romaniga bog‘liqlik joyi ham bor. Kitob ikki qismdan iborat. Birinchi – «1984» qismida yozuvchi Entoni Byorjyess «1984» romanini tahlil qiladi, Oruellning yutuq va kamchiliklarini sanab o‘tadi, kelajak, siyosat, jamiyat haqida o‘z qarashlarini bayon etadi.
«E'tiborli jihati — Byorjyess tahlilning noan'anaviy yo‘llaridan foydalangan. Asarning ikkinchi qismi esa «1985» deya nomlangan bo‘lib, Byorjyessning shu nomdagi romanini o‘z ichiga oladi. Kitob 1978 yilda yozilgan.
Asar voqealari esa 1984 yilning oxiridan — Rojdestvo bayrami kunlaridan boshlanadi. Bu yerda marketing masalasida qattiq bosh qotirilmagan, deb o‘ylayman. Sababi romanda global miqyosdagi mavzular qamrab olinadi. Bu esa, har qanday kitobsevarni befarq qoldirmasligi shubhasiz. Qolaversa, asar nomining o‘zi tayyor reklama. Lekin roman «1985» deb nomlanmagan taqdirda ham, o‘z o‘quvchisini topa olishiga ishonaman», — deydi u.
«Meni ta'sirlantirgan parcha»
«Men shoirman. Shoirlar hissiyot kishilaridir. Ba'zan aqlning o‘rniga yurakka quloq solib yuboradilar. Shu boisdan bo‘lsa kerak, bosh qahramon Bev Jonsning rafiqasi vafot etgan epizod va ruhiy kasallar shifoxonasida uning o‘z joniga qasd qilish jarayonidagi holati meni to‘lqinlantirdi.
Lekin asarda bir inson hayotidan ko‘ra muhimroq masala — tanazzulga uchrayotgan jamiyat taqdiri qalamga olingan. Alohida epizodlardan ko‘ra, kitobxon aynan shu jihatga e'tibor qaratishi afzalroq, degan o‘ydaman», — deydi tarjimon.
«Asarni iloji boricha asliyatda o‘qigan afzal»
«Har qanday adabiy asarni iloji boricha asliyatda o‘qigan afzal. Mabodo bunga imkoniyatingiz bo‘lmasa, tarjimaga murojaat qilasiz. «1985» ni o‘zbekchalashtirish jarayonida ingliz tilini bilmaganim uchun o‘zimdan juda ranjidim. Agar asliyatdan tarjima qilganimda yana ham yaxshiroq bo‘lardi, degan o‘ylar ham kechdi.
Axir kitobxon uni uchinchi tilda o‘qiydi va bu holatda asar mazmuni aslidan anchagina uzoqlashishi turgan gap. Shunday bo‘lsa ham, iloji boricha asar ruhiyatini, yozuvchining uslubini saqlab qolishga harakat qildim. 100 foiz deyolmayman-u (buning iloji ham yo‘q), 80 foiz maqsadimga erishdim, deb hisoblayman Aytishim lozimki, tarjima jarayoni juda qiyin kechdi va katta maktab vazifasini o‘tadi», — dedi Sardor Salimov.
«Tarjimaga tanqidlar bo‘lmagan»
«Tarjimaga tanqidlar hozircha yo‘q. Boisi kitob yaqindagina chiqdi. Hozircha keng miqyosda tarqalgani ham yo‘q. Masalan, hali bizning viloyatimizga yetib kelmadi. Mutolaaga kirishganlar hali kitobni o‘qib tugatmagan bo‘lishsa ham kerak. Atrofdagilardan hozircha faqat ijobiy fikrlar eshityapman. Mabodo, o‘rinli tanqid bo‘lsa, albatta, uni qabul qilaman», — deydi o‘qituvchi-tarjimon.
Iqror…
«Kitobning tayyor variantini o‘qib chiqish jarayonida ko‘p marotaba ichimdan «Eh, mana bu joyda mana bu so‘zni qo‘llasam bo‘lar ekan, mana bu sarlavhani sal o‘zgartirsa bo‘larkan, bu dialog ozgina maromiga yetmapti...», kabi o‘ylar kechdi va bu hammada bo‘ladigan normal jarayon. Qolgan asarlarda bu kamchiliklarni takrorlamaslikka harakat qilaman».
«Kitobxon e'tibor berishi kerak bo‘lgan qism»
«O‘zbek kitobxoni 1-qismga e'tibor berishi kerak, deb javob beraman. Sababi, birinchi qismda tilga olingan mulohazalar anchagina o‘yga toldiradi odamni. Original fikrlar o‘rtaga tashlangan.
Asarning kirishida yozuvchining kelajak haqidagi bashoratlaridan kishi ozgina qo‘rquvga tushsa-da, noodatiy fikrlar baribir o‘quvchini o‘ziga ohanrabodek tortadi».
Kitob tarjimasidagi qiyinchiliklar
Kitob tarjimasida qiyinchiliklar yetarli bo‘ldi. Asosiy murakkablik, romandagi inglizcha ruhni saqlab qolishga harakat qilish jarayonida bo‘ldi, deydi Sardor Salimov.
«Chunki, kitobni rus tilidan tarjima qilayotgandim. Ruschaga o‘girilish jarayonida ham tabiiyki kitob inglizcha «qiyofa»ning katta qismidan ayrilgan. Shu boisdan ingliz mentaliteti, so‘zlashuv manerasini o‘zbek kitobxoniga iloji boricha buzmasdan yetkazish vazifasi turardi oldimda. Bu vazifani uddalay oldimmi-yo‘qmi, bahoni kitobxon beradi», — deydi tarjima muallifi.
Umida Sattorova suhbatlashdi.