Qashqadaryo viloyatida o‘zi ishlayotgan MChJning 319,7 million so‘m pulini o‘zlashtirgan shaxslarga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Muborak tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “M-S.” MChJ rahbari o‘rinbosari B.I. va boshqalar oldindan til biriktirib MChJ pullarini o‘zlashtirgani aniqlangan.
Ular 2021 yilning mart-oktabr oylarida MChJning 319,7 million so‘m pul mablag‘ini bank plastik kartasiga o‘tkazib, o‘z manfaatlari yo‘lida sarflab talon-toroj qilgan.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.