Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanida fuqaroning uyidan 10,8 kg marixuana, 16,5 kg kannabis topilgan. Viloyat IIB axborot xizmatining xabar berishicha, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ma'lum qilinishicha, joriy yil 27 noyabr kuni G‘uzor tumani IIBga tushgan xabarga asosan TIIB JQB va viloyat IIB tezkor xodimlari tomonidan tumanning “Afg‘onbog‘” MFYda tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbirda E.Fning uyi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda uy yerto‘lasida yashil rangli poyalar, xona shiftida o‘tkir hidli o‘simlik osilgan holda, shuningdek, oyoq ostida yoyib qo‘yilgan va sellofan paketlarga solingan o‘tkir hidli quritilgan o‘simliklar borligi aniqlangan.
Bundan tashqari, E.F.ning uyidagi boshqa bir xonaning pol qismiga 12 bo‘lak, shuningdek bir nechta sintetik qopga solingan o‘tkir hidli quritilgan o‘simlik va ikki dona elektron tarozi borligi aniqlangan. Topilgan o‘simliklar va tarozilar tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.
Viloyat IIB EKBning xulosasida, E.F.ning uyi yerto‘lasidan topilgan o‘tkir hidli o‘simliklar tarikibida faol tetragidrokannabinol giyohvand moddasi mavjudligi ma'lum qilingan. Ular tortib ko‘rilganda sof og‘irligi 10 kilogramm 867 gramm ekanligi aniqlangan.
E.F.ning xonadonidagi foydalanilmay turgan xonaning pol qismidan olingan quruq holatdagi, o‘tkir hidli, mayda bargli moddalar tarkibida tetragidrokannabinol giyohvand moddalari mavjud bo‘lgan kannabis o‘simligi barglari ekanligi ma'lum bo‘lgan. Mazkur modda tortib ko‘rilganda uning sof og‘irligi 16 kilogramm 582 gramm ekanligi aniqlangan.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan G‘uzor tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan E.F.ga nisbatan Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.