Levandovski, Messi, Jorjino va Benzema. Tribuna.uz mualliflari «Oltin to‘p»ga kimni loyiq deb bilishadi?

Sport 21:51 / 29.11.2021 10320

2021 kalendar yilida eng yaxshi futbolchi kim bo‘ldi, degan savol hanuzgacha muhokamalar markazida bo‘lib turibdi. Tan olish kerakki, so‘nggi yillar davomida «Oltin to‘p» uchun bu qadar ko‘p munosib nomzodlarning kurash olib borishi kuzatilmayotgan edi. Har kim o‘z favoritiga ega va o‘z nomzodini qolgan da'vogarlardan ustun ekanligiga dalillar topib bera oladi. Xo‘sh, Tribuna.uz mualliflari yaqin soatlar ichida o‘z egasiga topshiriluvchi «Oltin to‘p»ga kimni eng munosib, deb bilishadi? Ularning fikrlarini e'tiboringizga havola etamiz.

Aziz Qarshiyev

«Tarixan «Oltin to‘p» xalqaro maydonlarda yorqinroq o‘yin ko‘rsatgan va natijaga erishgan futbolchilarga berib kelingan. Ushbu an'anaga amal qilinsa, bu safar mukofotni so‘zsiz «Chelsi» bilan YeChL g‘olibi, «moviya gvardiya» bilan Yevropa chempioni bo‘lgan Jorjino o‘ziniki qilishi kerak edi.

Ammo u «Oltin to‘p»ga haqli emas. Hozirda muxlislar «aristokratlar» yarimhimoyachisining biror fenomenal o‘yinini ajratib ko‘rsata olmaydi, u gollarini asosan penaltidan uradi, ammo Qatar-2022 saralashida Shveytsariyaga qarshi hal qiluvchi o‘yinda hal qiluvchi penaltini ura olmagani oxir-oqibat Italiyaga qimmatga tushishi mumkin. Kecha esa u «MYu»ga qarshi o‘yindagi harakati bilan yakuniy uchlik yoki beshlikka ham loyiq emasligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Mukofot uchun yakuniy 30talik ro‘yxatda Muhammad Saloh, Kevin de Bryuyne va N'Golo Kanteni ham ajratib ko‘rsatish mumkin. Ular o‘z jamoalarida asosiy futbolchilar, ular istalgan daqiqada individual harakatlari bilan natija keltirishi mumkin, lekin yilning bosh sovrini uchun ularning imkoniyatlari biroz pastroq - kuchliroq mavsum o‘tkazgan boshqalar bor.

Asosiy favoritlar - yil boshidan buyon Robert Levandovski va Lionel Messi bo‘lib kelmoqda.

Polshalik forvard o‘tgan yili o‘z to‘pini olishi kerak edi - u ko‘p yillardan buyon barqaror gol urib keladi, Germaniyada doim chempion, o‘tgan mavsum Chempionlar ligasi g‘olibligiga erishdi, faqat pandemiya tufayli mukofot topshirilmadi.

Ammo bu yil u haqli emas. Germaniyada chempion bo‘lishni «Bavariya» Levandovskisiz ham eplaydi, qolaversa, u Polsha bilan Yevropa chempionatida guruhdan chiqa olmadi, jahon chempionatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma ololmadi.

Muxlislar hamon Lionel Messi bu sovrinni yana bir bor o‘ziniki qilishini istashmoqda. U «Barselona»dagi oxirgi mavsumini a'lo darajada o‘tkazdi, hissiyotlarga boy bo‘lgan Amerika Kubogida nihoyat terma jamoasi bilan sovrin yutdi.

Ammo keyin Fransiya chempionatiga yo‘l olishga qaror qildi va ayni damda yangi jamoasiga moslashish jarayonini davom ettirmoqda.

Foto: Getty Images

Favoritim - Karim Benzema. U gollar qalashtirishda polshalik raqobatchisidan ortda qolishi mumkin, lekin uning futbolga qo‘shgan hissasi ko‘proq. Uning yoshligi Krishtianuga yordam berish bilan o‘tdi, lekin u hamisha to‘p bilan muomala qilishdagi nozik harakatlari, qora ishdan qochmasligi va jamoa uchun foydali bo‘lishi bilan muxlislar mehrini qozonib kelgan. U Fransiya termasi kuchaygan davrda maishiy mojaro tufayli tarkibga chaqirilmadi va sovrinlardan quruq qoldi. Lekin endi o‘zi munosib bo‘lgan sovrinni olish vaqti keldi.

Mukofotni jamoadoshlarning uzatmalarini gollarga aylantirganlik uchun emas, yil davomida yaxshi futbol namoyish etganlik uchun berish kerak. Shu ma'noda, Levandovskiga gollari uchun «Oltin butsa» berish yetarli bo‘ladi.

Agar Benzemaga «Oltin to‘p» berilmasa, bu xuddi 2010 yilda Andres Inestaga yoki 2013 yilda Frank Riberiga berilmagani kabi bahsli mukofot sifatida yodda qoladi»

Bobur Akmalov

«Menimcha, «Oltin to‘p»ga loyiq futbolchi bu — Jorjino. Yutuqlar, sovrinlarni chamalab ko‘rsak, italiyalik yarimhimoyachiga yetadigani yo‘q. Insonlarning xotirasi qisqa. Shuning uchun, oxirgi oylardagi fenomenal o‘yinlari sabab Benzema va Saloh deguvchilar ham topilyapti. Levandovski butun yil davomida zo‘r o‘ynadi. Messi esa yil avvalida, bahor-yozda ajoyib harakat qildi. Jorjinoda ham deyarli shunday holat. Lekin u juda katta sovrinlarni yutdi va bu borada hammadan oldinda.

Foto: Getty Images

Shu jihatdan, men jamoalari bilan chempionlik unvonlariga erishgan, Tuxel qurayotgan jamoaning asosi bo‘lib xizmat qilayotgan futbolchini asosiy nomzod deb bilaman. Levandovski va Messidan uni ustun qo‘ygan bo‘lardim. Axir biz yilning eng yaxshi futbolchisi haqida gaplashyapmiz. Tarixdagi eng yaxshi futbolchi, yilning eng yaxshi futbolchisi, oy futbolchisi yoki eng mashhur futbolchisini aniqlamayapmiz».

O‘tkir Jalolxonov

«Agar «Oltin to‘p» dunyoning hozirgi vaqtda o‘ynayotgan eng zo‘r futbolchisiga berilganda, shubhasiz, uni har yil Messi olishi kerak. Chunki Messidan zo‘r futbolchi yo‘qligini boshqa futbolchilarning o‘zi ham inkor qilmasa kerak. Ammo bu sovrin bir kalendar yilida eng yaxshi o‘yin ko‘rsatgan futbolchiga beriladi. 2021 yilda esa 2020 yilda bo‘lgani kabi Robert Levandovski hammadan yaxshi bo‘ldi. «Oltin to‘p»ni aynan Levandovski olishi kerak.

Foto: Getty Images

Mukofotni olish uchun faqat ikki nomzod bor deb o‘ylayman: Messi va Levandovski. Jorjinoga «Oltin to‘p» berish kerak deydiganlarni tushunmayman. Agar gap sovrinda bo‘lsa, yana biroz kutishsa, Jorjino klublar o‘rtasidagi jahon chempionatini yutib, u yerda penaltidan gol urishga ham ulgursa kerak.

«Oltin to‘p» kuchli uchligiga Levandovski, Messi va Muhammad Saloh kirishi adolatli bo‘ladi. Shuningdek, Ronaldu va Brunu Fernandesh ham juda zo‘r yilni o‘tkazdi».

Usmon Ibodov

«Oltin to‘p» Robert Levandovskiga topshirilmasa, futbolda so‘nggi ikki yildagi eng katta adolatsizlik shu bo‘lsa kerak. 2020 yilda Chempionlar ligasida «Bavariya» bilan tengsiz bo‘lib, o‘zi ishtirok etgan barcha turnirlarda g‘olib bo‘lish bilan birga eng yaxshi to‘purarga ham aylangan Robert pandemiya sababli «Oltin to‘p»siz qolgandi. 2021 yilda ham aynan u gollar soni bo‘yicha Yevropada yaqqol yetakchi – 64ta gol.

Foto: Getty Images

Ko‘pchilik Amerika kubogidagi g‘olibligi uchungina navbatdagi «Oltin to‘p»ga ega chiqishi lozim deya ko‘rsatayotgan Messi Robertdan naq 23ta kam gol urgan. «Oltin to‘p» yil davomidagi eng yaxshi samaradorlik uchun topshirilsa – Levandovski eng munosibi. Yo‘q, yil davomidagi muhim sovrinlar uchun topshiramiz deyishsa, marhamat – YeChL va Yevro bosh sovrinini ko‘targan Jorjinoga bering.

Da'vogar beshlik tuzilsa reytingim quyidagicha ko‘rinish olgan bo‘lardi: Levandovski, Jorjino, Messi, Benzema, Ronaldu.

A'zamjon Izzatillayev

«Oltin to‘p»ga Robert Levandovski loyiq. Messi, Benzema, Saloh va boshqalarda tushish-ko‘tarilishlar bo‘ldi. Lekin polshalik forvard bir tekis o‘yin ko‘rsatib, yil davomida to‘xtovsiz gol urdi. Faqat bir bor jiddiy jarohat oldi va aynan o‘sha paytda «Bavariya» YeChLdan chiqib ketdi.

Foto: Getty Images

2-o‘rinda Messi. Leo yozda Amerika Kubogidagi g‘alabadan so‘ng yaqqol favoritga aylangandi. Ammo 2021/22 yili mavsum startida unda pasayish kuzatildi, Yevropaning daraja jihatidan 6-ligasida 14-turga kelibgina gol urdi.

Bir oy avval ham uchlikka Jorjinoni kiritayotgan edim. U Italiya bilan Yevroda, «Chelsi» safida YeChLda g‘olib bo‘ldi. Lekin uning foydalanilmagan penaltilari tufayli «moviy gvardiya» yana jahon chempionatisiz qolishi mumkin. Shu sababli 3-pog‘onaga so‘nggi oylarda «monstr»ga aylangan Karim Benzemani qo‘yaman.

Abdulvosid Valixonov

Bu galgi «Oltin to‘p»da nafaqat loyiqlik, balki adolat faktorlari ham rol o‘ynasa kerak. Katta ehtimol bilan uni Robert Levandovski oladi va bu qaysidir ma'noda to‘g‘ri ham. 2020 yilgi fenomenal yil uchun sovrin olmagan hujumchiga adolatni tiklash uchun ham «Oltin to‘p»ni berish maqsadga muvofiq. Lekin aslida unga Messi loyiq.

Foto: Getty Images

Fikrimni qisqacha izohlashga harakat qilaman. Barcha Levandovskini urgan gollariga qarab eng yaxshi futbolchi, deb ko‘rsatmoqda. Lekin gollari uchun unga «Oltin butsa» berishdi-ku. U va Messining pozitsiyalari ham har xilligini unutmaslik kerak. Leo markaziy hujumchi bo‘lmay turib ham, 40dan ziyod gol urishga erishdi. Levandovskidan farqli ravishda unga darvoza oldigacha to‘pni olib kelib berishmaydi. Bundan tashqari, yoningda Flik shakllantirib qo‘ygan jamoaning kuchga to‘lgan futbolchilari bo‘lsa, har qancha gol ursang ham arziydi. Lekin Kuman qo‘l ostiga yig‘ilgan yosh bolalar bilan gol urish biroz qiyinroqdek edi va Messi shunda ham o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi.

Bundesliga darajasi APL, La Liga va A Seriyaniki bilan teng emasligini ham unutmaslik kerak. Germaniya kubogida 2-liga vakili «Xolshtayn» «Bavariya»ni turnirdan chiqarib yubordi. Messi esa «Barsa»ga mana shu qiyin yilda ham titul yutib berdi (Qirol kubogi).

Amerika Kubogini ham u shunchaki Argentina bilan birga borib yutib kelmadi. Musobaqa davomida 8ta o‘yinda maydonga tushib, 4ta gol va 5ta assistni amalga oshirdi. 

Jorjino na «Chelsi»ning, na Italiyaning almashtirib bo‘lmas o‘yinchisi bo‘ldi. APLda o‘tgan mavsumda 28ta o‘yin o‘tkazdi va jamoasi bilan 4-o‘rinni egalladi. Istalgan o‘yinda uning o‘rnini Kovachich egallashi mumkin. Benzema esa Pichichi sovrinida ham Messiga imkoniyatni boy berdi va Millatlar Ligasidan boshqa hech bir musobaqada zafar quchmadi.

Ko‘proq yangiliklar: