1 dekabrdan qonunchilikda qanday o‘zgarishlar kuchga kiradi?

O‘zbekiston 13:40 / 25.11.2021 107102

Qonunchilik palatasi, Jo‘qorg‘i Kenges, mahalliy kengashlar va ayrim sud majlislari jonli efirda uzatiladi

Prezident farmoniga binoan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining Ochiqlik indeksi aniqlanadi hamda natijalari ommaga yetkaziladi.

Bundan tashqari, 2021 yil 1 dekabrdan boshlab quyidagi tadbirlar telekanallar va Internet tarmog‘i orqali jonli efirga uzatiladi:

  • Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati majlislari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi sessiyalari (yopiq majlislar bundan mustasno);
  • taraflarning roziligi bilan fuqarolar huquq va erkinliklari hamda jamoat tartibiga tajovuz qiluvchi, aholi sog‘lig‘ini saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiatdan foydalanish sohasidagi, shu jumladan davlat xizmatchilarining kasbiy faoliyati bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga oid ishlar, shuningdek, ayrim oilaviy nizolarga oid fuqarolik ishlari bo‘yicha sud majlislari (yopiq sud majlislari bundan mustasno).

Davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholovchi reyting joriy etiladi

Prezident qaroriga asosan har yil yakuni bo‘yicha barcha davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan mahalliy davlat hokimiyati organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini baholovchi reytingni e'lon qilish amaliyoti joriy etiladi.

Shuningdek, qurilish sohasida shaffoflik va qonuniylikni ta'minlash, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish maqsadida xarid komissiyasining ma'lumotlar haqqoniyligini tekshirish va ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatish vakolatlari bekor qilinadi.

Chet elda yashovchi O‘zbekiston fuqarolari va xorijiy shaxslarga elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoni yaratiladi

Prezident farmoniga ko‘ra:

  • chet elda doimiy yashovchi O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, xorijiy jismoniy va yuridik shaxslar hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga elektron raqamli imzo kaliti sertifikatlarini O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan berish orqali elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoni yaratiladi;
  • O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashamaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini soddalashtirilgan tartibda tuman (shahar) migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalarida hamda davlat xizmatlari markazlarida amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, litsenziya, ruxsatnoma, sertifikat va boshqa ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning dublikatini berish uchun qonunchilik hujjatlaridagi milliy valutadagi to‘lovlar BHMning 10 foizigacha miqdorda belgilanadi.

Ko‘chma savdo obektlari elektron tarzda ro‘yxatdan o‘tkaziladi

Prezident qaroriga binoan ko‘chma savdo faoliyati tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan ko‘chma savdo obektlarini elektron tarzda «K — SAVDO» avtomatlashtirilgan axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Bunda, tadbirkorlik sub'yektlaridan ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘im undirilmaydi.

Yetkazib berilgan mahsulot uchun to‘lovlarni uchinchi shaxslar hisobidan qabul qilishga qo‘yilgan taqiq bekor qilinadi

Prezident farmoniga asosan, 2021 yil 1 dekabrdan:

  • yetkazib berilgan mahsulot (bajarilgan ishlar, ko‘rsatilgan xizmatlar) uchun to‘lovlarni uchinchi shaxslar hisobidan qabul qilish bo‘yicha tijorat banklariga qo‘yilgan taqiq;
  • davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning mahsulotlarni yetkazib berish (ishlarni bajarish, xizmatlarni ko‘rsatish) to‘g‘risida tuziladigan shartnomalarida majburiy ravishda oldindan to‘lovni belgilashga doir talab;
  • qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchilari va tayyorlov tashkilotlari o‘rtasida tuziladigan shartnomalarda majburiy ravishda avansni belgilashga doir talab bekor qilinadi.

Veterinariya va fitosanitariya organlari tomonidan tovar-transport hujjatlariga muhr bosish va ularni ro‘yxatga olish amaliyoti bekor qilinadi

Prezident farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali avtomobil o‘tkazish punktlarida:

  • veterinariya va fitosanitariya organlarining tovarlarga tegishli hujjatlarni tekshirish va rasmiylashtirish vazifalari «Yagona darcha» bojxona axborot tizimi yoki unga integratsiyalashgan axborot tizimlari orqali amalga oshiriladi;
  • veterinariya va fitosanitariya organlari tomonidan tovar-transport hujjatlariga muhr bosish va ularni ro‘yxatga olish amaliyoti bekor qilinadi;
  • to‘lanadigan barcha yig‘imlarni transport vositalari chegara punktiga kirgunga qadar yagona hisobvaraq asosida oldindan to‘lash amaliyoti joriy etiladi.
Ko‘proq yangiliklar: