Energetika vazirligi shtabi tomonidan joriy yilning 17 noyabr kuni Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida joylashgan SHIRINA PETROL MChJ va Toshkent tumanida joylashgan CLEAN GAS SERVICE MChJga qarashli avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida tabiiy gazdan foydalanish qoidalariga rioya etilishi yuzasidan tekshirish o‘tkazildi.
O‘rganish davomida faqat ikki tadbirkor 1 mln 635 ming kub metr yoki bugungi kunda 100 ming xonadonning bir kunlik iste'moliga yetarli miqdordagi tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlangan.
Xususan, SHIRINA PETROL MChJ tomonidan elektron gaz hisoblash uskunasiga tashqi ta'sir ko‘rsatish imkoni bo‘lgani va o‘tkazilgan eksperiment davomida konfiguratsiya sozlamasi texnologik yo‘riqnomalar talabiga mos emasligi sababli qayta hisob-kitob qilinishi natijasida 1 mlrd 274 mln 700 ming so‘m zarar yetkazilgani qayd etilgan.
Shuningdek, CLEAN GAS SERVICE MChJ tomonidan shartnoma hujjatlaridan tashqari 1 dona kompressor uskuna ortiqcha o‘rnatilgani sababli qayta hisob-kitob natijasida 360,5 mln so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, o‘tkazilgan tekshirish hujjatlari qonun doirasida chora ko‘rilishi uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan.
Avvalroq 22 kun ichida 400 mingdan ortiq xonadon iste'moliga teng gaz, shuningdek o‘tgan 9 oyda 78 000 000 000 (78 mlrd) so‘mlik tabiiy gaz o‘g‘irlangani ma'lum qilingandi.