Shavkat Mirziyoyev: Odamlar tibbiyotda adolatni sezishi kerak

O‘zbekiston 20:04 / 23.11.2021 12969

Davlat rahbari Shayxontohur tumanidagi Markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikani ham borib ko‘rdi.

Bu shifo maskani 1994 yilda qurilgan, 2017 yilda rekonstruksiya qilingan. Bu yerda terapiya, nevrologiya, kardiologiya, revmatologiya, allergologiya, pediatriya, jarrohlik kabi bo‘limlar, tashxis uskunalari mavjud.

Ushbu markaziy poliklinika va uning tarkibidagi 9ta oilaviy poliklinika tumanning 51ta mahallasida yashovchi 346 ming nafar aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.

Prezident ushbu poliklinikalar negizida tibbiyot klasteri tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

«Bu yerda tibbiyot sohasiga kerakli hamma jihozlar, dori-darmonlar, tibbiyot xodimlari bilan ta'minlaymiz. Lekin aholining qancha foizi bugun davlat tibbiyotidan foydalanadi? Juda borsa 35 foizi borishi mumkin. Odamlar davlat shifoxonasiga bormayapti. 

Tumanning o‘ziga 7-8ta tibbiy brigada ajratilgan. Har bir brigadada o‘zining alohida oilaviy shifokori bor. Shular har 100ta xonadonning eng muhtoj bo‘lgan 35tasiga davlat tomonidan beriladigan imkoniyatni yaratib, yetkazib bera olyaptimi?

Zamon talabi shunday: xususiy tibbiyot rivojlanib boraveradi. Aholining bir qismi xususiy klinikalarga boradi. Lekin davlat barcha aholini sifatli tibbiyot bilan qamrab olishi kerak. Shuning uchun bu yerni klasterga aylantirib, davolashni manzilli yo‘lga qo‘yish, samaradorligi va qamrovini oshirish zarur. Odamlar tibbiyotda adolatni sezishi kerak», dedi prezident.

Mirziyoyev aholining kam ta'minlangan qismini sifatli tibbiy xizmat bilan ta'minlash zarurligini ta'kidladi.

Shuningdek, davlat rahbari Shayxontohur tumanida bolalar shifoxonasi qurish uchun 30 mln dollar ajratilishi haqida topshiriq berdi.

Ko‘proq yangiliklar: