«Toshshahartransxizmat» jamoat transportida tegajog‘lik holatlarining oldini olish maqsadida yangi loyihani amalga oshirmoqda.
Toshkent shahrida faoliyat olib boruvchi jamoat transportlarida tegajog‘likka duch kelganda xabar beruvchi tugmalar o‘rnatildi. Bundan tashqari 25 noyabr –Xalqaro ayollarga nisbatan tegajog‘likni bartaraf qilish kuniga bag‘ishlab, tegajog‘likka yo‘l qo‘ymaslik yozuvi aks etgan yangi namunadagi chiptalar chiqariladi. Bu haqda bloger Aziza Umarova o‘z sahifasida ma'lum qildi.
Umarovaning yozishicha, ushbu loyiha so‘nggi vaqtlarda jamoat transportida tegajog‘lik holatlari ko‘paygani munosabati bilan amalga oshirilmoqda. Joriy yilning avgust oyida aholining turli yoshdagi qatlamlari o‘rtasida jamoat transportida tegajog‘lik holatlari yuzasidan maxsus so‘rovnoma o‘tkazilgan. So‘rovnomada 100 ga yaqin insonlar ishtirok etgan (77,5 foizi ayollar, 22,5 foiz erkaklar).
So‘rovnoma yakunlariga ko‘ra, ishtirokchilarning 12,5 foizi doimiy ravishda, 40 foizi esa bir yoki ikki marta jamoat transportlarida shu kabi holatlardan jabrlangan. Shuningdek, ishtirokchilarning 60 foizi tanishlari shunday holatlarning qurboniga aylanganini ma'lum qilgan. So‘rovnoma ishtirokchilarining 87 foizi bu muammoni juda dolzarb deb hisoblagan. 93 foiz ishtirokchi tegajog‘likning oldini olish uchun ishlatiladigan chora-tadbirlar haqida tushunchaga ega emasligini aytgan.