Uzbek.life jamoasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan “Globus” loyihasi doirasida Kanada hukumati rasmiy saytidan ushbu mamlakatga immigratsiya qilishda foydalanish tartibi o‘z ifodasini topgan.
Dunyoning eng yirik mamlakatlaridan biri bo‘lgan Kanadaga borish, u yerda hayot kechirish ko‘pchilikning orzusi ekanligi sir emas. Kanada o‘z iqtisodiy va ijtimoiy farovonligini ta'minlash maqsadida har yili 400,000 dan ortiq yangi immigrantlarni qabul qilishni maqsad qilib turgan bir paytda bu orzuning amalga oshishi birmuncha oson tuyulishi mumkin.
Ammo, qo‘shni davlat – Amerikadan farqli ravishda Kanada immigrantlarni lotoreya orqali (“Green card”) tanlab olmaydi. Aksincha, mamlakatga keluvchi har bir immigrantni salohiyatiga ko‘ra turli kategoriyalarda baholab, shundan so‘nggina yashash imkoniyatini taqdim etadi.
Bevosita baholash jarayoniga to‘xtaladigan bo‘lsak, tizim “Comprehensive Ranking System” (“Keng qamrovli baholash tizimi”) deb nomlanadi. Baholash Kanadaga immigratsiya qilishni istagan fuqarolar uchun turli dasturlarda va bir nechta toifalarda amal qiladi. Masalan, “Federal darajadagi malakali ishchilar dasturi” (“Federal Skilled Worker Program”)ga mos kelish uchun siz maksimal 100 balldan eng kamida 67 ball to‘plashingiz kerak. Mazkur 100 ballni to‘plash uchun zarur xususiyatlar va ular uchun ajratilgan ballar bilan quyidagi jadvalda tanishing:
Kanadaga ko‘chib borishning bir qancha yo‘llari mavjud. Ishchi viza yordamida, talaba vizasi orqali, doimiy yashash uchun borish dasturlari shular jumlasidandir. Ushbu vizalar haqida rasmiy, ishonchli ma'lumotlarni, shuningdek, ariza topshirish jarayonlari bilan bog‘liq foydali xizmatlarni Kanada hukumatining rasmiy veb-sayti bo‘lgan Canada.ca portalidan topishingiz mumkin.
O‘rni kelganda, ushbu saytga kirib, undan Kanadaga immigratsiya qilishda qanday foydalanish mumkinligi to‘g‘risida ma'lumot berib o‘tamiz. Ma'lumki, Kanada hukumatida ikkita rasmiy til mavjud: ingliz va fransuz. Sayt imkoniyatlaridan foydalanish uchun o‘zingizga qulay bo‘lgan tilni tanlaysiz.
Shunday qilib, siz Kanada hukumatining rasmiy veb-saytiga tashrif buyurdingiz. Sayt o‘ziga xos dizaynga ega bo‘lib, unda Kanadaning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hayotiga doir ma'lumotlar va xizmatlarni o‘z ichiga olgan bir qancha bo‘limlar mavjud. Mazkur bo‘limlar orasida siz-u biz uchun eng qiziqarli va foydalisi, albatta, Immigration and citizenship (Immigratsiya va fuqarolik) bo‘limidir.
Ushbu bo‘limda siz Kanadaga sayohat qilish, unda o‘qish, ishlash, immigratsiya uchun ariza topshirishingiz, o‘z arizalaringiz holatini bilib olishingiz, shuningdek, Kanada fuqaroligi, domiy yashash kartasini olish va qochoqlarni himoya qilish bo‘yicha ma'lumotlarga ega bo‘lishingiz mumkin.
Ushbu bo‘limning o‘zida ham bir qator foydali xizmatlar va axborotlar mavjud ekanligini ko‘rishingiz mumkin. Jumladan, saytda o‘z hisobingizni yaratish, oldingi arizalaringiz holatini tekshirish uchun “My application” (“Arizalarim”) bo‘limi faoliyat yuritadi. Unda, shuningdek, to‘ldirish uchun ariza shaklini topish, tibbiy va politsiya tekshiruvlari haqida ma'lumotga ega bo‘lishingiz mumkin.
Navbatdagi “Visit” bo‘limi orqali siz mamlakatga tashrif buyurish uchun kerakli hujjatlar, jumladan, viza masalalari, biznes va tranzit maqsadida Kanadada bo‘lish, bundan tashqari o‘z vizangiz muddatini uzaytirish haqida bilib olishingiz mumkin.
“Immigrate” (“Immigratsiya”) bo‘limida Kanadaning bir necha o‘nlab immigratsion dasturlari ro‘yxati keltirilgan. Shu bilan birga, bo‘limda ushbu dasturlar haqida batafsil ma'lumotlar hamda ularga arizalar topshirish imkoniyati ham mavjud. Keyingi videolarimizda ushbu dasturlarning barchasiga birma-bir to‘xtalib o‘tamiz.
Keyingi “Work” (“Mehnat qilish”) bo‘limida Kanadaga ishlash uchun borish, mehnat ruxsatnomasi olish hamda uni uzaytirish, xalqaro talaba sifatida ishlash bilan bog‘liq talablar va jarayonlarni o‘rganishingiz mumkin.
Kanadada o‘qish haqida yorituvchi “Study” (“Ta'lim”) bo‘limida siz xalqaro talaba sifatida mamlakatdagi ta'lim muassasalari, turli grantlar to‘g‘risida o‘rganishingiz va arizalar topshirishingiz mumkin. O‘quv ruxsatnomasini olish, uning muddatini uzaytirish, talaba sifatida ishlash tartibi bilan ham ushbu bo‘limda tanishishingiz mumkin.
Keyingi o‘rinda Kanada fuqaroligini olishning uchta bosqichi: fuqarolik uchun ariza topshirish, fuqarolik testi va intervyusidan o‘tish hamda fuqarolik qasamyodi haqida ma'lumot beruvchi “Citizenship” (“Fuqarolik”) bo‘limi keladi.
Qolaversa, yangi kelgan immigrantlar uchun doimiy yashash kartasini olish, umuman, Kanadada yangi hayot boshlash uchun zarur bo‘lgan yo‘l-yo‘riqlardan iborat “New immigrans” (“Yangi ko‘chib kelganlar”) bo‘limi mavjud.
Keyingi bo‘limlardan “Canadians” (“Kanadaliklar uchun”) ko‘proq Kanada fuqarolari uchun mo‘ljallangan bo‘lsa (pasport olish, xorijiy oila yoki qochoqlarga homiylik qilish, dunyo bo‘ylab sayohat qilish va ishlash, xorijdan farzand asrab olish kabi masalalar), “Refugees and asylum” (“Qochoqlar va ularga boshpana berish”) bo‘limi xizmatlaridan Kanadaga qochoq sifatida kelishni mo‘ljallayotgan fuqarolar foydalanishi mumkin. Eng so‘nggi bo‘lib kelayotgan “Enforcement and violations” (“Ta'qiqlar va huquqbuzarliklar”) bo‘limida siz immigratsion qonunbuzarliklar, mamlakatga kirishga ruxsat bor-yo‘qligini tekshirishingiz mumkin.
Guvohi bo‘lganingizdek, Canada.ca – sizning Kanadaga immigratsiya qilish yo‘lidagi eng sodda va shu bilan birga rasmiy hamrohingiz, ishonchli ma'lumotlar manbayidir. Etibor qarating, ushbu portal faqatgina axborot berib qolmasdan, balki unda yuqorida ta'riflab o‘tilgan immigratsion xizmatlarni bevosita amalga oshirish mumkin.
Sayt xizmatlaridan foydalanish uchun dastlab unda o‘z hisobingizni yaratishingiz zarur. Buning uchun Immigration and citizenship (Immigratsiya va fuqarolik) bo‘limidagi “My application” (“Arizalarim”) sahifasiga tashrif buyuraciz. Undagi “Sign in or create an account” (“O‘z hisobingizga kiring yoki yangi hisob yarating”) qismiga o‘tasiz. Mazkur hisob sizga ariza to‘ldirish jarayonini boshlash, uni topshirish va to‘lovlarni to‘lash, arizangiz holati bilan bog‘liq xabarlarni olish hamda oldingi arizangiz holatini tekshirish imkonini beradi.
Ko‘rib turganingizdek, hisob yaratishning ikki xil usuli mavjud: GCKey yordamida yoki Sign-In Partner (hamkor bankda hisob qaydnomasi bo‘lgan holda undagi ma'lumotnoma) orqali Kanada hukumatining rasmiy saytida ro‘yxatdan o‘tishingiz mumkin. Birinchi usulda oddiygina foydalanuvchi nomi va parol kiritish orqali o‘z akkauntingizni yaratasiz. Buning uchun “Don’t have an account?” bo‘limidagi “Register” tugmasini bosasiz va foydalanuvchi nomi va parol yaratish bo‘yicha yo‘riqnomani ko‘rasiz. Yo‘riqnoma bilan tanishgach, “Register with GCRey” tugmasini bosib keyingi oynaga o‘tasiz. Ekranning o‘ng tarafidagi “Sign Up” tugmasi yordamida akkaunt yaratish jarayoni boshlanadi. Foydalanish shartlari bilan tanishib, “I accept” (“Roziman”) nuqtasini tanlaysiz. “Create Your Username” qismida saytda o‘zingiz foydalanadigan nomni aniqlaysiz. Ushbu nom 8-16 belgidan iborat bo‘lishi, %, #, @ kabi maxsus belgilar bo‘lmasligi hamda 7 ta raqamdan oshmasligi zarur. Shundan so‘ng “Continue” tugmasini bosasiz va mazkur nom uchun parol yaratasiz. Parolingiz sakkiz va o‘n oltita belgidan iborat bo‘lishi, kamida bitta katta harf, bitta kichik harf va bitta raqamdan iborat bo‘lishi hamda foydalanuvchi nomidagi ketma-ket uch yoki undan ortiq belgilar bo‘lmasligi kerak. Keyingi o‘rinda parolingizni unutib qo‘ygan holatlarda qayta tiklash uchun garov bo‘ladigan savollar keltiriladi. Ushbu savollarga javoblarni kiritgach, keyingi qismga o‘tasiz. U yerda yana bir bor shartlar bilan tanishib, “I accept” (“Roziman”) tugmachasini tanlaysiz va akkaunt yaratishning oxirgi bosqichiga yetib kelasiz. Ekraningizdagi “Create an account” qismida:
- Ismingiz;
- Familiyangiz;
- Elektron pochta manzilingizni kiritasiz;
- O‘zingizga afzal tilni tanlaysiz va jarayon yakunlanadi.
“Continue” tugmasini bosish orqali siz Canada.ca saytida o‘z hisobingizni yaratishni yakunlaysiz.
Ushbu Username (foydalanuvchi nomi) va Password (parol)ni unutmang! Aynan shu orqali siz portalga kirasiz hamda tegishli xizmatlardan foydalanasiz.
Kanada sari ilk qadam tashlashdagi sodda harakatlardan biri bilan tanishib chiqdik. To‘g‘ri, “zarang barg” o‘lkasi tomon yo‘l birmuncha murakkab, ammo har qanday mashaqqatli yo‘l ham birinchi qadamdan boshlanadi.
Davlatbek Asadov tayyorladi