Amerikalik kinorejissyor va ssenariynavis, mualliflik kinosining eng muhim klassiklaridan biri, «Oskar» mukofoti laureati Devid Linch 79 yoshida vafot etdi. Uning o‘limi haqida 16 yanvar, payshanba kuni rejissyorning yaqinlari Facebookʼda ma’lum qildi. «Biz, uning oilasi, inson va rassom Devid Linchning vafot etganini katta qayg‘u bilan e’lon qilamiz... Endi u biz bilan emas, dunyoda katta bo‘shliq paydo bo‘ldi», — deyiladi postda.
2024 yil avgust oyida Linch jurnalistlarga surunkali kasallik — o‘pka emfizemasi tashxisi qo‘yilganini aytdi.
Linch o‘z faoliyatini animatsion filmlar rassomi sifatida boshlagan. 1976 yilda uning to‘liq metrajli debyuti chiqdi — syurrealistik film tezda ommalashdi. Linchning 1980 yilda suratga olingan «Fil odam» filmi sakkizta «Oskar» nominatsiyasiga sazovor bo‘lgan. Rejissyorning eng mashhur ishlari qatoriga «Moviy baxmal», «Hech qayerga olib bormaydigan shosse», «Yurakda yovvoyilar» va «Malxolland Drayv» filmlari hamda «Tvin Piks» seriali kiradi.
Devid Linch — Kann kinofestivalining «Oltin palma yaprog‘i» (2001) va Venetsiya kinofestivalining faxriy «Oltin sher» (2006) laureati. U uch marta «Eng yaxshi rejissyor» nominatsiyasida «Oskar»ga da’vogarlik qilgan. 2019 yilda Linch kinodagi buyuk yutuqlari uchun «Oskar» bilan taqdirlandi.