Buxoroda 2 ishchini qum bosib qoldi. Holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Jamiyat 15:54 / 17.11.2021 25683

16 noyabr kuni Kogon shahrida kanalizatsiya quvurini o‘tkazish uchun qazilgan chuqurda qum o‘pirilishi oqibatida 2 nafar ishchi vafot etgdi.

«2021 yil 16 noyabr kuni soat 14:50da Kogon shahar «Do‘stlik» MFY Do‘stlik ko‘chasida «61-avtokorxona» MChJ tomonidan yer 5–6 metr chuqurlikda, eni 3 metr oralig‘ida kovlangan holda 1000 millimetrli suv quvurlari yotqizilayotgan vaqtda chuqurning chap tomoni o‘pirilib, ikki nafar ishchini tuproq va qum bosib qolgan», deyiladi Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabarida.

Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruvchilari tomonidan voqea joyida olib borilgan tezkor qidiruv ishlari natijasida ikki kishining jasadi tuproq ostidan olib chiqilgan.

Viloyat IIB rasmiy ma'lumotiga ko‘ra, ular 21 va 22 yoshli yigitlar bo‘lgan. 

Ma'lum qilinishicha, kanalizatsiya quvuri uchun kovlangan chuqurligi 4 metr bo‘lgan o‘raning atrofidagi qum uyumi o‘pirilib tushgan. Oqibatda quvur ichida ishlayotgan «61-sonli avtokorxona» MChJ ishchilari, 2000 yilda tug‘ilgan A.N. hamda 1999 yilda tug‘ilgan S.S. qum uyumi ostida qolib ketib, voqea joyida vafot etgan. 

Halok bo‘lganlarning jasadlari sud-tibbiy ekspertiza ko‘rigidan o‘tkazilgan.

Holat yuzasidan Buxoro viloyat IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: