O‘zbekiston | 11:13 / 16.11.2021
627
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda ko‘knor va marixuana giyohvandlik moddalarini olib ketayotgan shaxs ushlandi

Foto: IIB axborot xizmati

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida ko‘knor va marixuana giyohvandlik moddalarini olib ketayotgan shaxs ushlangan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 8 noyabr kuni viloyat IIB Xavfsiz turizmni ta'minlash boshqarmasi va Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda Shahrisabz shahar, «Teparlik» MFY hududida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbir davomida mahalla bo‘ylab ketayotgan fuqaroning xatti-harakatlari tadbir ishtirokchilarida shubha uyg‘otgan. Shundan so‘ng, tegishli tartibda uning yonida bo‘lgan narsa va buyumlar ko‘zdan kechirilganida, qo‘lidagi ko‘k rangli yelim paket ichida o‘ttiz ikki dona gugurt qutida va olti dona qog‘oz parchalariga o‘ralgan ko‘knori o‘simligi aniqlanib, xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olingan.

Surishtiruvlar davomida ushbu shaxs Shahrisabz tumani «Hisor» MFYda yashovchi A.U. ekanligi, gugurt qutilarida esa jami 91,7 gramm marixuana giyohvandlik vositasi borligi aniqlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Shahrisabz shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid