Rossiya chegarachilari o‘zbekistonliklardan eski fuqarolik pasportlarini talab qilmoqda. Rossiyaga kirib borayotgan o‘zbek fuqarolarida yashil tusli pasporti bo‘lmasa, qo‘shimcha tekshiruvga jalb qilinmoqda. Shuningdek, ID-kartalari bor o‘zbekistonliklar ham to‘xtatilgan. Rossiya chegarachilari bu hukumat buyrug‘i ekanini aytgan. Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi «Potrebitel.uz» sahifasida qoldirilgan postda shu haqda so‘z boradi.
«Yaqin orada Moskvaga borishni rejalashtirayotgan barchani ogohlantirishni istardim. Onam Sheremetevo aeroportiga uchib keldi. Moskvadagi pasport nazoratida xorijga chiqish pasportidan tashqari ikkinchi, ichki pasportni ham talab qilishgan. Kimda yashil pasporti bo‘lmasa, qo‘shimcha tekshiruvga yuborilgan. Alaloqibat, onam 3,5 soat o‘tkazgan. Unga javob berishganida, tekshiruv punktida yana ko‘pchilik qolgan», – deb yozgan foydalanuvchilardan biri.
Ma'lum bo‘lishicha, ID-kartasi bor o‘zbekistonliklar ham ushlab qolingan. ID-kartalar yashil pasportga almashtirilgan hujjat, degan izohlarga e'tibor bermagan. Chegarachilar bu hukumat buyrug‘i asosida amalga oshirilayotganini aytishgan.
Foydalanuvchi O‘zbekistondan boruvchilarda har ikkala pasporti ham bo‘lishi kerakligini aytmoqda.
«Navbatda tranzit reysda uchadiganlar ko‘p bo‘lgan, ular parvozga kechikkan. Kuzatuvchi bilan kelgan og‘ir xasta bemor ham bo‘lgan. Chegarachilar bir qizning aviachiptasi o‘tirish talonini olib, yo‘qotib qo‘yishgan. Shu bois, u talonsiz chiqarilmagan. O‘zingiz bilan ikki pasportni ham oling va o‘zingizni ehtiyot qiling», deyiladi xabarda.
Kun.uz muxbiri ushbu xabar yuzasidan O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi axborot xizmati bilan bog‘landi.
Elchixona vakili Sheremetevo aeroportidagi holat haqiqatan ham bo‘lganini tasdiqlar ekan, Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga voqea yuzasidan izoh so‘rab nota yuborilganini bildirdi.
U, shuningdek, holat yuzasidan quyidagilarni qo‘shimcha qildi:
«O‘zbekistonda xorijiy mamlakatlarga chiqish uchun yangi pasport amalga kiritilgach, o‘zbekistonliklar faol ravishda xalq tilidagi «qizil» pasportni ola boshladi. Ular orasida Rossiyaga kelib, deport bo‘lganlar ham bor edi. Ular yangi pasport bilan Rossiyaga kirib kela boshlagan. Deport bo‘lganlarning ayrimlari, hatto familiyasini xotinining familiyasiga ham o‘zgartirib, so‘ngra «qizil» pasport olib, Rossiyaga borishga harakat qilishgan.
Shu bilan ular o‘zlarining eski ism-shariflari kiritilgan deportatsiya ro‘yxatidan chiqib ketishni rejalashtiradi», dedi elchixona xodimi.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 1 yanvardan e'tiboran O‘zbekiston fuqarolari chet elga faqat xorijga chiqish uchun beriladigan yangi namunadagi biometrik pasport bilan chiqa oladi. Xalqaro me'yorlarga javob beradigan ushbu pasport 10 yil muddatga beriladi.