Dubaydagi ko‘rgazmada O‘zbekistonning keng ko‘lamli madaniy dasturi taqdim etilmoqda

Jamiyat 14:08 / 15.11.2021 4956

BAAning Dubay shahrida bo‘lib o‘tayotgan “EKSPO-2020” butunjahon ko‘rgazmasida O‘zbekiston Respublikasining milliy paviloni faoliyat ko‘rsatmoqda. Unda respublikaning so‘nggi yillardagi ilm-fan va iqtisodiy yutuqlari, madaniy merosi va turizm salohiyati, shuningdek, mamlakatni rivojlantirish rejasi, investitsiyaviy imkoniyatlari xalqaro jamoatchilikka namoyish etilmoqda.

O‘zbekiston Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi mazkur ko‘rgazmadagi O‘zbekiston paviloni madaniy dasturining rasmiy hamkori hisoblanadi.  

Jamg‘arma 6 oy davom etadigan ko‘rgazmada O‘zbekiston milliy paviloni bilan hamkorlikda O‘zbekistonning madaniy va sayyohlik salohiyatini xalqaro maydonda targ‘ib etishga qaratilgan qator tadbirlarni taqdim etadi.

Jumladan, 27 noyabr kuni Dubai Opera ijro san'ati markazida “Lazgi – qalb va muhabbat raqsi” baletining xalqaro premerasi bo‘lib o‘tadi.

Unda Xorazm raqsi o‘zbek xalqining o‘ziga xos an'analarini o‘z ichiga olgan mutlaqo yangicha talqinda namoyish etiladi. O‘zbekistonning eng mashhur raqsi tarixi va madaniy merosi ilk bor Dubai Opera ijro san'ati markazida xalqaro auditoriya e'tiboriga havola qilinadi.

Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri balet truppasi ijrosida xoreograf Raymond Rebek sahnalashtirgan spektakl premerasi 5 sentabr kuni YuNESKO shafeligida Toshkentda bo‘lib o‘tgan va tomoshabinlar hayratiga hamda professional san'at hamjamiyatining yuksak bahosiga sazovor bo‘lgan.

2019 yil 12 dekabrida YuNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha hukumatlararo qo‘mitasi “Lazgi”ni Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritgan.

Eslatib o‘tamiz, Butunjahon «EKSPO-2020» ko‘rgazmasi 2022 yilning 31 martigacha o‘tkaziladi.

Ko‘proq yangiliklar: