Samarqand viloyati Jomboy tumanida joylashgan gilam ishlab chiqarish korxonasida yong‘in yuz bergan. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, bugun 2021 yil 14 noyabr kuni soat 14:53 larda viloyat FVBga Jomboy tumani A.Qurbonov» MFY Sanoat hududida joylashgan «Ruxshona Omad Tekstil» MChJga qarashli gilam ishlab chiqarish sexida yong‘in sodir bo‘layotgani haqida xabar berilgan.
Xabarga ko‘ra, 4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga soat 15:03 da yetib borgan. Soat 15:40 da yong‘in qurshab olingan va soat 16:06 da bartaraf etilgan.
Yong‘in oqibatida korxonaning taxminan 250-300 metr kvadrat maydonda tomi, shifti, kalavalar hamda dastgohlar yonib zararlangan. Hech kim jabrlanmagan.
Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.