Qonun loyihasida davlat hisobidan ajratiladigan advokatlar tergovchi yoki boshqa protsess ishtirokchisi tomonidan emas, balki elektron tizim orqali avtomatik tanlanishi nazarda tutilmoqda. Bu esa advokatlarning tergovchilar oldidagi tili qisiqligiga barham berishi aniq. Shu bilan hammasi baxtli yakun topadimi?
“Cho‘ntak advokati” kim?
Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 20 iyundagi 137-sonli qaroriga asosan quyidagi hollarda advokatlar tomonidan yuridik yordam ko‘rsatilgani uchun haq davlat hisobidan to‘lanadi:
- oilasida har bir oila a'zosiga to‘g‘ri keladigan yalpi oylik daromad mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 52,70 foizi (433 ming so‘m)dan ortiq bo‘lmagan shaxslar;
- gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi himoyachidan voz kechishi bilan bog‘liq protsessual harakatda advokat ishtirok etishi hollarida, shuningdek, JPK 52-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq jinoyat ishida himoyachining qatnashishi majburiy deb hisoblangan hollarda.
Ya'ni, kam ta'minlangan, shuningdek voyaga yetmagan yoki o‘zini himoya qila olmaydigan darajadagi jismoniy nuqsonlarga ega shaxslar advokat xizmatidan voz kechgan taqdirda, ular advokat xizmati bilan davlat hisobidan ta'minlanadi.
Amaliyotda mana shunday holatlarda tergovchi o‘zi istagan va “gapga kiradigan” advokatni keltirishga harakat qiladi. Chunki, bunday advokatni faqat ko‘rsatilgan qog‘ozga qo‘l qo‘yib berish orqali ma'lum miqdorda davlatdan haq olish qiziqtiradi va u uchun himoyasi ostidagi shaxsni himoya qilish zarracha ahamiyatga ega bo‘lmaydi. Bordi-yu, advokat aktiv himoya qilishga kirishadigan bo‘lsa, bu tergovchining ishini qiyinlashtiradi va keyingi safar tergovchi tomonidan chaqirilmaslik ehtimoli paydo bo‘ladi.
Aynan mana shunday toifa advokatlar “cho‘ntak advokat” deb ataladi va advokatura tizimining obro‘siga dog‘ hisoblanadi.
“Cho‘ntak advokat”lari qancha haq oladi?
“Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchiga advokatlar tomonidan yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha xarajatlarni davlat hisobiga o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra, advokatlar tomonidan yuridik yordam ko‘rsatilgani uchun to‘lov har bir kun uchun BHMning 50 foizi (135 ming so‘m) miqdorida amalga oshiriladi.
Amaliyotda “cho‘ntak” advokatligi bilan bog‘liq o‘ta g‘ayritabiiy va sharmandali holat ham kuzatilgan. Xususan, 2019 yili Zangiota tumanida bir advokat bir kunda 162 odamga “xizmat ko‘rsatgani” aniqlangan. Tabiiyki, 1 kunda shuncha ishga ulgurishning amalda imkoni yo‘q. Bunday holatlar vijdonsizlik bilan pul qilish va soxtakashlikdan boshqa narsa emas.
Muammo ildiziga bolta uriladimi?
Mazkur og‘riqli muammo davlat hisobidan advokat jalb etishda inson omili mavjud bo‘lib kelgani bilan izohlanadi. Shu tufayli, bu jarayonda inson omilini bartaraf etish muammoning yechimi bo‘lib xizmat qilishi ko‘p bor aytilgan.
Yaqinda Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, muhokamaga qo‘yilgan “Bepul yuridik yordam to‘g‘risida”gi qonun loyihasida davlat hisobidan advokat jalb etishda advokatni elektron tizim orqali avtomatik tarzda tanlaydigan mexanizm yo‘lga qo‘yilishi nazarda tutilgan.
Taklif etilayotgan yangicha tartibga ko‘ra, davlat hisobidan moliyalashtiriladigan bepul yuridik yordam faqat Ikkilamchi bepul yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlar reyestriga kiritilgan advokatlar tomonidan ko‘rsatilishi belgilanmoqda. Ya'ni istalgan advokat ixtiyoriy ravishda Adliya vazirligi huzuridagi Bepul yuridik yordam markazi bilan shartnoma tuzadi va Reyestrga kiritiladi.
Ushbu tartib haqida Adliya vazirligi xodimi Yoqutxon Yusupova Kun.uz’ga qisqacha tushuntirish berdi.
“Aytaylik, reyestrga Toshkent shahri bo‘yicha mingta advokat kirgan. Jinoyat ishi Chilonzor tumanida tergov qilinayotgan bo‘lsa, biz ishlab chiqayotgan elektron tizim reyestrdagi mingta advokatdan tergov olib borilayotgan hududga eng yaqin joyda faoliyat yuritadigan ma'lum miqdordagi advokatlarga taklif jo‘natadi. Taklifni eng birinchi bo‘lib qabul qilgan advokat ishda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi”, – deydi adliya xodimi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, 2020 yilda advokatlar tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha tayinlov asosida 31 mingdan ortiq yuridik yordam ko‘rsatilgan bo‘lib, buning uchun davlat hisobidan 18,2 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan.
Xo‘p, davlat hisobidan advokat jalb etishda inson omiliga chek qo‘yilar ekan. Biroq shu bilan barcha muammolar ham o‘z yechimini topadimi? Avtomatik tarzda tanlangan advokatlar ham vaqtdan yutish va tezroq mo‘may daromadga ega bo‘lish maqsadida ko‘rsatilgan hujjatga qo‘l qo‘yib berishday vijdonsizlikka yo‘l qo‘ymasligini ishonch bilan ayta olamizmi?
Bu borada qonun qabul qilinib, tizim to‘liq ishga tushganidan ma'lum vaqt o‘tibgina aniq xulosaga kelish mumkin.
Bepul yuridik yordam boshqa sohalarda ham ko‘rsatiladi
Qonun loyihasida bepul yuridik yordam ikki turga bo‘linmoqda:
- birlamchi bepul yuridik yordam – yuridik klinikalar va bepul yuridik yordam ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan NNTlar tomonidan huquqiy masalalar yuzasidan og‘zaki, yozma va elektron shaklda maslahat, tushuntirish va axborot berish orqali ko‘rsatiladigan bepul yuridik yordam.
- ikkilamchi bepul yuridik yordam – jismoniy shaxslarga fuqarolik, ma'muriy, ma'muriy huquqbuzarlik va jinoyat ishlari bo‘yicha advokat ishtirokini davlat hisobidan ta'minlashga qaratilgan, faqat maxsus reyestrga kiritilgan advokatlar tomonidan ko‘rsatiladigan bepul yuridik yordam.
Ya'ni qonun loyihasida davlat hisobidan moliyalashtiriladigan yuridik yordam ikkilamchi bepul yuridik yordam deb atalmoqda.
Amaldagi tartibga ko‘ra, davlat hisobidan bepul yuridik yordam faqat jinoyat ishlari bo‘yicha ko‘rsatiladi. Taklif etilayotgan tartibga ko‘ra, bunday yordamni fuqarolik, ma'muriy va ma'muriy huquqbuzarlik bo‘yicha ishlarda ham ko‘rsatish ko‘zda tutilmoqda.
Davlat hisobidan bepul yuridik yordam kimlarga ko‘rsatiladi?
Loyihada belgilanishicha, ikkilamchi bepul yuridik yordam kam ta'minlangan va ruhiy holati buzilgan quyidagi shaxslarga ko‘rsatiladi:
- fuqarolik ishlari bo‘yicha da'vogar va javobgarga;
- ma'muriy ishlar bo‘yicha arizachiga;
- ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha huquqbuzar shaxsga;
- jinoyat ishlari bo‘yicha gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki mahkumga.
Shuningdek, ikkilamchi bepul yuridik yordam Jinoyat protsessual kodeksiga muvofiq jinoyat ishida himoyachining ishtirok etishi shart bo‘lgan hollarda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchiga ham ko‘rsatilishi nazarda tutilmoqda.
Ma'lumot uchun, 2021 yilgi davlat dasturida shu yilning 1 noyabriga qadar davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatlarni elektron tanlash tizimini joriy etish belgilangandi. Belgilangan muddat tugadi. Vaqt esa o‘tib bormoqda.
Abbos Salaydinov