Talaba dasturxoni: sariyog‘ va go‘shtga pul yetmagan, buxanka va «rolton»dan o‘zga narsa yo‘q(mi?)

Jamiyat 11:08 / 13.11.2021 12957

Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, nega talaba deganda har kuni buxanka non va rolton yeb yashovchilar ko‘pchilikning ko‘z oldida gavdalanadi? Umuman bugun talaba dasturxonida nimalar bor? O‘zimiz ham talaba bo‘lganimiz uchun shu mavzuda biroz bosh qotiray dedik, fikrlar sizga ham tanish bo‘lsa, ajab emas.

Rolton, buxanka va talaba

O‘zbek blogosferasi va internet segmentida talabalar haqida gap ketishi bilanoq, rolton va buxanka non ham tilga olinishi ko‘p kuzatiladigan holat. Shu fikr qanchalar to‘g‘ri ekanini bilish maqsadida, ayni shu hayotning og‘ir-yengillarini boshdan o‘tkazayotgan talabalarning fikri bilan qiziqdik va bevosita ijtimoiy tarmoqlarda ikki yuzga yaqin talabalar orasida so‘rovnoma o‘tkazdik.

So‘rovnomada hozirgi kundagi talaba dasturxoni va yashash darajasi qanday degan savol o‘rtaga tashlandi.

Shundan 40 ga yaqin talaba a'lo darajada, 100 ga yaqin talaba yaxshi va 50 dan ziyod talaba yomon holatda degan fikrlarni aytib o‘tishdi.

«Talabalar och qolmayapti, tejashni o‘rganyapti» — Ziyoda Rahimboyeva. O‘zJOKU. 2-bosqich talabasi

«To‘g‘ri Toshkentdek shaharda o‘qitish har bir oila uchun og‘irlik qiladi. Ammo talabalar hozirgi kunda och yoki kiyimsiz qolishmayapti, aksincha ota-onalari yuborgan pulni tejashni o‘rganishyapti, albatta iqtisodni o‘rganmoq katta hayotda ancha qo‘l keladi».

«Talaba yomon hayot kechiryapti deyishdan yiroqman», — Laziz Mirzaboyev. Jahon tillari universiteti. 3-bosqich talabasi

«Hammada qiyinchilik bo‘lgani kabi, talabalarda ham qiyinchiliklar talaygina. Ammo hozirda, ham o‘qish, ham ishlash uchun sharoitlar mavjud. Talaba yaxshi yoki yomon hayot kechiryapti deyishdan yiroqman. Qachonki talaba qiynalsa yoki shoshayotgan paytida rolton iste'mol qilsa, talaba, rolton, buxanka uchligi, menimcha talabalik hayoti siz o‘ylaganchalik yengil, ham emas degan ma'noda vujudga kelgan fikr bo‘lsa kerak».

«Talaba qiynalib qolgandagina rolton yeydi, doim emas», — Husan Aktamov. O‘zJOKU. 2-bosqich talabasi

«Xo‘sh, talaba dasturxoni. Ushbu so‘zni eshitganda tabiiyki, ko‘z oldimizda doimo rolton, ya'ni yarimtayyor mahsulot gavdalanadi. Lekin aslida unday emas, talaba doimo o‘zini o‘ylaydi, iloji boricha qornini to‘q saqlaydi. Bu tabiiy hol albatta har safar tug‘ilgan kun, bayram dasturxonlari va odatiy paytlarda talaba dasturxonida non, sariyog‘, go‘shtli taomlar (doim bo‘lmasa ham) va shunga o‘xshash yeguliklar bo‘ladi. Aksincha talaba qiynalib qolgan vaqtdagina rolton yeyishga majbur bo‘ladi».

«Men ko‘rgan talabalarning aksari koloriyasiz ovqat yeydi», — Ozoda Yuldasheva O‘zJOKU. 2-bosqich talabasi

«O‘zbek talabalari, hamma qanaqa bilmadim-u, ko‘rayotgan va kuzatayotganlarim ichida ko‘pchilik qismi xamirli va tez tayyor bo‘ladigan kaloriyalarsiz ovqatlar iste'mol qiladi. Meva-sabzavotlar esa uyidan pul kelganda yoki pochta kelgandagina olinadi. Masalan, xonamizdagi 5 kishini kelganimdan beri 2 marotaba meva yeganini ko‘rdim. Qon ko‘paytiruvchi hech narsa iste'mol qilmaymiz. Quvvat bo‘ladigan ham. Yong‘oq-mayiz, go‘sht esa umuman. Uydan olib kelinadigan murabbo bilan qanoatlanamiz. Masalan uydan qancha olib kelish mumkin? O‘zimning misolimda olsam, 500 ming berib yuborishdi. Boshqa pul olganim yo‘q. Ijara juda qimmat. Masalan, 600 ming so‘mdan turdim, yaqin joy bo‘lgani uchun. Uzoqda 450 ming so‘m, yo‘l haqi bilan 500 mingdan oshadi. Stipendiyamdan ijaraga to‘lasam, uydan pul olmasam qanday qilib go‘sht sotib olishim mumkin?! Kilosi 10–15 ming so‘mdan bo‘lgan uzum, anor, xurmolarni-chi?»

Talabalar yaxshi ovqatlanish uchun uyidagilarni ko‘p bezovta qilib turishi kerak

Ayrim talabalar esa ayni bir fikr: tonggi dasturxonimizda, kofe, non, sariyog‘, murabbo, issiq shirin choyimiz bor deb javob qaytarishdi. Ammo buning uchun uydagilarni ko‘p bezovta qilib turishini yashirishmadi. Ya'ni, bunday nonushta uchun 4 ta talaba bir yerda yashab, 30 ming so‘mdan 70 so‘mgacha pul yig‘ishi lozimligini aytishdi.

Katta va o‘rta avlod nima deydi? 

«Azaldan bir fikr mavjud, o‘zini hurmat qilgan talaba, har qanday vaziyatda ham faqat o‘qishni o‘ylaydi, o‘zi belgilab olgan maqsadidan adashmay, intiladi. Ayni katta va o‘rta avlod vakillarida qiyinchilik bo‘lgandir, ammo talaba desa rolton hech qachon ko‘z oldimizda gavdalanmagan. O‘zimning talabalik yillarimni ham eslasam, uyda qanday taomlar iste'mol qilsak, talaba bo‘lib ham shu vaziyat o‘zgarmagan.

Talaba va rolton birgalikda tilga olina boshlanishi 2000-yillardan keyin paydo bo‘la boshlagan bo‘lsa kerak. Bu fikr talabalik oltin davr deyilishi o‘laroq, yengil davr ham emas degan fikrni yoritib berish uchun qilingan o‘xshatmalardir xolos», — deydi Alisher Mira'zamov.

«Roltonni faqat talabalarga nisbatlash noto‘g‘ri»

Fotojurnalist Husniddin Ato esa 2000-2007-yillarda bakalavr va magistratura talabasi bo‘lgan, u talabalik davridagi dasturxonni eslaydi.

«Rolton va talaba degan tushunchani men eshitmaganman, ammo buxanka noni to‘yimli va arzon bo‘lgani uchun xarid qilinadi. Biz o‘qigan yillarda rolton emas, gumma, perashka va shunga o‘xshash yeguliklar talaba taomi hisoblanardi. Rolton unchalar ommalashmagan. Ammo roltonni faqat talabalarga nisbatlash noto‘g‘ri. Sababi bu taom asosan shoshilayotganda, yarimtayyor mahsulot bo‘lgani uchun, tez tayyorlab iste'mol qilinadi. Shu sababli bo‘lsa kerak talabaning vaqti oz hamda juda ham ko‘p ishlarga ulgurishi kerakligi uchun bu mahsulot talabalarga nisbatan qo‘llansa kerak. Ammo hozirga qadar talaba va rolton o‘rtasidagi o‘xshatishlarga duch kelmaganman», — deydi u.

Otabek Abdumalikov

Ko‘proq yangiliklar: