“Ko‘nikolmay karavotdan tushib ketgan” - talabalar yotoqxonasidagi sarguzashtlar

Jamiyat 12:04 / 17.11.2024 19618

Yo‘qolgan yangi qozon, chiqindiga tashlab yuborilgani yashirilgan idish-tovoqlar, har kunlik janjallar bu — talabalar yotoqxonasidagi odatiy sarguzashtlar. Kun.uz Toshkentdagi talabalar yotoqxonasidan birida bo‘lib, bugungi davr talabalari qanday yashayotgani bilan qiziqdi.

Karavotga ko‘nikolmagan 1-kurs talabasi

“Men bilan birga bitta xonada turgan 1-kurs talabasi karavotga ko‘nika olmagan. Kunlarning birida u karavotning ikkinchi qavatidan tushib ketgan. Tunda tez yordam chaqirib, shifoxonaga borishga majbur bo‘lganmiz”, — deya yotoqxonada esdan chiqmaydigan voqealarni hikoya qiladi 4-bosqich talabasi Ne’matjon Arabboyev. Yo‘qolgan yangi qozon

“Talabalarning hamma qiziqarli voqealari yotoqxona oshxonasida bo‘ladi. Kimningdir ovqati yo‘qoladi, yana kimningdir noni yo‘qoladi. Bizda ham shunaqasi birinchi oydayoq bo‘lgan. Yangi qozon olganmiz, tush vaqtida ovqat qilganmiz. Ko‘proq qilganimiz uchun kechga ham ovqat qolgandi. Kech tushdi, ammo ne ko‘z bilan ko‘raylikki, qozon yo‘q. Qancha izlasak ham ovqatniyam, qozonniyam shu kuni topa olmaganmiz. Ammo ikki kundan so‘ng qozon oshxonada paydo bo‘lib qolgan, unda shunday yozuv bor edi: “Ovqat uchun rozi bo‘linglar, katta rahmat” degan”, — deydi 2-bosqich talabasi Dilshod Shavqiddinov.

Kuygan dazmol

“Ertalabdan kiyimimni dazmol qilishga tushgandim. Uning tagiga qaramaganman. Mendan oldin dazmoldan foydalangan odam uning tagini kuydirib qo‘ygan ekan. Oppoq koftamga dazmolni bosishim bilan uni qop-qora qilib qo‘yganman. O‘sha kuni o‘tirib, rosa yig‘laganman”, — deya talabalikni shunday voqea bilan boshlagan 1-bosqich talabasi Surayyoxon Po‘latxonova.

Ochilgan sir

“Yotoqxonamizda tozalikka oid qoida bor: ovqatlanilgandan so‘ng idish-tovoqlarni yuvib, joyiga solib qo‘yish kerak. Men navbatchilik vaqtimda bilmasdan shu idish-tovoqlarni chiqindiga tashlab yuborganman. Bu haqida xonadoshlarimga aytmagandim. Ertasi kuni ovqat qilgan vaqtimizda ularga qo‘shilib, idish-tovoqlarni birga izlaganmiz. Keyinroq yangi idishlarni sotib olganmiz. Xonadoshlar, agar meni ko‘rayotgan bo‘lsangiz, sizlardan uzr so‘rayman”, — deya kulib eslaydi Dilshod Shavqiddinov.

Xarajatlar

Kun.uz bilan suhbatlashgan yotoqxonada yashayotgan talabalar bir oyda 1,5 mln so‘mdan 3-4 mln so‘mgacha xarajat qilishini aytdi. 1–2-kurs talabalarining xarajatlari asosan ota-onalar tomonidan qoplanadi. Yuqori kurs talabalari esa o‘qishdan tashqari ishlar orqali o‘z xarajatlarini qoplashga harakat qilishini ta’kidladi.

Shuningdek, talabalar suhbatda yotoqxonadagi sharoitlar, tez-tez sodir bo‘lib turadigan holatlar, yotoqxona va ijara uylardagi farqlar haqida gapirib berdi.

Suhbatni Kun.uz’ning YouTube’dagi sahifasi orqali to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Gavhar Ziyodullayeva tayyorladi
Operator va montaj ustalari : Ziyaddin Mammatjonov, Shohruzbek Abdurayimov

Ko‘proq yangiliklar: