“Siyosatchilar xalq oldida javobgardir” – mutaxassis bilan davlat xizmatchilarini tayyorlash va tanlash tajribasi haqida suhbat

Jamiyat 19:16 / 12.11.2021 13499

– So‘nggi besh yilda davlat boshqaruviga bir qancha yosh kadrlar keldi. Shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari uchun ochiq tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda, kelajak uchun kadrlar zaxirasi shakllantirildi. Shunga qaramay hali-hamon hukumatda keksa yoshdagi mulozimlar salmog‘i ko‘pchilikni tashkil etadi. Sizningcha, bu jarayon qanday yo‘lga qo‘yilishi kerak edi?

– Avvalambor, umumiy qoidani aytadigan bo‘lsak, xoh ma'lum bir tashkilotning boshqaruvi bo‘lsin, xoh davlat boshqaruvi bo‘lsin, bu albatta katta jamoaviy ish hisoblanadi. Har bir lider, har bir boshqaruvchi o‘z jamoasi bilan ishlaydi va u kimni tanlashidan qat'i nazar, ayniqsa, siyosatchilar xalq, millat oldida javobgar bo‘lishadi.

Xoh rivojlanayotgan davlat bo‘lsin, xoh rivojlangan davlat bo‘lsin, katta lavozimlarga mansabdorlarni tayinlashda siyosatchilarga ma'lum darajada siyosiy erkinliklar beriladi. Bu konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan. Lekin oxir-oqibat ular o‘zlari olib kelgan, o‘zlari tayinlagan insonlar bo‘yicha siyosiy javobgarlikni ham zimmasiga olishiga to‘g‘ri keladi. Bu birinchi masala.

Ikkinchi masala, haqiqatan ham O‘zbekistonda ko‘plab yoshi ulug‘ insonlarni hukumat mansablarida uchratish mumkin. Yaponiya siyosatchilari orasida ham yoshi ulug‘lari ko‘pchilikni tashkil qiladi va bu masala u yerda ham yoshlar uchun kattagina muammoga aylangan.

Lekin shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, avlodlar almashinuvi jarayonini juda ham silliqlik bilan va barqaror tarzda yuritish kerak. “Qari bilganni pari bilmas” degan otalar so‘zimiz bor, ya'ni og‘ir damlarni boshidan kechirgan yoshi ulug‘ insonlardan kerakli tajribalarni o‘zlashtirgan holda o‘rinbosarlarni tayyorlab borish kerak. Bu nihoyatda muhim.

Savolning asosiy javobiga keladigan bo‘lsak, bu jarayon samarali ravishda amalga oshishi uchun “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun mumkin qadar tezlik bilan qabul qilinishi, kuchga kirishi va u shaffof tarzda ishlay boshlashi kerak. Busiz iloji yo‘q.

Yaponiyaning Nagoya iqtisodiyot universiteti professori, huquq fanlari doktori Alisher Umirdinov

– Siz bir necha yildan buyon Yaponiyadasiz. Yaponiya va O‘zbekiston qaysidir jihatdan o‘xshash. Masalan, 1868 yilda Yaponiya yopilib olish davrini tugatib, dunyoga ochila boshlagan. O‘zbekiston ham shu yo‘ldan bormoqda. Shu jihatdan olib qarasak, Yaponiyadan nimalarni o‘rganish mumkin? Ushbu mamlakatda davlat xizmatchiligi qanday yo‘lga qo‘yilgan? Yapon siyosatchilari va davlat amaldorlari qanday tanlab olinadi yoki tayyorlanadi?

– Butun dunyodagi kuzatuvlar natijasida shunday xulosaga kelinganki, Yaponiya taraqqiyotida ushbu mamlakatdagi davlat xizmatchilarining o‘rni beqiyos. Haqiqatan ham o‘z mehnatsevarligi, millatiga, tashkilotiga sodiqligi va o‘z ustida qattiq ishlashi bilan yapon davlat xizmatchilari boshqa mamlakatlardagidan ajralib turadi. Shuningdek, yapon xalqining ham ularga ishonchi yuksak.

Endi ular bunday samarali tizimni qanday yo‘lga qo‘yganiga keladigan bo‘lsak, Ikkinchi jahon urushidan keyinoq AQSh davlat xizmati to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish bo‘yicha Yaponiyaga bosim uyushtiradi va natijada 1948 yillar atrofida “Davlat xizmatchilari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinadi. Hozirga kelib bu qonunda 110dan ortiq modda bor va ular ishchilarning davlat xizmatiga qabul qilinishi, ularga oid turli mehnat huquqlari va ishchi-xizmatchilarning pensiya ta'minoti kabi turli masalalarni qamrab oladi.

Shu yerda davlat xizmatchilarining ishga olinishi masalasiga biroz to‘xtalib o‘tsam. “Davlat xizmatchilari to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, Yaponiyada ikki turdagi davlat xizmatchilari bor. Bular – maxsus maqom egalari va ommaviy maqom egalari. Maxsus maqom egalari deganda bosh vazir, uning yordamchilari, vazirlar hamda ularning yordamchilari, vazir o‘rinbosarlari, sudyalar, parlament a'zolari ma'lum bir cheklangan doiradagi insonlar tushuniladi. Chunki ularni imtihonlar asosida lavozimga qo‘yib bo‘lmaydi, balki ular saylov yo‘li bilan, ya'ni siyosiy yo‘l bilan hokimiyatga kelgan insonlar.

Ammo “Davlat xizmatchilari to‘g‘risida”gi qonunning asosiy obekti hisoblangan insonlarning aksariyati quyi pog‘onalarda, ya'ni bo‘lim boshlig‘i, boshqarma boshlig‘i darajasida ishlovchi davlat xizmatchilari hisoblanadi. Ular har biri oldindan belgilangan protsedura, qonun-qoidaga ko‘ra shaffof va adolatli yo‘l bilan tanlab olinadi va xizmatga qo‘yiladi. Shu bilan birga, ularni siyosatchilar osonlik bilan vazifasidan ozod qila olmaydi.

– O‘zbekistonda qaysidir davlat xizmatchisi va mansabdorning lavozim pillapoyalaridan yuqorilashi uchun undagi rahbarlarga sadoqat hissiga ko‘proq e'tibor qaratiladi. Yaponiyada esa davlat xizmatchilari hukumat, partiya yoki shaxsga emas, balki Yaponiyaga – yapon xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishi kerak. Bizda va Yaponiyada sadoqat hissi turlicha talqin qilinishining ijobiy va salbiy jihatlari nimalarda ko‘rinadi?

– Davlat boshqaruvi, ayniqsa, jamoaviy harakat hisoblanadi. Shunday ekan, lider o‘z yordamchilarini to‘g‘ri tanlab olishi va ularni ishlata olishi kerak. Sadoqat masalasi haqiqatda muhim. Agar jamoadagilar o‘rtasida bir-biriga sodiqlik, samimiyat bo‘lmasa, ushbu jamoa oldiga qo‘ygan maqsadlarni amalga oshira olmaydi.

Jamoa a'zolari bir-biriga ishonishi kerak. Yaponiyada ham shunday. Ayniqsa, hozir hokimiyatda turgan liberal-demokratik partiyada shunday vaziyatni ko‘rish mumkin. Albatta, fraksiyalar bor, lekin ularning ichida bo‘linishlar bo‘lsa-da, bir-biriga sodiqligini kuzatish mumkin.

Lekin umumiy ma'noda davlat xizmatchilari Yaponiya xalqiga xizmat qiladi. Ayniqsa, bizning konstitutsiyamizda boshqa davlatlar konstitutsiyasida kuzatilmaydigan juda muhim narsa bor. Yaponiya konstitutsiyasida belgilangan normalarni hurmat qilish va uni muhofaza qilishni millatga emas, xalqqa emas, davlat xizmatchilari va siyosatchilariga yuklagan. Ya'ni xalq, millatning oldida konstitutsiyani hurmat qilish va uni himoyalash bo‘yicha hech qanday javobgarlik yo‘q. Yapon siyosatchilarida va davlat xizmatchilarida bunday burch bor. Bu nihoyatda katta ahamiyatga ega.

Demak, davlat rozi bo‘lgan, xalq rozi bo‘lgan konstitutsiyani, ya'ni ijtimoiy shartnomani siyosatchilar va davlat xizmatchilari birinchi o‘rinda ularga amal qilishga majbur. Ya'ni yaponlarda birinchi o‘rinda millatga sadoqat tuyg‘usi ustuvor hisoblanadi.

Shu bilan birga, Yaponiyadagi siyosatchilarni ham, davlat xizmatchilarini ham farishta deb bo‘lmaydi. Ular bilan ham juda katta siyosiy, moliyaviy mojarolar yuz berib turadi. Shu yerda aytib o‘tish kerakki, bunday salbiy ko‘rinishdagi sadoqat masalasi ildiz otib ketmasligi uchun Yaponiyada qudratli OAV mavjudligi, xabarlar o‘z vaqtida tarqalishi, qolaversa, parlamentdagi turli partiyalarning nihoyatda faolligi, fuqarolik jamiyati institutlari mustahkam qaror topgani salbiy shakldagi sadoqat yoyilishining oldini olib turadi.

– O‘zbekistondagi davlat xizmatchilari tayyorlash amaliyoti haqida suhbatlashsak. Sizningcha, amaldagi tartib zamonaviy talablarga javob beradimi? Yaponiyada davlat xizmatchilari, mulozimlar kelajakdagi vazifa hamda lavozimlar uchun qay tarzda tayyorlab boriladi?

– Shu o‘rinda Yaponiyada maxsus maqomga hamda ommaviy maqomga ega amaldorlar borligini takror aytib o‘tishim kerak. Yuqorida ularning farqini tushuntirib o‘tdim. Maxsus maqom egalari saylovlarda yutib chiqqan partiyaning ma'lum bir guruhi hisoblanadi, xolos.

Yaponiya parlamentar monarxiya hisoblanadi. Siyosiy tizimi bizdan farq qiladi. Lekin ajoyibligi shundaki, ularda yuqoridan pastga hamda pastdan yuqoriga qaragan ikki qarama-qarshi tizim mavjud. Ya'ni umumiy davlat xizmatchilari shaffof va odil tarzda o‘tadigan imtihonlar asosida tanlab olinib, pastdan tepaga qarab ilgarilaydi. Ya'ni ular bo‘lim boshliqlari, boshqarma boshliqlari darajasigacha ko‘tarila olishadi.

Ammo vazir hamda uning yordamchilari, vazir o‘rinbosarlari siyosiy saylovlar orqali iqtidorga kelgan partiya a'zolari orasidan tanlab olinadi. Shunday qilib, xohlagan partiya saylovlarda yutib, hukumatdagi yuqori lavozimlarni egallashi mumkin, lekin ular boshqarma boshliqlari hamda ulardan quyidagi davlat xizmatchilarini o‘zgartira olishmaydi. Ya'ni davlat xizmatchilari instituti juda mustahkam, bosh vazir va hukumat a'zolari qanday partiyadan ekani, qanaqa g‘oyalar bilan hokimiyatga kelishidan qat'i nazar asosiy davlat mulozimlaridan tashkil topgan institut joyidan siljimaydi, o‘zgarmaydi.

Albatta, kelishmovchiliklar bo‘lishi mumkin. Lekin nihoyatda chuqur tajribasi, bilimi bo‘lgani uchun hukumat a'zolari quyi lavozimlardagi davlat xizmatchilari bilan kelishishga majbur bo‘ladi. Mana shu nozik chegaraga yaponiyalik siyosatchilar doim amal qiladi.

Savolingizga keladigan bo‘lsak, kuchli bilimli va iqtidorli davlat xizmatchilarini tayyorlash uchun, yuqorida aytib o‘tganimday, Yaponiyada allaqachon tegishli qonunlar qabul qilingan, bir necha bor mukammallashtirilgan va davlat xizmatchilarini millatning eng qaymoq qismidan yig‘ib olish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Hozir Yaponiyada davlat xizmati eng talabgir, jozibali, bitiruvchilar eng ko‘p hujjat topshiradigan sohalardan hisoblanadi. Davlat xizmatchilarining oyliklari yuqori, ularni ishdan olib tashlash yoki qaysidir tashkilotni birdaniga yo‘q qilib tashlash masalasi deyarli ko‘tarilmaydi.

Xoh mashhur xususiy universitetlar bo‘lsin, xoh nufuzli davlat universitetlari bo‘lsin, talabalarning juda katta qismi ishlashni xohlagan sohalar ro‘yxatining eng avvalida davlat xizmati turadi. Xoh u markaziy apparat bo‘lsin, xoh viloyat, shahar, tuman hokimliklari bo‘lsin, u yerda ishlash bitiruvchilar tanlovlari orasida yetakchilar safida turadi.

– Odatda O‘zbekistonda davlat xizmatidagi shaxslar, mansabdorlar Davlat boshqaruv akademiyasida malaka oshiradi, qayta tayyorlanadi. So‘ng ular ko‘pincha avvalgi mansabiga nisbatan yuqoriroq lavozimga tayinlanadi. Davlat xizmatchilarni tayyorlaydigan boshqa bir muqobil muassasa ham borligini ko‘pchilik bilmaydi. 2021 yil 11 fevral kuni qabul qilingan «Davlat xizmatchilari va mutaxassislarni xorijda tayyorlash hamda ularning salohiyatini yanada oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoniga ko‘ra, iqtidorli va istiqbolli davlat xizmatchilarini izlab topish va ularni davlat xizmatiga jalb etishga ko‘maklashish «El-yurt umidi» jamg‘armasi vazifalaridan etib belgilangan edi. Ushbu vazifalar kutilgan natijani berishi uchun nimalar qilinishi, qaysi sohalar tubdan isloh qilinishi yoki o‘zgartirilishi kerak?

– Albatta, har bitta mamlakat davlat xizmatchilarini tayyorlash bo‘yicha alohida tizimlarni yo‘lga qo‘ygan. Misol uchun, Yaponiyada universitetni bitirgandan keyinoq davlat xizmatchilari hayoti boshlansa, AQSh yoki Angliya kabi anglosakson davlatlarida xususiy sektordan davlat sektoriga ma'lum bir mutaxassislarning o‘tishini kuzatishimiz mumkin. Har bir davlatning bu borada o‘ziga xos tajribasi va o‘ziga xos an'analari bor.

“El-yurt umidi” jamg‘armasiga albatta bunday vazifaning yuklatilishi quvonarli deb o‘ylayman. Jamg‘arma rahbariyati bilan shaxsan tanishman. O‘zim ham jamg‘arma qoshidagi xorijda yashab o‘qiyotgan yigirmadan ortiq vatandosh-pedagoglarimizdan tashkil topgan ekspertlar guruhi a'zosiman. Kezi kelganda jamg‘armaga nisbatan turli tanqidlar borligini, lekin ko‘p narsa moliyaviy ta'minotga borib taqalishini, jamg‘armada qator moliyaviy muammolar borligini aytib o‘tishni istardim. Jamg‘arma millatimizning eng aqlli farzandlarini tanlab, ularni xorijga o‘qishga jo‘natish imkoniyatiga ega, biroq yetarlicha moliyaviy ko‘maksiz bu ishni amalga oshirishda ularning ham qo‘llari kalta bo‘lib qoladi.

Shu o‘rinda “Davlat fuqaroviy xizmatchilari to‘g‘risida”gi yoxud “Davlat xizmatchilari to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilinishi va barqaror va shaffof tarzda ishlashi muhimligi shundaki, yoshi ulug‘ yoki ma'lum darajada tajribaga ega mansabdor yoki bo‘lim boshlig‘i o‘z qo‘l ostidagi inson bilan albatta o‘z tajribalarini bo‘lishadi. Men buni Yaponiyada kuzatganman, O‘zbekistonga ham bu narsa kirib kelishi kerak deb o‘ylayman. Lekin bizda oldinlari bu kelajakda mening o‘rnimni egallab olishi mumkin degan xavotir bilan boshliqlar qo‘l ostidagilarga orttirgan bilim va ko‘nikmalarini o‘rgatmagan holatlar ko‘p kuzatilgan. Balki, O‘zbekistonda chindan shunday holatlar bordir, men u haqda to‘liq ma'lumotga ega emasman, lekin mana shu xavotir tufayli juda ko‘p iste'dodli yoshlar tajribali boshliqlardan muhim ko‘nikmalarni qo‘lga kirita olmay o‘tib ketmoqda va bundan millatimiz ham, davlatimiz ham yutqazmoqda.

Vaholanki, Yaponiyada shunaqa tizim vujudga keltirilganki, boshliq iloji boricha o‘z qo‘l ostidagi yoshlarga bor bilimini beradi. Chunki u shogirdi qachondir unga boshliq etib tayinlanmasligini yaxshi biladi. Kadrlar tayyorlash tizimi bir xil va barqaror ishlaydi. Shuning uchun ham rahbar kadrlar o‘z malaka va ko‘nikmalarini keyingilarga qoldirishga harakat qiladi. O‘zbekistonda ham yuqorida sanab o‘tilgan qonunlar qabul qilinib, kadrlar tayyorlash bo‘yicha yapon tajribasi yurtimizga kirib kelishidan umidim bor.

Suhbatni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilish mumkin.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi:
Abdusalim Abduvohidov.

Ko‘proq yangiliklar: