O‘zbekiston | 11:45 / 20.02.2025
1256
2 daqiqa o‘qiladi

Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatish tartibi belgilandi

1 apreldan yuridik va jismoniy shaxslarni reyestrga kiritish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi.

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan «Davlat xaridlarida Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti» tasdiqlandi.

2025 yil 1 apreldan yuridik va jismoniy shaxslarni Yagona yetkazib beruvchilar reyestriga kiritish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazi va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali qabul qilinadi.

Arizalar YaIDXP orqali dam olish va bayram kunlaridan qat’i nazar, har kuni 24 soat davomida yuborilishi mumkin. Davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun to‘lov undirilmaydi.

Vakolatli organ ariza tushgan kundan boshlab 15 ish kunida Reyestrga yagona yetkazib beruvchi sifatida kiritish haqidagi arizani ko‘rib chiqadi.

Talabgorning reyestrga kiritish haqidagi arizasi va unga ilova qilingan ma’lumotlar vakolatli organ tomonidan ariza kelib tushgan kundan boshlab 2 ish kuni ichida Portalga majburiy jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtiriladi.

Talabgor arizasi ushbu Ma’muriy reglament talablarida nazarda tutilgan ma’lumotlar bilan to‘liq taqdim etilganda, vakolatli organ, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda «Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi» DUK tomonidan YaIDXP orqali ko‘rib chiqiladi.

Davlat xizmatlari markazi yoki YaIDXP orqali kelib tushgan ariza bo‘yicha yuqorida nomlari qayd etilgan tashkilotlar besh ish kuni davomida o‘zlarining axborot bazalaridagi va (yoki) ochiq manbalardagi ma’lumotlardan foydalangan holda, talabgorni yagona yetkazib beruvchi sifatida reyestrga kiritish yoki kiritmaslik yuzasidan xulosa taqdim etadi.

Mavzuga oid