“Bizda “otopleniye” umuman yo‘q. Uylarni elektr isitkichlar bilan isitamiz. Elektr bo‘lmasa, uylar sovib ketadi. “Svet” tez-tez o‘chavergani uchun uylarimizning devori mog‘orlab ketgan. To‘rtta bolam shu mog‘orning dastidan zamburug‘ kasalligini orttirib olishdi. Hammalari laringit bo‘lib qolgan. Svet bo‘lmagani uchun ingalyatorni ham ishlatolmaymiz.
“Elektroset”dagilar o‘yin qilishadi. Bir svet keladi, bir o‘chadi. Nechadir minutdan keyin yana keladi, ko‘p o‘tmay qayta o‘chirishadi. Nima degan gap bu? Svet o‘chib-yonaverishidan muzlatkichim kuydi. Bu masala bo‘yicha murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Qibray tumani hokimligidagilarga dardimizni aytsak, sabr qilasizlar, chunki bu mahalla Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumaniga o‘tdi deb aytishyapti. Mirzo Ulug‘bek tumani qabul qilib olguncha yillar o‘tib ketishi mumkin. Eshik qoqib turgan qishda qanday jon saqlaymiz?” deydi Zamira Jalilova.
“Alisherobod mahallasida yashayotganimizga 15 yil bo‘layotgan bo‘lsa, shuncha yildan beri “svet” muammosi bor. Bu bo‘yicha murojaat qilmagan joyimiz qolmagan. Ikki bekat narida Yangi O‘zbekiston bog‘i qurildi. Aholi yashamaydigan ushbu hududdagi chiroqlar o‘chmaydi. Bizning mahallamizda “svet” bo‘lmaganida u yerda ko‘cha chiroqlarigacha yonib turadi. Yo‘qsa bitta tumandamiz, oldin xalqqa yetkazib berib, keyin unday joylarni elektr energiyasi bilan ta'minlash kerak emasmi?!” deydi Gulnora Muhametxanova.
“Mahallamizda elektr ta'minotida uzilish bo‘lsa, suvsiz qolamiz. Chunki “svet” o‘chishi bilan suv ham o‘chadi. Ikkisi bir-biriga bog‘liq. Odatda kechasi bilan chiroq bo‘lmaydi. Sovuq paytida uylar muzlab qoladi. Ayrim xonadonlar gazga ulanmagan, elektr bo‘lmasa ular ovqat ham qilisholmaydi. Odamlar qiynalyapti”, deydi Tohir Turdiboyev.
“Yozda amallab kun o‘tkazsa bo‘ladi. Qishda qiyin. “Dom”imizda markaziy isitish tizimi yo‘q. Hamma o‘zi uchun o‘zi sharoit yaratib olgan. Isitish qozonlarimiz elektrda ishlaydi. “Svet” ketishi bilan suv avtomat ravishda o‘chadi, uylarimiz isimaydi. Sovuq kunlar boshlangan. Hammamizning uyimizda kamida ikki nafardan yosh bolamiz bor. Uy sovib ketsa, ular kasal bo‘lib qolishyapti.
Elektr energiyasidan qarzdorlik yo‘q. Sababi hozir avtomatlashtirilgan hisoblagichlar o‘rnatilgan. Oldindan pulini to‘lab qo‘ymasak, pulimiz tugashi bilan tarmoqdan uzib qo‘yadi. Mahalladagilar bilan Prezident portaliga ham, tuman hokimligiga ham qayta-qayta murojaatlar qilganmiz. Natija bo‘lmagani uchun sizlarga murojaat qilishga majbur bo‘ldik”, deydi Guli Abdurahimova.
“O‘qituvchi bo‘lib ishlayman. Darsim ikkinchi smenada. Darsdan uyga kelganimda “svet” o‘chib qolavergani uchun o‘quvchilarning daftarlarini tekshirishga ulgurmayman. Ularning baholarini onlayn kundalikka o‘tkazishim ham kechikadi. Har kuni “svet” o‘chadi. Sham yorug‘ida daftarlarni baholab chiqqunimcha soat kechasi 11-12 bo‘lib ketadi. Elektron kundalikka baholarni vaqtida kiritolmaganim uchun ishxonadan gap eshitaman. Rahbariyat sharoitimiz qandayligini bilmaydi”, deydi Buhojar Shernazarova.
Ma'lum bo‘lishicha, Qibray tumanining ayrim mahallalari, jumladan, Alisherobod mahallasi ham Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumaniga o‘tgan. Biroq Toshkent viloyati hamda poytaxt hokimliklari o‘rtasidagi rasmiyatchiliklar cho‘zilayotgani bois shaharga qo‘shilayotgan mahallalarning aholisi sansalorlik qurboni bo‘lmoqda.
“Toshkent hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati bosh texnik direktori Dinmuhammad Begmanovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, 11 noyabr kuni aksiyadorlik jamiyati hamda Qibray tumani elektr tarmoqlari korxonasi rahbariyati Alisherobod mahallasida yashovchilar bilan uchrashib, elektr energiyasi ta'minotida yuzaga kelayotgan uzilishlarni 30 noyabrga qadar bartaraf etishga va'da bergan. Ta'kidlanishicha, mazkur masala “Toshkent hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan nazoratga olingan.
Mutasaddilar bergan so‘zlarining ustidan chiqishiga, alisherobodliklarni yillar davomida qiynab kelayotgan muammoga yechim topilishiga umid qilib qolamiz.
Kun.uz mavzuga yana qaytadi.