Tergovdagi qiynoqlar, suddagi maynavozlik. Nohaq yo‘qotilgan 5 yilning badali 50 mln so‘mmi?

Jamiyat 14:15 / 03.11.2021 42649

Prezident Shavkat Mirziyoyev surxondaryolik saylovchilar bilan uchrashuvda “Surxon xalqining boshiga tuhmatlar, bo‘htonlar bo‘lgani ham rost”, dedi va so‘nggi yillarda odamlar xotirjam va erkin nafas ola boshlagani haqida gapirdi.

Umuman, davlat rahbari nimaga ishora qilgani ko‘pchilikka ma'lum edi. Yaqin o‘tmishda Surxondaryoda kuchishlatar tizimlarning ayrim xodimlari o‘z vakolatini suiiste'mol qilgani, ular tomonidan inson sha'ni, qadr-qimmati oyoqosti qilingani, ko‘plab insonlar tuhmat bilan uzoq muddatga qamalib ketgani sir emas.

Sariosiyolik Saidmuhiddin Xoliqov boshidan o‘tganlarini aytib berarkan, prezident Mirziyoyev aytgan gaplar aynan uning ham taqdirida kechganini tushunish qiyin bo‘lmadi.

Qahramonimiz 2016 yilning 24 fevralida jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyat sudining hukmiga asosan O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish, jamoat birlashmalari yoki diniy tashkilotlarni qonunga xilof ravishda tuzish, ommaviy tartibsizliklar uyushtirish kabi ayblovlar bilan javobgarlikka tortilgan.

Saidmuhiddin Xoliqov 2020 yilning yozida oqlangan. U Kun.uz'ga boshidan o‘tkazganlari, xususan, qanday qilib kuchishlatar tizimlarning nishoniga aylangani, o‘ziga nisbatan qilingan adolatsizliklar, jismoniy hamda ruhiy azoblar haqida hikoya qilib berdi:

— 2015 yilning martida IIB xodimlari meni hech qanday izohlarsiz ko‘chadan ushlab olib ketishdi, – deya o‘z hikoyasini boshladi Saidmuhiddin Xoliqov. – Dastlab mashinamni tintuv qilishdi, o‘zimni viloyat markaziga olib ketishdi. Biror ayb qo‘yishga asoslari bo‘lmagach, o‘zlarining ixtiyorlarida qolishim uchun ham shaxsi noma'lum fuqaro sifatida rasmiylashtirib, “daydixona” (IIB huzuridagi reabilitatsiya markazi – tahr.)ga joylashtirishdi.

U yerda shunday muomala qilishdiki, buni inson bolasiga qo‘llab bo‘lmaydi. Butunlay o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Besh sutka davomida bir daqiqa ham o‘tirmadim. Tanamdan elektr tokini uzishmadi. 24 soat davomida to‘rt kishi kelib tergov qiladi, ular ketib yana o‘rniga boshqa to‘rttasi keladi. Men ularga aytdim: “Akalar, yetti nafar farzandim bor. Nima maqsadlaring, aytinglar”, desam, “o‘zing ichingdagini ayt”, deyishardi.

Mendan “Do‘sanov deganini taniysanmi?” deb so‘rashdi. Yo‘q, tanimayman, desam, tokni ulab shunaqa aylantirishdiki... Shu tariqa, tanimagan odamimni tanitish uchun tanamga bir sutka davomida tinimsiz tok ulashdi. Oxiri: “Do‘sanovni men o‘ldirganman” deb yubordim. “Do‘sanov tirik”, deyishdi. Bo‘lmasa unga nima bo‘lgan, aytinglar, dedim. Butkul holdan toygandim.

Keyin Do‘sanov deganini olib kelishdi. U shunaqa ko‘rsatmalar berdiki, insonning imoni titrab ketadi. Xullas, bo‘ynimga “birodarlik”ni qo‘yishmoqchi bo‘ldilar. Agar bo‘yningga olmasang, akang, kuyoving va o‘g‘lingni olib kelamiz, deyishdi. “Bo‘ldi, ularga indamanglar, nima tushgan bo‘lsa, mening boshimga tushdi. Nima ayb qo‘ysanglar, bo‘ynimga olaman”, dedim. Do‘sanov aytganlarini bo‘ynimga oldim.

Shundan keyin meni Surxondaryodan Toshkentga, Ichki ishlar vazirligiga olib borib tergov qilishdi. Qizig‘i, vazirlikning tergovchilari men bilan 5-10 daqiqa suhbatlashgach, majburan og‘ir moddani bo‘ynimga olayotganimni sezib qolishdi. “Nima, biz ahmoqqa o‘xshaymizmi?” deya mening aybim yo‘qligini aytishdi.

“Nima qilay, men Surxondaryoda rostini aytdim, ishonishmadi. 5 sutka qiynashdi. Endi sizlarga yolg‘on gapiryapman, sizlar ham ishonmaysiz, deb o‘ylagandim», dedim.

O‘sha kuni meni maxsus reys bilan Surxondaryoga qaytarib yuborishdi. Aybim yo‘qligi isbotlangani, qo‘yib yuborishlari mumkinligiga menda umid uyg‘ondi. Ammo to‘g‘ri yana “daydixona”ga olib borishdi. Bu safargi qiynoqlar avvalgisidan ham oshib tushdi.

Yana 5 oy Termizda saqlashdi. Sariosiyolik bir avtobus odamni bosib olib borishdi. Ularni 20-30 yillab ko‘rmaganman. Ularni ham urib-sindirib, menga qarshi ko‘rsatma berdirishdi. Go‘yoki men – amir, ularning qaysidir biri – o‘ng qo‘lim, biri – chap qo‘lim. Ular o‘lmaslik uchun menga qarshi ko‘rsatma berishdi. O‘sha ko‘rsatmalar bilan meni qamashdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyat sudi tomonidan 8 yil ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilindim. 2 yil Chirchiq shahri va 3 yil Sherobod tumanidagi jazoni o‘tash muassasalarida bo‘ldim.

Yillar davomida aybsizligimni jazoni o‘tash muassasalari rahbarlariga aytib keldim. 2020 yilga kelib ishim qayta ko‘rib chiqildi.

Qashqadaryo viloyat sudiga bir gapni aytdim: Qalbimda jarohat bor. Bu jarohat qiyomatgacha qoladi. Chunki o‘g‘lim qatori bolalar meni yotqizib futbol qilib tashlashdi. Mayli, Vatanimning tinchligi uchun hamma narsaga tayyorman. Lekin farzandlarim maktabga borolmadi. Tasavvur qilyapsizmi, bir kishini Vatan xoini, din xoini qilib ayblashni.

Kimningdir farzandi Rossiyaga borib namozxon bo‘lib kelsa, xavotir olardim. Ota-onasiga ehtiyot bo‘linglar, adashmasin, yot oqimlar bor, namozni shu yerda o‘rgansin, derdim. Lekin o‘zim qo‘rqqan modda bilan meni qamashdi.

Men eng kerakli vaqtda farzandlarim otasiz qolishdi. Uch nafar qizimni bo‘yi yetib qolgandi.

O‘tgan yili 9 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi kassatsiya instansiyasi ajrimiga ko‘ra, harakatimda jinoyat alomati bo‘lmagani sababli aybsiz deb topilib, reabilitatsiya qilish yo‘li bilan oqlandim.

Xudoga shukur, mana yangi siyosat haqligini bildirdi. To jonim bor ekan, prezidentimizni duo qilaman. Nafaqat men, farzandlarim, nabiralarim ham duo qilishadi. Men va oilam shunday jirkanch narsadan qutuldik.

Oqlanganimga ham bir yildan oshdi. Besh yil nohaq qamoqda yotganim, bu yillar davomida farzandlarim moddiy-ma'naviy tomondan qiynalgani, ko‘chaga ham chiqa olmay qolishgani... Bu azoblarni unutish mushkul.

Shu holatlar va o‘zimga nisbatan jismoniy qiynoqlar qo‘llangani uchun tovon puli talab qildim. 750 mln so‘m moddiy, 750 mln so‘m ma'naviy zarar talab qilib, sudga murojaat qildim.

Sud Sariosiyo tuman moliya bo‘limi orqali davlat budjetidan 50 million so‘m ma'naviy zarar undirishni belgiladi.

Ammo 5 yil avval ustachilik qilib, Rossiyada ishlab kelardim va bir yillik daromadim 15 ming AQSh dollardan kam emasdi. Ushbu mablag‘ni shunchaki ko‘tarib kelmaganman, oilamga bank orqali jo‘natganman. Nahotki, men ko‘p yil avval bir yilda topgan daromadimdan bir necha barobar oz mablag‘ni besh yillik azobim uchun tovon puli, deyish mumkin bo‘lsa...

Men zamondan orqada qolib ketdim, farzandlarim yosh edi, biror ishning boshini tutay, tadbirkorlik qilay, desam ham qurbim yetmayapti.

* * *

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi kassatsiya instansiyasining 2020 yilning 9 iyun kungi ajrimida Xoliqov ishida sudya bir qator qonun me'yorlariga amal qilmagani qayd etilgan.

Buni qarangki, bir guruh aybsiz insonlarga jiddiy ayblovlar bilan hukm o‘qigan A'zam Normaxmutovich Sayfitdinov hozir ham sudya. U ayni kunda Jizzax viloyat ma'muriy sudi sudyasi lavozimida ishlab kelmoqda.

Oqlov ajrimida Xoliqov va u bilan birga qamalganlar oqlanar ekan: «Na dastlabki tergov organi, na sud S.Xoliqov, V.Saidmirzayev va F.Eshonqulovning qachon va kimlar bilan O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilgani, g‘ayriqonuniy ravishda diniy tashkilotlar tuzgani, ushbu tashkilotlarda faol ishtirok etgani, diniy-ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzgani va unda ishtirok etganini aniqlamagan”, degan qaydlar bor.

Xulosa o‘rnida: xoh sud, xoh huquq-tartibot idoralari o‘zlari chiqargan qaror yoki olib borilgan tergov harakatlari davomida qilgan xatosi tufayli kimdir jabr ko‘rsa, qaror chiqarganlar javob bermas, qilmishi ularning kelgusi faoliyatiga ta'sir qilmas ekan, yuqoridagi kabi ayanchli hayotiy hikoyalar yaralaveradi.

Tizimni adolatsiz sudyalar, huquq-tartibot idoralarining nopok xodimlaridan tozalash uchun chindan ham samarali va ishlaydigan qonun-qoidalar yaratish vaqti kelmadimikan?

Tokaygacha undaylar qilgulikni qilib qo‘yib, insonlarning hayotini sindirib, taqdirlarini o‘zgartirib yuborib, yana shu jafokash xalq hisobidan maosh olib, bemalol ishlashda davom etishadi?

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Ko‘proq yangiliklar: