Shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston chempioni AQShda tibbiyot olimi bo‘lmoqchi

Jamiyat 21:16 / 03.11.2021 5325

Omaxa Nebraska shtatining eng katta shahri. Bu yerda Nebraska universiteti joylashgan. 1908 yilda tashkil etilgan bu o‘quv yurti, dastlab, Omaxa universiteti deb atalgan. Bu yerda o‘qiyotgan va tadqiqot olib borayotgan talabalar orasida o‘zbekistonlik Nozima Aripova ham bor.

“Amerikada oilam bilan 10 yildan beri yashaymiz. Amerikaga o‘qish uchun kelganmiz. Bakalavrni bitirdim, hozir tibbiyot yo‘nalishiga o‘qiyapman. Maxsus dastur asosida doktorlik darajasi uchun tadqiqot olib boryapman. Ikki yil tibbiyot, to‘rt yil doktorantura va yana ikki yil ordinatura, jami sakkiz yil o‘qiymiz”, - deydi u .

Nozima bolaligidan shifokor bo‘lishni xohlagan. Bakalavrni biologiya bo‘yicha tamomlab, so‘ng tibbiyot sohasida o‘qishini davom ettirishni xohladi. Nebraska universiteti tibbiyot markazida ikki yil shu yo‘nalishda o‘qidi, hozir doktorantura talabasi.

Amerika orzusiga erishish uzoq vaqt va mehnat talab qiladi, deydi u. Bu ishda menga yo‘l ko‘rsatayotgan murabbiylarimdan minnatdorman, deya professorlarini alohida tilga oladi.​

“Ilmiy ishimda ikkita professor bilan ishlayman. Birinchi professorim immunologiya sohasida juda ham bilimli. Ikkinchi professor shifokor va revmatolog. Ilmiy ishimda ular menga juda ko‘p yordam beradi”, - deydi Nozima.

Nozimaning aytishicha, yaxshi mutaxassis bo‘lish va yaxshi karera qilish uchun qaysi universitetni tanlash muhim.

“Bakalavrdan keyin tibbiyot yo‘nalishida o‘qish uchun 35 ta universitetga hujjat topshirdim. Shu 35 ta universitetdan 10 tasi meni qabul qildi”, - deydi u.

Universitetni tanlashda nimalarga e'tibor berish kerak? Bo‘lajak tadqiqotchi va talabalarga u shunday maslahat beradi.

“Tibbiyot yo‘nalishida universitet tanlashda uchta faktorga qaradim. Birinchisi – universitetni bitirgan talabalar qayerda ordinatura o‘tagan, qanchasi ordinaturaga kirgan? Bu ma'lumotlar vebsaytlarda bor. Ikkinchi faktor – siz o‘qimoqchi bo‘lgan mutaxassislik universitetda qanchalik chuqur o‘rgatiladi? Uchinchisi – o‘quv dasturiga e'tibor berishingiz kerak. Har xil univeristetlarda dasturlar har xil bo‘ladi. Mening universitetimda o‘quv dasturi yangi; boshlashganiga uch yil bo‘ldi. Bu menga juda ham yoqdi. Bu ma'lumotlar ham universitet saytlariga qo‘yiladi”, - deydi Nozima.

Nozima o‘qishdan tashqari boshqa mashg‘ulotlarda ham faol. Bolaligidan turli sport o‘yinlariga qiziqadi. Ayniqsa, shaxmatga alohida mehr qo‘ygan. Bu o‘yinda havaskor emas, balki professional darajaga chiqqan. Dunyo bo‘ylab ko‘plab shaxmat musobaqalarida qatnashgan. Qizlar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha 2009 yilgi O‘zbekiston chempioni. 2007 yil jahon chempionatida eng kuchli yigirmatalikka kirgan. Shaxmat orqali Turkiya, Rossiya, Vetnam va Germaniya kabi davlatlarga safar qilgan.

AQShga ham ilk bor 2009 yilda Texasda o‘tgan shaxmat musobaqasi tufayli tashrif buyurgan edi. 2012 yilda u oilasi bilan Missiuri shtatiga ko‘chib keldi. Nozimaning aytishicha, shaxmat diqqatni yig‘ishni va eng muhim masalaga e'tibor qaratishni o‘rgatadi.

“Uzoq yillik maqsadim universitetda revmatolog-professor bo‘lib ishlash. Ilmiy ishimni bitirib, bemorlar bilan ishlashni, ularni davolashni ham xohlayman”, - deydi u.

Nozimaning oldida yana to‘rt yillik tadqiqot va mehnat turibdi. Ammo u ahdida qat'iy. Mehnat qilsangiz, albatta, orzularingizga erishasiz, deydi u.

Ko‘proq yangiliklar: