2024 yilda YeTTB O‘zbekistonga rekord miqdorda – 938 million yevro (960 million dollar) sarmoya kiritib, 34 ta loyihani amalga oshirishda ishtirok etgan. Bu haqda bank axborot xizmati xabar berdi.
YeTTB investitsiyalarining 55 foizi yashil iqtisodiyot loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Boshqa moliyalashtirish tashkilotlaridan olingan 383 million yevro mablag‘lar bilan birgalikda, bu O‘zbekiston iqtisodiyotiga 1,3 milliard yevrodan ortiq mablag‘ni jalb qilishga yordam bergan.
O‘zbekistonda YeTTB tomonidan moliyalashtiriladigan asosiy loyihalar:
Toshkent viloyatida 200 MWt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasi va 501 MWt quvvatga ega energiya saqlash tizimini qurish uchun 226 million dollar;
Navoiy viloyatida 230 kilometr uzunlikdagi yuqori voltli elektr uzatish liniyalarini qurish uchun 66,4 million dollar;
«O‘zkimyosanoat» va ACWA Power tomonidan amalga oshirilayotgan Chirchiq shahridagi «yashil» vodorod ishlab chiqarish loyihasini moliyalashtirish uchun 65 million dollar;
Xorazm viloyatida transport magistralini tiklash va Amudaryo orqali ko‘prik qurishga 238 million dollar.
Shuningdek, YeTTB O‘zbekiston moliya sektoriga 300 million yevrodan ortiq kreditlar ajratgan.