O‘zbekistonda yoshlar jinoyatchiligi ko‘lami ortyapti. Sabablar haqida tahliliy suhbat

Jamiyat 18:50 / 03.11.2021 17205

Ko‘pchilik mutaxassislar bu holat sababini ishsizlik va iqtisodiy omillarda ko‘rsatadi. Sotsiolog Husniddin Mamadiyevga ko‘ra esa, yoshlar orasida ortayotgan jinoyatchilikka asosiy sabab bu omillar emas, balki davlatda ijtimoiy me'yorlar borasida aniq tizimning yo‘qligidadir.

Xo‘sh, bu ijtimoiy me'yorlar o‘zi nima? U qanday qilib tartibga solinadi? Yoshlar orasida jinoyatchilikni qanday kamaytirish mumkin?

Kun.uz muxbiri ayni shu mavzular yuzasidan jamiyatshunos Husniddin Mamadiyev bilan intervyu uyushtirdi.

— Husniddin aka, siz bir jamiyatshunos o‘laroq yoshlar jinoyatchiligining oshib borish sabablarini nimalarda ko‘rasiz?

— Bugun nafaqat bizning jamiyatda, balki butun dunyoda yoshlar jinoyatchiligi ko‘rsatkichlari oshib boryapti.

Agar biz holatga sotsiologiya fani nuqtayi nazaridan qarasak, insonlar, turli guruhlar va umuman jamiyat uchun qabul qilingan me'yor, talab va qoidalarning buzilishiga jinoyatchilik deb qaraladi. Shu sababli sotsiologlar jinoyatchilikni emas, unga sabab bo‘ladigan omillarni o‘rganishadi.

Agar biz o‘zbek jamiyati va dunyo tajribasidan kelib chiqsak, har bir jinoyat ortida ijtimoiy omillar yotadi. Bu nazariyalar allaqachon ilm darajasiga chiqib ulgurgan.

Biz yoshlar orasidagi jinoyatchilikni tahlil qilishdan avval jamiyatdagi barcha qatlamlar orasidagi jinoyatchilikni ham ko‘rib chiqishimiz kerak. Biz ayollar, erkaklar, voyaga yetmagan yoshlar va boshqa qatlamlar orasidagi jinoyatchilikni bilamiz.

Yuqorida ta'kidlaganimdek, ijtimoiy qarashlar, yondashuvlarning yetarli emasligi jinoyatchilikning oshishiga sabab bo‘ladi.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqda, bir ma'lumotga ko‘zim tushdi. Unga ko‘ra, shu yilda O‘zbekistonda yoshlar ishtirokida ro‘y bergan jinoyatchilik boshqa yillarga nisbatan ikki barobarga ko‘paygan. Jumladan, o‘tgan 10 oylik natijalari bo‘yicha respublikada 45 mingga yaqin jinoyat sodir etilgan bo‘lsa, uning 37-38 foizi yoshlar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. O‘tgan yili esa bu natija 35 foizni tashkil qilgan. Bu ham katta ko‘rsatkich.

Bizda yoshlarning jinoyatchilikka berilib ketishini tahlil qiluvchi va uning omillarini o‘rganuvchi ijtimoiy tuzilmalar risoladagidek ishlamaydi. Bu borada ilmiy yondashuvlar yetishmasligi yaqqol ko‘rinmoqda.

Bugun yoshlarimizning tafakkuri, mafkurasi va dunyoqarashida juda ko‘p bo‘shliqlar paydo bo‘lyapti. Bu bo‘shliqni esa o‘tkinchi g‘oyalar, o‘tkinchi axborotlar to‘ldirib boryapti. Yoshlar ongida ma'naviy bo‘shliq ham sezilyapti. Ayni shu jihatlar yoshlar jinoyatchiligi ortishiga sabab bo‘lyapti.

— Butun dunyoda jinoyatchilik ko‘rsatkichlari oshar ekan, bunga iqtisodiy muammolar ham sabab sifatida ko‘rsatiladi. O‘zbek jamiyatidagi yoshlar jinoyatchiligida bu omilning o‘rni qanchalik sizningcha?

— Nemis faylasufi, iqtisodchisi va jamiyatshunosi Karl Marksning “Kapital” nomli asari bor. Bu asarda barcha ijtimoiy munosabatlar, hayot mazmuni va umuman barcha jarayonlar zamirida moddiyat yotadi, deyiladi. G‘arbda bu nazariya qabul qilingan. Bizning jamiyatda esa u boshqacharoq. Men bir jamiyatshunos o‘laroq bu ta'limotga unchalik qo‘shilmayman.

Bizdagi jamiyatning cheklov, me'yorlari moddiyatga borib taqalmaydi. Bizda ma'naviy, axloqiy va tarbiya omiliga ko‘proq ahamiyat beriladi. Shuning uchun biz moddiyatni birinchi o‘ringa qo‘yib, yoshlarni ayblashimiz ham noto‘g‘ri.

Bu borada bir misolni keltiraman. 2020 yili Rossiyadagi qamoqxonalardan birining 600 nafar 20-35 yoshli mahkumlari orasida 2016 yildan boshlab o‘tkazilgan ijtimoiy tadqiqot yakunlangan. Unga ko‘ra, mahkumlarga sizni jinoyat sodir etishingizda iqtisodiy omil sabab bo‘ladimi, degan savol qo‘yiladi. So‘rov mahkumlarning qamoqqa tushgan kundan chiqib ketguncha bo‘lgan davrida uch bosqichda o‘tkazilgan.

Savolga jazo muddatini o‘tashni boshlagan mahkumlarning 37.2 foizi ilk bor, «ha» deya javob bergan. Bu savol o‘sha mahkumlarga jazo muddatining yarmini o‘tab bo‘lgan vaqtda ham berilgan. Bu safar ularning 17 foizi o‘sha javobni bergan.

Shu savol jazo muddatini o‘tab bo‘lgan mahkumlarga uchinchi bor ham berilgan va bu safar faqat 4.9 foiz mahkumlar unga «ha, jinoyat sodir etilishida iqtisodiy omil sabab bo‘ladi», degan javobni bergan.

Shu sababli, men jinoyatchilikning oldini olishda moddiyatni yuqori o‘ringa qo‘yish fikriga qo‘shilmayman va ko‘proq ijtimoiy-ma'naviy muhitga e'tibor qaratish kerak, deb hisoblayman.

— Sotsiologlarning ushbu tadqiqotlari natijasini o‘zbek jamiyatiga ham targ‘ib qilish mumkin deyish qanchalik to‘g‘ri bo‘larkin?

— Eng qiziq jihati ham shunda. Umuman, ijtimoiy hayotda shunday. Ya'ni mahkumlar ilk bor qilgan jinoyatida iqtisodiy omillarni sabab sifatida ko‘rsatyapti. Bir necha yil o‘tib esa ular qilgan xatosining asl sabablarini tushunib yetishyapti. Ular yakunda maktabdagi ta'lim, ota-ona tarbiyasi kabi omillarni jinoyatchilikka sabab sifatida aytishgan.

Xulosa qilish mumkinki. Jinoyat qilgan insonga oila, ota-ona, ta'lim muassasalari va jamiyat to‘g‘ri ijtimoiy tarbiyani, ijtimoiy cheklovlarni bermagan.

— Yoshlar orasida jinoyatchilik ko‘rsatkichining oshishida albatta, oilaning, xususan ota-onalarning aybi katta. Ayting-chi, bugun ota-onalar tarbiya jarayonining ayni qaysi nuqtasida xatoga yo‘l qo‘yishyapti?

— Yuqorida ham aytganimizdek, oila va undagi tarbiya har bir yosh uchun muhim ahamiyatga ega. Aynan oilada farzand ongiga ezgu g‘oyalar singdirilib borilishi va jinoyatlarning eng kichigi va eng og‘irlari ham inson hayotidagi katta ijtimoiy tanazzul ekanligini tushuntirib beruvchi tarbiya muhiti shakllanishi zarur. 

Shu o‘rinda bizning jamiyatimizda bu borada keskin tarzda yuzaga kelayotgan kemtiklar mavjudligini aytishim kerak. Masalan, sotsiologiya fanida vaqtni kam talab qiladigan, biroq yuqori ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan muhim tamoyillardan biri – bu jamiyatdagi, jumladan, oiladagi ijtimoiy nazorat omilidir. Ya'ni oilada ota-onalar farzandlar bilan muloqot, so‘rov, tinglash, maslahatlarni tahlil qilish orqali dunyoqarashini shakllantirishga vaqt topishmaydi.

Bugun ota-onalar o‘z vaqtini qiyinchiliklarsiz shohona hayotga ega bo‘lishni tarannum etuvchi xorij seriallari, jamiyatda tarbiya va milliy ma'naviyatdan ustun qilib ko‘rsatilayotgan mazmunsiz shoular va ko‘rsatuvlar hamda jinoyatchilik, ilmsizlik, adolatsizlikka qarshi kurashishdagi sayoz ssenariylarga, xorij mafkurasiga asoslangan ko‘chirma o‘zbek seriallariga sarflamoqda. 

Shuningdek, ota-onalar telefon va internet hamda ijtimoiy tarmoqlardagi asoslanmagan o‘tkinchi ma'lumotlarga sarflayapmiz. Go‘yoki biz o‘zimizni bu bilan farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgandek, “nazorat qilayotgandek” ko‘rsatamiz. Aslida esa...

Ta'kidlaganimizdek, oilada va tarbiya maskanlarida yoshlarning jinoyatchilikdan yiroq bo‘lib shakllanishidagi eng maqbul yo‘l – bu ijtimoiy nazoratdir.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin. Unda yoshlar jinoyatchiligi oshib borishida oila, maktab, ishsizlik, diniy va qonunchilik omillari tahlil qilinadi.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Muhiddin Nido.

Ko‘proq yangiliklar: