3 noyabr kuni Qashqadaryo viloyat sudida sudlanuvchilar E.Tadjibayev (1990 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, Effect.uz saytining sobiq muxbiri, hozirda Taftish.uz sayti muxbiri), A. Nurimbetov (1982 yilda Navoiy viloyatida tug‘ilgan, Effect.uz sayti muxbiri), X. Axmedov (1987 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, Effect.uz sayti muxbiri) va G. Xudoyarova (1977 yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan, yakka tartibdagi tadbirkor)ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e'lon qilindi.
Oliy sud matbuot xizmati xabar qilishicha, sud hukmi bilan:
E.Tadjibayev Jinoyat kodeksining 139-moddasi (tuhmat) 3-qismi “a”, “g” bandlari, 140-moddasi (haqorat qilish) 3-qismi “a” bandi va 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybsiz deb e'tirof etilib, Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) 2-bandiga asosan oqlandi. U Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi va 236-moddasi (tergov qilishga yoki sud ishlarini hal etishga aralashish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga JKning 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash)ga asosan 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni manzil-koloniyalarda o‘tash belgilandi.
A.Nurimbetov JKning 139-moddasi 3-qismi “a”, “g” bandlari, 140-moddasi 3-qismi “a” bandi va 219-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybsiz deb e'tirof etilib, Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan oqlandi. Nurimbetov JKning 219-moddasi 2-qismi va 236-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga JKning 59-moddasiga asosan, 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
X.Axmedov JKning 219-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybsiz deb e'tirof etilib, Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan oqlandi. X. Axmedov JKning 219-moddasi 2-qismi va 236-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga JKning 59-moddasiga asosan 2 yil 6 oy ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
G.Xudoyarova JKning 140-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybsiz deb e'tirof etilib, Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan oqlandi. G. Xudoyarova JKning 139-moddasi 3-qismi “a”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Ma'lumot uchun, hukmdan norozi taraflar, hukm e'lon qilingan kundan, mahkumlar va jabrlanuvchi hukm nusxasi topshirilgan kundan e'tiboran 20 sutka ichida apellyatsiya tartibida shikoyat berishga, prokuror protest bildirishga haqli hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yil yanvarida Effect.uz sayti xodimlari Termiz tuman sudi binosida sud raisi Odil Begimqulovni pora olganlikda va ishni noxolis ko‘rayotganlikda ayblagan lavhasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi. Oradan bir necha oy o‘tib, holat yuzasidan kelib tushgan shikoyatga asosan Surxondaryo viloyat prokuraturasi tomonidan tekshiruv olib borilib, natijasiga ko‘ra jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Bosh prokuratura holatga aniqlik kiritib, sayt muxbirlariga nisbatan jinoyat ishi JKning 236 va 219-moddalari bilan qo‘zg‘atilganini va sud ajrimi bilan sirtdan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanganini ma'lum qilgandi.
Shuningdek, Kun.uz mazkur holat bo‘yicha Termiz tuman sudi raisi bilan suhbat e'lon qilgandi.