Toshkentda o‘pkasi pnevmoniyadan 65 foiz zararlangan, infarkt va insultga chalingan og‘ir bemor muvaffaqiyatli operatsiya qilindi

Jamiyat 21:25 / 02.11.2021 7656

Toshkent shahridagi klinikalardan biriga «Tez yordam» brigadasi tomonidan shoshilinch ravishda olib kelingan og‘ir ahvoldagi bemorda jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

«Soporoz holatida, oyoqlari shishib ketgan, yotolmaydigan ahvoldagi 60 yoshli onaxonni Rossiyadagi yetakchi klinikalarda uzoq yillar tajriba orttirib qaytgan mohir kardiojarroh, tibbiyot fanlari doktori, professor Rustam Yarbekov boshchiligidagi tibbiyot xodimlari zudlik bilan jonlantirish bo‘limiga olishdi.

Tezkor tekshiruvlardan so‘ng vaziyat o‘ta jiddiy ekanligi ma'lum bo‘ldi. Koronavirusga chalinib, o‘pkasi pnevmoniyadan 65 foiz zararlangan, o‘pka plevra bo‘shliqlarida suv yig‘ilgan  bemorga yurak infarkti tashxisi qo‘yildi. Buyam yetmaganidek, onaxon bir paytning o‘zida insultni boshdan o‘tkazayotgani aniqlandi. Ustiga ustak, infarkt asoratida yurak devorlari yorilishi diagnozi chiqdi», deyiladi SSV matbuot xizmati xabarida.

«Bemor koronavirusdan aziyat chekayotgan, o‘pkasi jiddiy zararlangan holatda sun'iy nafas olish apparatidan chiqa olarmikan, degan jiddiy xavotirimiz bor edi.

Ammo onaxonni zudlik  bilan jarrohlik stoliga yotqizmasak, hayotini saqlab qola olmasdik. Shu bois, oila a'zolari va yaqinlari roziligi bilan dastlab unda koronarografiya amaliyotini o‘tkazdik. Uchta tomirida shikastlanish, torayish va yopilish aniqlanib, aorta-koronar shuntlash va yurak yorilgan devorini plastika qilish operatsiyasi bajarildi»,  deydi Rustam Yarbekov.

Bu jarayon besh soatdan ziyod davom etgan va murakkab operatsiya muvaffaqiyatli yakunlangan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Hozirda bemor Larisa Nurlibayevaning ahvoli yaxshi. U ikki hafta ichida sog‘ayib ketgan, o‘pkasida suv yig‘ilmayapti, kislorod uskunasisiz bemalol nafas olmoqda, oyoqlaridagi shishlar qaytgan, erkin harakatlanmoqda. Shuningdek, yurak va o‘pka yetishmovchiligi belgilari to‘liq bartaraf etilgan. 

«Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanidanman. O‘z vaqtida vaksina olmaganim tufayli koronavirusga chalinib, o‘pkam pnevmoniyadan 65 foiz zararlanibdi. Shuning asoratlaridan yuragimda juda qattiq og‘riq turdi, nafas olishim qiyinlashib boraverdi. So‘ng hushimni yo‘qotibman. 

Do‘xtirlarimizdan umrbod minnatdorman. Meni hayotga qaytarishdi. Ilgari bunday operatsiyalar faqat ba'zi chet mamlakatlarda o‘tkaziladi, deb eshitgandim. Mana, O‘zbekiston tibbiyotida qisqa vaqtda shunday katta o‘zgarishlar. Hozir og‘riqlar bezovta qilmayapti. Ahvolim yaxshi, tez orada uyimga javob berishadi. 

Shu o‘rinda yurtdoshlarimizga bir gapni aytmoqchiman. Koronavirusga qarshi tezroq emlaning. Ayniqsa, yoshi katta, qolaversa, yondosh kasalliklari bor insonlar vaksina olishni aslo kechiktirmasligi kerak ekan, degan xulosaga keldim», degan u. 

Ko‘proq yangiliklar: