Bugun Urgutda duradgorlar ham xalqning og‘irini yengil qilib kelishmoqda. Ular kuz fasli boshlangach, boshqa hududlarida ko‘p ham uchrayvermaydigan uy isitish moslamasi — sandal yasashga o‘tishadi. Keksa yoshdagilar bilishadi: o‘tgan asrning 70-80-yillarida sandaldan hatto yirik shaharlardagi hovlilarda ham foydalanishgan. Bugungi kunda u asosan uzoq tog‘ qishloqlarida saqlanib qolgan.
Urgut tumanidagi bir qator qishloqlar qatori G‘o‘s qishlog‘ida ham aksar xonadonlar qishning sovuq kunlarida uyni isitishda pechlar bilan bir qatorda sandallardan ham foydalanishadi.
Sandallar asosan G‘o‘s qishlog‘ining o‘zida tayyorlanadi. Bu yerda sandal yasamaydigan duradgorning o‘zi yo‘q. Ana shunday ustalardan biri Xo‘jaguzar mahallasida yashovchi duradgor Sharif Qobilov.
Usta Sharif ancha yillardan buyon duradgorlik qilib keladi. Yilning boshqa fasllarida eshik, deraza va so‘ri yasaydigan usta kuz oylaridan boshlab sandal yasashni boshlaydi.
«Qishlog‘imizdagi aksar eshik va deraza yasaydigan duradgor ustalar kuz kirgach sandal yasashni boshlaydi. Biz taraflarda gaz yo‘q, shu sababli odamlar uylarini isitishda turli vositalardan foydalanishadi. Kimdir elektr jihozlar bilan, yana kimdir pechka bilan uy isitadi. Shunday bo‘lsa ham ularning aksariyati sandal ham o‘rnatadi. Urgutdagi aksar xonadonlarda qish faslida 1–2ta xonada sandal o‘rnatilgan bo‘ladi», — deydi usta.
Ustaning aytishicha, sandal yasash uchun asosan o‘zimizning mahalliy ko‘kterakning yog‘ochlari ishlatiladi. Sandalga Rossiyadan keladigan yog‘ochlar, shuningdek, uning ustini yopish uchun faner ishlatilmaydi. Bunga sabab, sandalning ostiga qo‘yiladigan issiq cho‘g‘da Rossiya yog‘ochlarining shirasi chiqishi mumkin. Fanerdan esa kley hidi kelib turadi. Bo‘yalgan yog‘ochdan esa bo‘yoq hidi chiqishi mumkin. Shu uchun yog‘och tabiiy holda qoldiriladi.
«Avvallari bir mavsumda 150 tagacha sandal yasab sotardim. Keyingi yillarda chiroq o‘chmaydigan bo‘ldi va odamlar uyini elektr pechlarda isita boshladi. Shu sababli 2-3 yildan buyon bir mavsumda 70–80 ta sandal yasab sotaman. Sandalning eni asosan uch o‘lchamda: to‘rt tomoni 100, 110, 120 santimetr qilib, balandligi esa ikki xil qilib yasaladi. Bundan tashqari, mijozning xohishiga qarab u aytgan o‘lchamda ham yasab beraveramiz», — deydi usta.
Ma'lum bo‘lishicha, sandalning balandligi xonada pol bor yoki yo‘qligiga qarab qilinadi. Pol qilinmagan uylarda maxsus joy biroz chuqur qilib qaziladi va sandal o‘rnatilib uning o‘rtasidagi chuqurga cho‘g‘ solinadi. Agar uyda pol bo‘lsa, sandal sal pastroq qilinadi va cho‘g‘ tunuka tog‘orada qo‘yiladi.
«Qishlog‘imizda haftada ikki kun bozor bo‘ladi. Yasagan sandallarimizni bozorga ham olib chiqamiz. Bozorga ko‘plab qishloqlardan, hatto tuman markazidan mijozlar kelib tayyor sandallarni olib ketishadi. Bundan tashqari, ko‘plab mijozlar uyga kelib buyurtma berib ketishadi. Hozir bitta sandal katta-kichikligiga qarab 250 ming so‘mdan 350 ming so‘mgacha sotilyapti. Sandal eng avvalo yoshi keksa insonlarga yaxshi. Agar unga solingan issiq cho‘g‘ga o‘ranib yotilsa tanadagi shamollashlarni oladi», — deydi usta Sharif.
P.S. G‘o‘s qishlog‘i ahlining aytishicha mustaqillikdan keyin, 1996-1997 yillarda qishloq gazlashtirilgan va oradan 3-4 yil o‘tib gaz berish to‘xtatilgan. Hozir qishloqqa suyultirilgan gaz ballonlari tarqatiladi. Uylarni isitishda esa odamlar o‘tin, ko‘mir, tappi kabi yoqilg‘ilardan foydalanishadi.
G‘ayrat Yo‘ldosh, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev