O‘zbekistonlik qizlar xalqaro ta'lim dasturi doirasida nano sun'iy yo‘ldoshni yig‘ib, samoga uchiradi – YUNISEF

Jamiyat 19:09 / 02.11.2021 2269

Qizlarning kosmik tadqiqotlarga qiziqishini oshirishga qaratilgan ushbu dastur UNICEF’ning O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi vakolatxonalari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi, deya yozmoqda Unicef.org.

«Dunyoning boshqa mamlakatlarida bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham turli sabablarga ko‘ra o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida kompyuter savodxonligi, texnik ta'lim va kasb-hunar bo‘yicha sezilarli farq saqlanib qolmoqda. UniSat ta'lim dasturi bu tafovutni qisqartirishga, qizlarni tegishli fan va texnologiyalarga rag‘batlantirib, tegishli ko‘nikmalarga ega bo‘lishlariga yordam beradi.

UniSat O‘zbekiston yoshlari o‘rtasida texnologik sohalarda gender masalasiga keng jamoatchilik e'tiborini qaratishga yordam beradi», deydi UNICEF’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade.

Dastur davomida O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan tanlovdan o‘tgan 15-24 yoshli qizlar dasturlash va muhandislik bo‘yicha bilimlarini oshirish, shuningdek, jamoada ishlash va loyihalarni boshqarish ko‘nikmalarini yaxshilash imkoniyatlariga ega bo‘lishadi. Ishtirokchilar nano sun'iy yo‘ldoshni loyihalashtirib, uni yig‘adi hamda stratosferaga uchiradi. Bunda qizlarga professional muhandislar va dasturchilar jamoasi yordam beradi.

«Innovatsion rivojlanish vazirligi UniSat dasturini qo‘llab-quvvatlashdan mamnun. O‘zbekiston qizlari ilm-fan, muhandislik va ilg‘or texnologiyalar sohasida rivojlanish uchun katta salohiyatga ega va biz qizlarni nanosun'iy yo‘ldoshni uchirishda o‘z kuchlarini sinab ko‘rishga taklif qilamiz. Vazirlikda nano sun'iy yo‘ldoshlarni loyihalash va yig‘ish uchun barcha shart-sharoitga ega laboratoriya mavjud bo‘lib, vazirlik eshiklari yoshlar uchun doim ochiq. Ehtimol, STEM sohalari sizning kelajakdagi kasbingizga aylanadi!», dedi Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova.

O‘quv dasturining yakuniy bosqichida nano sun'iy yo‘ldoshni yig‘ish uchun uchta respublikadan qizlar Qozog‘istondagi Al-Farobiy nomli institutda yig‘ilishadi. Nano sun'iy yo‘ldoshni O‘zbekistonda uchirish 2022 yil 12 apreliga rejalashtirilgan. Qizlarning o‘zlari parvoz rejasini tuzib, aeronavigatsiya xizmati mutaxassislari nazorati ostida nano sun'iy yo‘ldoshni O‘zbekistondagi maydondan uchiradi.

Ishlab chiqilgan va stratosferaga uchirilgan nano sun'iy yo‘ldosh qizlarga Yer va yulduzlarning yuqori aniqlikdagi suratlarini olish imkonini beradi. O‘rnatilgan sensorlar kelajakda ilmiy tadqiqotlar uchun foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan ma'lumotlarni to‘playdi.

«Biz hamkorlar bilan O‘zbekistonda qizlar uchun shunday noyob dasturni yo‘lga qo‘yganimizdan mamnunmiz», dedi Tech4Impact nodavlat tashkiloti rahbari Saida Yusupova.

«UniSat dasturida ishtirok etish qizlar uchun STEM sohasida yangi bilimlarga ega bo‘lish, jamoada ishlashni o‘rganish, koinot va sun'iy yo‘ldoshlar haqida ko‘proq ma'lumot olish, O‘zbekistonning va dunyoning eng yaxshi universitetlariga o‘qishga kirish uchun darsdan tashqari mashg‘ulotlarda tajriba orttirish, kosmos va muhandislik sohasidagi mashhur ayollar bilan tanishish uchun ajoyib imkoniyatdir.

UniSat dasturiga ro‘yxatdan o‘tish 10 noyabrgacha davom etadi va barcha STEM fanlariga qiziquvchi qizlarni ro‘yxatdan o‘tishga taklif qilamiz», deyiladi xabarda.

Ko‘proq yangiliklar: