Talabaga madad qanday loyiha?
Bu yoshlarning ta'lim olishiga ko‘maklashish maqsadida «Temir daftar»ga kiritilgan oilalar farzandlari va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning oliy ta'lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish bo‘yicha yillik xarajatlarini to‘lab berishga qaratilgan loyiha. U Yoshlar ishlari agentligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 250-son hamda 450-son qarorlariga muvofiq 2021 yilning 18 oktyabrda ishga tushirildi.
Kimlarga kontrakt puli to‘lab beriladi?
- oilasi «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarning farzandlari;
- mehribonlik uylari, bolalar shaharchasi bitiruvchilari;
- ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, vasiylikka olingan yoshlar;
- to‘liq bo‘lmagan oila (yolg‘iz ona, ota)ning farzandlari;
- oila boquvchilarining kamida bittasi birinchi guruh yoki har ikkalasi ikkinchi guruh nogironi bo‘lgan oila farzandlari;
- I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan yoshlar;
- jazoni ijro etish muassasalaridan jazo muddatini o‘tab chiqqan yoshlar;
- «ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan oila farzandlari;
- ota-onasidan biri yoki har ikkisi yoshga doir pensioner bo‘lgan yoshlar;
- yosh er-xotin talabalar;
- oilasida ikki yoki undan ortiq farzand kontrakt asosida o‘qiyotgan oilalarning farzandlari.
Izoh: ushbu loyihada bakalavriatning kunduzgi, sirtqi, kechki va maxsus sirtqi yo‘nalishlari hamda magistraturaning kunduzgi yo‘nalishi talabalariga to‘lab berilishi mumkin.
Kontrakt pulining qancha qismi to‘lab beriladi?
To‘lov-kontrakt asosida o‘qish bo‘yicha yillik xarajatlarini to‘lab berish tuman, shaharlardagi «Yoshlar daftari» jamg‘armasiga viloyat budjetining orttirib bajarilgan qismidan tushiriladigan mablag‘lar hisobidan vasiylik kengashi qaroriga muvofiq to‘lov-kontrakt summasining 50 foizigacha, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lab beriladi.
Ariza qanday topshiriladi?
Ushbu havolaga kirib, eng avvalo pasport seriya va raqami kiritiladi (agar ma'lumotlar topilmasa JShShIR kiritiladi);
So‘ng telefon raqam kiritilib, tasdiqlash amalga oshiriladi;
Telefon raqamga kelgan xabarni kiritish bilan, talaba haqidagi ma'lumotlar (ism-familiya, OTM, yo‘nalish, ta'lim shakli) oynada avtomatik paydo bo‘ladi;
Izoh: talaba «talabalar bazasi»ga kiritilmagan bo‘lsa, masalan, OTMning 1-kurs talabalari kontrakt to‘lamaguncha talabalar bazasiga kiritilmagan bo‘ladi; bunday holda, talaba yoshlardaftari.uz platformasi orqali onlayn ariza yuborishi kerak.
Talabaning ijtimoiy mansubligi (asoslantiruvchi hujjat yuklanishi shart) kiritiladi;
Izoh qismiga muammo aniq ko‘rsatilib yozilishi kerak.
Istisno: agar fuqaro avval «Yoshlar daftari»ga kiritilib, unga «Yoshlar daftari» jamg‘armasi mablag‘laridan amaliy yordam ko‘rsatilgan bo‘lsa, u «Talabaga madad» loyihasida ariza qoldira olmaydi (bunday hollarda pasport ma'lumotlari kiritilganda unga ushbu ma'lumot yuboriladi).
Arizalar qanday ko‘rib chiqiladi?
Talabgor yoshlarning arizalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 11 martdagi «Yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 132-son hamda 2021 yil 28 apreldagi «Moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarni, xotin-qizlar va yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 250-son qarori asosida, 3 kun ichida ko‘rib chiqiladi.
Loyiha bo‘yicha savollar va shikoyatlar yuqoriga qanday yetkaziladi?
Telegram messenjerida Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa'dullayevga murojaat guruhi tashkil etilgan bo‘lib, mazkur guruhda agentlikning mas'ul xodimlari, hududiy boshqarma boshliqlari yoshlardan keladigan murojaatlarni darhol nazoratga oladi va har bir talaba bilan bog‘lanib, ularning muammolari yechilishida ko‘mak beradi. Loyiha yuzasidan savollar va muammolarni ushbu guruhda qoldirish kifoya:
Bundan tashqari, yaqinda Alisher Sa'dullayev yoshlar bilan «Talabaga madad» loyihasi bo‘yicha o‘zining Telegram kanalida ochiq muloqot o‘tkazgan. Shuningdek, Alisher Sa'dullayevning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, yoshlar bilan doimiy muloqot qilish, ularning muammolarini, taklif va g‘oyalarini shaxsan eshitish maqsadida endilikda doimiy ravishda o‘zining Telegram kanali orqali ovozli suhbatlar tashkil etib boradi.