2 noyabr - Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar uchun jazosizlikka barham berish kuni

Jamiyat 10:52 / 02.11.2021 4900

Ushbu kun 2013 yilda Bosh Assambleya tomonidan jurnalistlar faoliyatini cheklash bilan bog‘liq bo‘lgan va jamiyatning ishonchli axborot olish huquqini toptaydigan xavotirli holatga dunyo hamjamiyati e'tiborini jalb qilish uchun ta'sis etilgan.

Bu sana fransiyalik ikki jurnalist tahririyat topshirig‘iga binoan Malidagi qurolli mojaroni yoritish paytidagi o‘limi bilan bog‘liq. Aynan 2013 yilning 2 noyabr kuni Gislen Dyupon (Ghislaine Dupont) va Klod Verlon (Claude Verlon) jangarilar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan va o‘ldirilgan.

Bu voqea jamoatchilik e'tiborida aks-sado berganidan so‘ng, BMT matbuot xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik va ularning o‘z faoliyatini bajarishga to‘sqinlik qilishni qoralab chiquvchi hujjatni qabul qildi.

Jazosizlikka qarshi kurashning diqqat markazda turishi jurnalistika sohasidagi xavotirli holat bilan bog‘liq. 2006-2020 yillar davomida dunyoda dolzarb voqealarni yoritgan va jamoatchilik e'tiboriga yangiliklarni yetkazgan 1200 nafardan ortiq jurnalist o‘ldirildi.

Xavotirli tomoni shundaki, YuNeSKO ma'lumotlariga ko‘ra, jurnalistlarga qarshi qilingan jinoyatlarning faqat 10 foizida sudlarda hukm chiqarilgan. Qolgan 90 foizida jinoyatchilar resurslarning yetishmasligi yoki jinoyat sodir qilingan davlat rahbariyatida siyosiy iroda yo‘qligi bois jazosiz qolgan.

Bunday jazosizlikning oqibatlari ham bor – jazosizlik tufayli jazosizlik yuzaga keladi va yopiq doirani hosil qiladi. U jurnalistlarni qo‘rquvga soladi, jinoyatchilarga esa dadillik beradi, jamiyatga salbiy ta'sir ko‘rsatadi, hukumatlarga senzurani davom ettirishga yo‘l ochadi. Jamiyatning sud tizimiga ishonchini yo‘qotadi.

Ko‘proq yangiliklar: