Yaponiyadagi ta'lim, “Apple”ga ishga kirish talablari – Mohinur Nurulloyeva bilan suhbat

Jamiyat 13:20 / 01.11.2021 5634

Uzbek.life navbatdagi suhbatdoshi Yaponiyada oilaviy istiqomat qilayotgan hamyurtimiz Mohinur Nurulloyeva. Qahramonimiz Namangan viloyati Namangan tumanida tug‘ilgan. Yaponiyaning nufuzli Ritsumeykan Osiyo Tinchlik universitetida tahsil olgan. Hozir Apple’ning Fukuoka shahridagi ofisida texnik mutaxassis sifatida faoliyat yuritadi.

Yaponiyadagi  universitetlar va talabalar uchun Scholarship 

Ochig‘i bu yerga kelishimdan avval yapon tilini bilmas edim. Namanganda biroz vaqt til kursiga qatnaganim bois, faqatgina yapon alifbosini bilgan holda kelganman. Men tahsil olgan universitetda xorijlik talabalar ko‘p bo‘lgani sababli deyarli barcha hujjatlar va bizga kerakli bo‘lgan yo‘riqnomalar ingliz tilida bo‘lgan. 

Yaponiyaga kelganimizda universitet tomonidan 6 oy yapon tili kursida o‘qidik. Shuningdek, yapon tilini yaxshiroq o‘zlashtirish uchun restoranlar, mehmonxonalarda ham ishlaganmiz.

Men o‘qigan universitetda chet ellik talabalar 80 ta davlatdan kelib o‘qishar edi. O‘sha davrning o‘zida 100 dan ortiq o‘zbekistonlik talabalarni Osiyo tinchlik universitetida uchratganman. Ta'lim muassasamizda asosan ikkita fakultet mavjud. Bular “Biznes boshqaruvi” va “Ijtimoiy fanlar”. Men “Ijtimoiy fanlar” fakultetining turizm yo‘nalishida o‘qiganman. 

Foto: Uzbek.life

Yaponiyada xususiy universitetlarning narxi baland, lekin, ko‘plab stipendiya beradigan tashkilotlar mavjud. Misol uchun davlat tomonidan eng katta stipendiya beradigan Mext dasturi bor. Stipendiya sizning barcha xarajatlaringizni qoplab beradi. Lekin Mext dasturi grantlarini yutish qiyin kechishi mumkin. Bundan tashqari har bir universitetda o‘zining stipendiyalari bor. Men ham universitet tomonidan 80 foizli grant yutib olganim sababli, 4 yil mobaynida kontraktimning faqatgina 20 foizini to‘laganman. Bu menga moddiy tomondan juda katta yordam bo‘lgan.

Apple kompaniyasiga ishga kirish

Universitetda o‘qib yurgan paytimda, bizdan yuqori kursda o‘qiydigan o‘zbekistonlik bola Apple’da ishlashi haqida eshitganman. Bu narsa men uchun erishib bo‘lmas narsadek edi. Keyin 3-kursning yarmida ish qidirish, ya'ni “job hunting” boshlandi. Siz bu jarayonda yuzlab kompaniyalarga o‘z rezyumeyingizni topshirishingiz mumkin. Men 10 ta kompaniyaga hujjatlarimni topshirganman. Shularning 2 tasi muvaffaqiyatli chiqqan. Menga Asics  va Apple’dan ish taklif qilishgan. 

Apple’ning Yaponiyada 11 ta ofisi bor. Korxonada: texnik, sotuv, biznes va boshqaruv bo‘limlari mavjud. Men texnik bo‘limda mutaxassis bo‘lib ishlayman. Apple’dagi muhit juda ham erkin. AQSh atmosferasi sezilib turadi. Maosh 3000 AQSh dollardan boshlanadi. Bundan tashqari turli bonuslar ham bor.

Foto: Uzbek.life

Apple’da ishlamoqchi bo‘lganlar saytiga kirib, qayerda ishlamoqchi ekanligini tanlab rezyume jo‘natishlari mumkin. Rezyumeyingizga qarab Apple’dagilarning o‘zi sizga aloqaga chiqishadi. Asosiysi rezyumeni yaxshilab yozishingiz kerak. Qobiliyatlaringiz, nimalarni qila olishingiz haqida to‘liq yozganingiz ma'qul. Faqatgina o‘zingizni maqtab emas, o‘z faoliyatingiz davomida qanday qiyinchiliklarga duch keldingiz va ularni qanday yengib o‘tganingiz haqida ham yozish foydali bo‘ladi. Apple’ga kelishingizdan avval qayerda va qaysi kompaniyada mutaxassis bo‘lganingiz va qaysi lavozimda ishlaganingiz ham muhim rol o‘ynaydi. 

Foto: Uzbek.life

To‘liq videoni UzbekLifening YouTube’dagi kanalida tomosha qiling.

Malika Xolxo‘jayeva suhbatlashdi

Ko‘proq yangiliklar: