Sud qarorida Qarshi shahar hokimligi tadbirkorning mulkini noqonuniy buzgani uchun 1,2 milliard so‘m to‘lab berishi belgilandi

Jamiyat 20:46 / 01.11.2021 1075

Qarshi shahrida faoliyat yurituvchi xususiy korxonalardan biri Biznes-ombudsman devoniga murojaat qilib, xususiy mulkning buzilishi natijasida yetkazilgan zararni undirishda amaliy yordam so‘ragan.

Ma'lum bo‘lishicha, 2018 yilda Qarshi shahrining sobiq hokimi J. F. va uning o‘rinbosari U.A.ning bevosita ko‘rsatmasi asosida tegishli ogohlantirishlarsiz va zarar o‘rni qoplanmagan holda xususiy korxonaga tegishli ko‘chmas mulk buzilgan.

X.Sulaymonova nomidagi Respublika Sud ekspertiza markazi Qashqadaryo viloyat bo‘limi tomonidan ko‘chmas mulkka yetkazilgan zarar miqdori 1 milliard 221 million  967 ming so‘mni tashkil qilishi to‘g‘risida xulosa berilgan.

Ombudsman tomonidan holat yuzasidan xususiy korxona manfaatida Qarshi shahar hokimligidan 1 milliard 221 million 967 ming so‘m kompensatsiya to‘lovini undirish bo‘yicha sudga da'vo ariza kiritilgan.

Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori bilan Qarshi shahar hokimligidan xususiy korxona foydasiga 1 milliard 221 million 967 ming so‘m kompensatsiya to‘lovini undirish belgilangan. Bundan tashqari, Qarshi shahar hokimligi respublika budjetiga ham 24 million 439 ming so‘m davlat boji to‘laydi.

Ma'lumot uchun, Fuqarolik kodeksining 206-moddasi talabiga ko‘ra olib qo‘yilayotgan yer uchastkasidagi uyni, boshqa imoratlarni, inshootlarni yoki ekinlarni buzib tashlashga zararlarning o‘rni bozor qiymati bo‘yicha oldindan va to‘liq qoplanguniga qadar yo‘l qo‘yilmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: