Dahshatli is gazi: Bir xonadonda bir kechada 7 o‘lim! Onalar jon bermoqda, bolalar ham...

Jamiyat 19:11 / 01.11.2021 51742
Foto: Getty Images/Kun.uz

Oxirgi jiddiy holat Urgut tumanida sodir bo‘ldi. Ona va uning 11 va 5 yoshli bolalari tappi bilan ko‘mir kukuni aralashmasidan tayyorlangan tezak yoqib, is gazidan zaharlanib nobud bo‘lishgan.

Bir oiladan bir kechaning o‘zida uchta o‘lik chiqqan, bir avlod barbod bo‘lgan.

Is gazi shunday baloki, soppa-sog‘ odam bir tuki to‘kilmay jasadga aylanadi.

Ba'zan butun oilalar, to‘da-to‘da odamlar tarashadek qotib qoladi.

O‘sha onda jon bermagan odam uzoq vaqtga sog‘ligini yo‘qotadi, hatto bir necha hafta o‘tgandan keyin ham o‘lim holatlari kuzatilishi mumkin.

O‘lmay qolganlar ham jiddiy asab buzilishlariga duchor bo‘ladilar.

Misollarni yodga olishning o‘zi bir dahshat:

  • 2021 yil 20 fevral. Xorazm viloyatining Shovot tumanida bir oila is gazidan zaharlandi: uch kishi vafot etgan, ulardan ikki nafari bolalar bo‘lgan.
  • 2021 yil 6 mart. To‘rtko‘l tumanida yashagan ota va uning uch farzandi, shuningdek ularning uyiga mehmonga kelgan bir fuqaro xonadondagi isitish pechidan sizib chiqqan is gazidan zaharlanib, vafot etdi.
  • 2021 yil 27 fevral. Yunusobod tumanidagi xonadonda ijara asosida yashagan besh talabaning murdasi topilgan. Ilk rasmiy ma'lumotlarda yigitlar “noma'lum moddadan o‘tkir zaharlanish” oqibatida vafot etgani ta'kidlangan. Keyinchalik bu holatga ham sabab is gazi ekani ma'lum bo‘ldi. Zaharlanish oqibatida vafot etgan besh talabaning barchasi Andijon viloyatidan edi.
  • 2021 yil 28 mart. Samarqand shahrida is gazidan 5 kishi zaharlangan va ulardan 4 nafari vafot etgan. Ularning hech biri uylanmagan va halok bo‘lganlardan biri 2004 yil tug‘ilgan bo‘lgan.
  • 2021 yil 16-26 oktabr oralig‘ida Samarqand viloyatida to‘rtta holatda 8 kishi is gazidan vafot etgan. Ularning 5 nafari yosh bolalar bo‘lgan.

Umuman, yil boshidan beri is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq jami 46 ta noxush holat sodir bo‘lgan. Biroq qurbonlar soni holatlar statistikasidan ikki barobar ko‘proq. Ya'ni ularda 96 kishi vafot etgan va 35 kishi jabrlangan.

Qarshida bundan bir necha yil avval sodir bo‘lgan voqea har qanday inson qalbini larzaga keltiradi. Bir xonadonda yosh er-xotin va ikki farzandi, ularnikiga mehmonga kelgan kuyovning talaba singlisi, kuyovning amakisining ikki o‘g‘li yig‘ilishgan. Mehmonlar yangi uy hovlisidagi ishlarga yordamga kelishgan bo‘lgan. Bir kechada hammasi, jami 7 kishi, jumladan 5 va 3 yoshli qizaloqlar is gazidan zaharlanib jon berishadi. Tongda yosh kelinni o‘z bolasini sudrab, eshik tutqichini ushlagancha joni uzilgan holda topishadi.

Jasad ko‘pligidan kelinni ikki bolasi bilan ota hovlisidan chiqarishadi. Sababi, erining uyida ham ikki jasad bor edi. Ularning yon atrofida yashaydigan ikki amakining uyida ham ikki tobut. Nafaqat mahalla, butun hudud oyoqqa turadi. Voqeaning bevosita guvohlarining aytishicha, qabristondagi odamlar ketmay navbat bilan kelayotgan mayitlarni qabrga qo‘yaverganlar...

* * *

Bular endi ommaga oshkor qilingan holatlar orasidan ayrim misollar. Qayd etilmagan holatlar qanchaligini hech kim bilmaydi. Shunisi aniqki, vaziyat o‘ta jiddiy.

Maqolaning boshiga qaytamiz: Is gazidan zaharlanib o‘lganlar haqidagi xabarlarni deyarli hammamiz qiziqib o‘qiymiz, ayniqsa bolalar nobud bo‘lsa seskanamiz. Aholi gazsiz qolgani uchun shu holatlar sodir bo‘layotgan hisoblab, aybdorlarni la'natlaymiz.

Lekin is gazidan himoyalanish, tarqalishining oldini olish haqidagi targ‘ibot materiallarini birortamiz ochib ham ko‘rmaymiz. Go‘yoki bu bizga aloqasi yo‘qdek tutamiz o‘zimizni. Ammo yuqoridagi tilga olingan, ayanchli o‘lim topgan oilalar ham is gazidan zaharlanishlarini xayollariga ham keltirmaganlari aniq.

Shubhasiz, bu kabi holatlar yuz berishida gaz ta'minoti tizimining ham jiddiy aybi bor. Gaz yo‘q hududlarda odamlar nima topsa yoqishmoqda. Chunki isinish zarur. Sovqotgan odamda isinishdan kuchliroq istak bo‘lmaydi, bolasi sovuqdan titrayotgan odamda esa nafrat paydo bo‘ladi.

Gaz ta'minotidagi uzilishlar odamlarni qo‘lbola pechlardan foydalanishga majbur qilmoqda. Yoqilg‘ining boshqa turlari qimmatligi sabab muayyan aholi qatlami hamon ibtidoiy tappi va tezakdan foydalanmoqda.

21-asr – texnologiyalar asrida biz hamon elementar ehtiyoj bo‘lgan isinish dardida yuribmiz.

Yana bir jihat – is gazidan himoyalanish bo‘yicha targ‘ibot ham o‘ta jo‘n, ta'siri yo‘q va nomiga olib borilayotgandek. Hisobotga qarasang, hammasi a'lo. Biroq odamlar muntazam jon berayotgan ekan, ishlar samarasiz ketyapti, nimanidir o‘zgartirish shart va zarur.

Lekin baribir hammamiz, har birimiz birinchi navbatda o‘zimiz uchun elementar qoidalarga rioya qilishimiz zarur va shart. Toki yuqoridagi kabi holatlar yuz berganidan keyin turli tashkilotlar kelib o‘rganishiga, oilalar qirilib ketganidan so‘ng surishtiruv-tergov qilishiga hojat qolmasin.

Bugunoq pechkalaringiz va mo‘rilaringizni tekshirib qo‘ying! O‘z g‘amimizni birinchi navbatda o‘zimiz yeymiz baribir.

Abror Zohidov

Ko‘proq yangiliklar: