Xiva tumanidagi maktablardan birining o‘qituvchisidan kelib tushgan murojaatda aytilishicha, o‘qituvchilar “Qonun himoyasida” xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish jamoat birlashmasiga majburan a'zo qildirilmoqda.
Murojaatchi jamoat birlashmasiga a'zo bo‘lish munosabati bilan Xiva tuman XTB mudiri nomiga topshirish uchun tayyorlangan ariza namunasini ham taqdim etdi. Unda jamoat birlashmasiga a'zo bo‘lib kirishda o‘qituvchi ish haqidan BHMning 2 foizi (5 400 so‘m) miqdorida biryo‘la olinadigan badal hamda BHMning 2 foizi miqdorida har oylik badal ushlab qolinishi so‘ralgan.
“Qonun himoyasida” xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish jamoat birlashmasi vakili Elbek Nazarqulovning bizga bildirishicha, birlashma 2019 yildan beri faoliyat yuritib keladi va shu kungacha birlashma tomonidan o‘qituvchilarni a'zo bo‘lishga majburlash harakatlari sodir etilmagan.
“Birlashma tomonidan Xorazm hududida xotin-qizlar va bolalarga huquqiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi. Masalan, yaqinda bizga Xivadan murojaat qilgan bir ayol 2 yildan beri aliment ololmayotganini ma'lum qildi. Ayni damda yuristlarimiz ushbu ayolga huquqiy yordam berish bilan shug‘ullanmoqda.
O‘qituvchilar birlashmamizga o‘zlari ixtiyoriy a'zo bo‘lishsa, bemalol qabul qilamiz. Lekin hech qachon majburlamaganmiz”, – deydi Elbek Nazarqulov.
Holat bo‘yicha Xiva tuman XTB mudiri Suxrob Ramazonov bilan ham bog‘landik. U ham o‘qituvchilarni birlashmaga majburan a'zo qildirish bo‘yicha ko‘rsatma bo‘lmaganini bildirdi.
“Ushbu jamoat birlashmasidan xabarim bor. Uning vakillari maktablarga kirib, birlashma haqida o‘qituvchilarga ma'lumot beradi va o‘qituvchilarni faqat ixtiyoriy a'zo bo‘lishga taklif etadi. Masalan, har bir maktabdan o‘rtacha 2-3 nafar o‘qituvchi o‘z huquqlarini himoya qilish uchun o‘zi xohlab a'zo bo‘lyapti. Juda borsa, 10 nafari a'zo bo‘lyapti. Majburlab a'zo qildirilganda bu son ancha ko‘p bo‘lardi.
Majburan a'zo qildirmaslik bo‘yicha maktablarga tushuntirganman. Agar shundan keyin ham maktablardan kimdir majburlayotgan bo‘lsa, o‘qituvchilar menga murojaat qilishlari mumkin. Aybdorlarga chora ko‘ramiz. Shunga qaramay, barcha direktorlarni yana bir marta ogohlantiraman”, – deydi Suxrob Ramazonov.
Xiva tumani maktablarining vaziyatdan xabardor o‘qituvchilari ushbu holatga qo‘shimcha oydinlik kiritish uchun @kunuzmurojaat Telegram-manzili orqali biz bilan bog‘lanishlarini so‘raymiz.
Shu bilan birga, maktab o‘qituvchilari majburiy obuna, majburiy mehnat va boshqa qonunbuzilish holatlari yuzasidan Xalq ta'limi vazirligining +99871 202 09 09 ishonch telefoniga yoki Bosh prokuraturaning 1007 qisqa raqamiga murojaat yo‘llashlari mumkin.
Mehnat kodeksining 164-moddasiga muvofiq, xodimning mehnat haqidan ushlab qolishga faqat xodimning yozma roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. Xodimni rozilik berishga majburlash yoki uning roziligisiz ish haqidan ushlab qolish – g‘ayriqonuniy hisoblanadi.
Avvalroq Andijon davlat tibbiyot institutida 743 nafar xodimning ish haqidan 100–300 ming so‘mdan pul hashar uchun deb ushlab qolingani, OTM bu ma'lumotni “feyk” deb atagani, biroq adliya organining aralashuvi bilan holat tasdiqlangani va pullar qaytarilgani haqida xabar berilgandi.
Shuningdek, budjet tashkilotlari xodimlarining maoshidan noqonuniy ushlab qolish hollari davom etayotgani, biroq mas'ul tashkilotlar yetarlicha ishlamayotgani haqida so‘z yuritilgandi.
Abbos Salaydinov,
Kun.uz muxbiri