2017 yilda rekord miqdordagi shaxs afv etilgan
IIV Jazoni ijro etish departamentining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, 2016–2021 yillarda afv etish to‘g‘risida 17 ta prezident farmoni qabul qilingan. Ushbu farmonlar asosida afv etilganlarning 2647 nafari jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan. Shundan 1227 nafari asosiy jazodan to‘liq ozod etilgan bo‘lsa, 990 nafari muddatidan ilgari shartli ozod etilgan. 430 nafar shaxsning o‘talmagan jazosi axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan.
Shu bilan birga, 18 nafar shaxs probatsiya xizmati nazoratidan chiqarilgan, shundan 11 nafari to‘liq ozod etilgan, 1 nafari qo‘shimcha jazodan ozod etilgan, 6 nafari muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etilgan.
Afv qilingani sababli 2515 nafar shaxsning o‘talmagan jazosi qisqartirilgan, shundan 490 nafar mahkumning jazosi teng yarmiga, 1420 nafariniki uchdan biriga, 605 nafar shaxsga tayinlangan jazo esa to‘rtdan biriga qisqargan.
Yillar kesimida tahlil qilinsa, 2016 yilda 10 nafar, 2017 yilda 2700 nafar, 2018 yilda 623 nafar, 2019 yilda 776 nafar, 2020 yilda 616 nafar, 2021 yilda 455 nafar shaxs afv etilgan.
Raqamlar ortidagi taqdirlar
Kimlargadir oddiy statistik ma'lumot bo‘lib tuyuladigan ushbu raqamlar ortida qanchadan qancha taqdirlar yashirin. Shulardan biri 2007 yildan 2020 yilgacha qamoqda bo‘lgan toshkentlik Sarvar Bobonazarovdir. U Kun.uz’ga bergan intervyusida uyiga 19 yildan so‘ng qaytganini aytgan.
“Uydan chiqib ketganimga 19 yil bo‘ldi! 19 yildirki, uyimizni faqat tushimda ko‘rardim. 26 yoshimga qadar Toshkentdan tashqariga chiqmaganman. Moskvada, Istanbulda bo‘ldim. 2007 yilda kimlarningdir yo‘rig‘iga yurib, Pokistonga yo‘l oldim. Xayolimda boradigan joylarimni turlicha tasavvur qilardim. Ammo chegaradayoq qo‘lga tushdim va Pokiston qamoqlarida 11 oy yotdim.
Pokistonda 2,5x1,5 metrli tagi tosh, devori beton xona, ovqatlari shu qadar achchiqki, yeb bo‘lmaydi. Qishning sovug‘i tufayli sog‘lig‘imni juda tez yo‘qotdim. Soqchilar nihoyatda shafqatsiz, qo‘limdan osib qo‘yishgan, uch kunlab uxlatmagan paytlari bo‘ldi. Inson uyqusizlik azobini boshidan o‘tkazsagina bilarkan.
2008 yil O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindim va 9,5 yil Qarshidagi qamoqxonada bo‘ldim. Keyin manzil koloniyaga chiqarildim. Va nihoyat, yozgan iltimosnomalarim inobatga olindi va afv qilindim. Uyimni 19 yil deganda endi ko‘rdim. Oilamni yo‘qotdim, ikki farzandim hozir qayerda, bilmayman. Bu orada avval onam, keyin otam vafot etishdi. Turli yo‘llar boshida turgan yoshlarga mening hayotim saboq bo‘lsin. Biz qilgan xatolarni siz qilmang”, deya ta'kidlaydi 46 yashar Sarvar Bobonazarov.
Murod Jalolov 2012 yili 9 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Prezidentning afv to‘g‘risidagi farmoni bilan 8 yillik jazo muddatini o‘taganidan so‘ng 2020 yili ozodlikka chiqqan.
“Qamoqqa ravona bo‘lganimda hali uylanmagandim, ahdlashgan qizim bor edi. U meni unutmadi. Yillar o‘taverdi, yoshimiz ham ketaverdi. Manzil koloniyasiga chiqqanimda sovchi yubordim. Quda tomon ham rozi bo‘lishdi. Ozod bo‘lmay turib uylandim xullas...
Qizim tug‘ilganida ham koloniyada edim. Ozodlikka chiqishim oldidan karantin bo‘lib, qizimni 5 oy ko‘rmadim. Ko‘z oldimdan o‘tganini tasvirlab bera olmayman. Hayot 8-9 yil ortga qaytib, o‘sha xato ostonasida turganimda umuman bu yo‘lga kirmagan bo‘lardim...
Qamalmasimdan oldin qurilishda ishlardim, uylarni ta'mirlardim. Hozir ham shu ishni qilmoqchiman. Menga ishongan, kutgan oilamning, ota-onamning yuzini yerga qaratmaslikka harakat qilaman”, deydi bugun 32 yoshni qoralagan Murod Jalolov.
5180 kishining salkam 1800 nafari...
Rasmiy ma'lumotlarda keltirilishicha, afv etilganlarning 1791 nafari taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida ishtirok etishda ayblanib, jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Salkam 1800 kishining 819 nafari sud tomonidan tayinlangan jazodan to‘liq ozod etilgan, 439 nafari muddatidan ilgari shartli ozod etilgan. Shuningdek, 89 nafarining o‘talmagan jazosi axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan, 444 nafarining esa o‘talmagan jazosi qisqartirilgan.
Afv etilganlarning 396 nafari ayollar, 159 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklardir. Ayollardan 54 nafari jazodan to‘liq ozod etilgan, 90 nafari muddatidan ilgari shartli ozod etilgan. Bundan tashqari, 41 nafar ayolning o‘talmagan jazosi axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan bo‘lsa, 211 nafarining o‘talmagan jazosi qisqartirilgan. Erkaklarning 54 nafari jazodan to‘liq ozod etilgan, 78 nafari muddatidan ilgari shartli ozod etilgan, 27 nafarining o‘talmagan jazosi qisqartirilgan.
2016 yildan 2021 yilgacha 213 nafar xorijlik afv etilgan bo‘lib, ularning 67 nafari jazodan to‘liq ozod etilgan, 52 nafari muddatidan ilgari shartli ozod etilgan, 94 nafarining o‘talmagan jazosi qisqartirilgan.
So‘nggi besh yil davomida afv etilganlardan 1807 nafarini 30 yoshga to‘lmagan yoshlar tashkil etadi.
Birinchi prezident davrida qancha kishi afv etilgani ma'lum emas
O‘zbekistonda afv etish instituti asoslari mustaqillikning avvalidayoq yaratilgan. Birinchi prezident Islom Karimovning 1992 yil 17 iyuldagi 440-sonli farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasida afv etishni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan, ushbu hujjatda afvni qo‘llash tartibi, u kimlarga nisbatan va qanday shaklda qo‘llanishi bayon etilgan.
Islom Karimov hokimiyati davrida uch marta afv qo‘llanilgan. Jumladan, 1993 yilda Konstitutsiyasining bir yilligi munosabati bilan, 1994 yili O‘zbekiston mustaqilligining uch yilligi munosabati birinchi marta qamoqqa hukm qilingan ayollar va balog‘atga yetmagan shaxslar og‘ir jinoyat, shuningdek, uyushgan jinoiy guruhlar tarkibida jinoyat sodir etmagan shaxslar, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etgan jinoyatlari uchun 5 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilingan fuqarolar, bundan tashqari, 5 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etilgan voyaga yetmagan, ayollar, yoshi 60 dan oshgan erkaklar hamda 1– va 2-guruh nogironlari, birinchi marta ataylab qilgan jinoyatlari uchun 3 yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan yoki yengilroq jazoga hukm qilinganlar jazodan ozod qilingan.
Shuningdek, birinchi marta qamoq jazosiga hukm qilingan va belgilangan jazo muddatining uchdan ikki qismini o‘tagan shaxslar jazo muddatining qolgan qismini o‘tashdan ozod qilingan, belgilangan jazo muddatining yarmisini o‘tagan shaxslar esa badarg‘a koloniyasiga o‘tkazilgan.
O‘ta og‘ir jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etilgan ashaddiy jinoyatchilarga, narkotik moddalar va o‘qotar qurollar bilan bog‘liq jinoyati uchun mahkum etilganlarga, uyushgan jinoiy guruhlarning ishtirokchilariga, shuningdek, jazoni o‘tash tartibini ashaddiy buzuvchilarga nisbatan afv qo‘llanilmagan.
Islom Karimov davrida e'lon qilingan uchinchi afv 2016 yilda qo‘llanilgan bo‘lib, prezident farmoni asosida 10 kishi kechirilgan. Biroq rasmiylarning aytishicha, 1993 va 1994 yillarda qo‘llanilgan afv necha kishiga tatbiq qilingani haqida statistik ma'lumot mavjud emas.
Afvning amnistiyadan nima farqi bor?
Islom Karimov davrida afvdan ko‘ra amnistiya ko‘proq qo‘llangan. Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgandan keyin amnistiya amaliyoti afv institutiga almashtirildi. To‘g‘ri, Mirziyoyev ham muvaqqat prezident bo‘lgan 2016 yilda 40 mingga yaqin mahbusga amnistiya akti qo‘llanilgan, biroq 2017 yildan boshlab ushbu amaliyotga butunlay barham berilib, prezident yilda to‘rt marta afv e'lon qilmoqda.
Chetdan qaraganda bir xil tushunchaday ko‘rinadigan amnistiya va afv aslida bir-biridan ancha-muncha farq qiladi. Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev ana shu tafovutlarning 10 tasini sanab o‘tgan. Unga ko‘ra, amnistiya afvdan quyidagilarga ko‘ra farqlanadi:
1. Qo‘llanadigan shaxslar toifasi bo‘yicha;
2. Qo‘llaniladigan shaxslar holati bo‘yicha;
3. E'lon qiluvchi sub'yektlar bo‘yicha;
4. Qo‘llash masalasini bajaruvchi shaxslar bo‘yicha;
5. Qo‘llash tartibi bo‘yicha;
6. Shaxsning xohishi bo‘yicha;
7. Huquqiy oqibatlari bo‘yicha;
8. Shaxslarning ta'siri bo‘yicha;
9. Shaxsiy omillarning ahamiyati bo‘yicha;
10. Normativ hujjat maqomi bo‘yicha.
Ushbu tafovutlar tahlil qilinsa, afv instituti amnistiya aktiga nisbatan ancha foydaliroq ekani ma'lum bo‘ladi. Birgina misol, amnistiya ozodlikka chiqariladigan shaxslarning aniq guruhi belgilanmaydi, amnistiya to‘g‘risidagi aktda faqat jinoyat turlari ko‘zda tutiladi. Ya'ni amnistiyaga necha kishi tushishi, kimlar tushishi oldindan aniq bo‘lmaydi. Amnistiya akti chiqqandan keyin, uni kimlarga qo‘llash masalasini hal qilish uzoqqa cho‘ziladi va ko‘plab tashkiliy jarayonni o‘z ichiga oladi.
Kimlar amnistiyaga “ilinishi” shaffof bo‘lmagani eng katta muammolardan biri bo‘lgan. Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova Kun.uz’ga bergan intervyusida amnistiya akti tatbiq etiluvchi shaxslar ro‘yxatini shakllantirish jarayonida tanish-bilishchilik, korrupsiyaga yo‘l qo‘yganlarni vatan xoiniga tenglashtirgandi.
Afvni qo‘llash ko‘p vaqt va tartibni talab qilmaydi. Prezident farmoni asosida afv e'lon qilinishi bilan darhol ijroga qaratiladi, buning uchun yana alohida bosqichlardan o‘tish shart emas. Amnistiya aktidan farqli ravishda kimlarning ozodlikka chiqarilishi, jazo muddati qisqartirilishi, tayinlangan jazo boshqa turdagisiga o‘zgartirilishi aniq bo‘ladi.
1991 yildan 2004 yilgacha bo‘lgan davrda amnistiya aktlari Prezident farmoni asosida qabul qilingan. 2005 yildan mazkur vakolat Senatga o‘tkazilgan. 2008 yildan boshlab, amnistiya aktini qo‘llashga oid yakuniy qarorni faqat sudlar chiqarishi belgilab qo‘yilgan.
Afvni qo‘llash masalasini esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi afv etish masalalari bo‘yicha maxsus komissiya hal qiladi.
Davlatning insonparvarlik siyosatidagi o‘zgarishlar
Islom Karimov davrida faqatgina Mustaqillik yoki Konstitutsiya kuni munosabati bilan amnistiya akti chiqarilgan bo‘lsa, Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelgach boshqa muhim sanalarda ham afv e'lon qilish an'anasini kiritdi. Xususan, O‘zbekiston tarixida ilk marta Ramazon hayiti (2018 yildan) hamda Navro‘z bayrami (2019 yildan) munosabati bilan.
Afvga tushganlar orasida xorijiy davlatlarning fuqarolari, taqiqlangan tashkilotlar ishtirokchilari ham borligi xalqaro ommaviy axborot vositalari tomonidan ham e'tirof etilgan. Qolaversa, birinchi prezident paytida borligi rasman tan olinmagan va tabiiyki amnistiya qo‘llanmay kelgan diniy va siyosiy mahkumlar Mirziyoyev davriga kelib tan olingan va afv etila boshlangan.
«Diniy ekstremizmga aloqador jinoyat sodir etib, afv etilganlarga ham bir xil qaraladi» — IIV vakili
O‘zbekiston tarixidagi eng mash'um qamoqxona – Jasliq koloniyasida jazo muddatini o‘tagan, Shavkat Mirziyoyev davrida afv etilgan A'zam Farmonov Kun.uz’ga bergan intervyusida Karimov davrida siyosiy va diniy mahkumlarga nisbatan amnistiya akti qo‘llanmasligi uchun har yili mustaqillik va Konstitutsiya kuni arafasida ularga yangi qoidabuzarliklar tirkab qo‘yilganini aytgandi.
Bundan tashqari, 2021 yilda prezident tomonidan o‘z ixtiyoriga ko‘ra mahkumni yoki jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsni afv etish tartibi belgilandi. Unga ko‘ra, endilikda davlat rahbari mahkumning yoki jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsning afv etishni so‘rab yozgan iltimosnomasi mavjud yoki mavjud emasligidan qat'i nazar, o‘z tashabbusi bilan istalgan mahkumni yoki jazoni o‘tab bo‘lgan shaxsni afv etish huquqiga ega bo‘ldi.
Jamshid Niyozov