Prokuratura: Angrenda 11 yoshli qizning o‘limiga sabab bo‘lgan “Tseftriakson” bo‘yicha holat to‘liq tekshiriladi

Jamiyat 14:32 / 30.10.2021 16264

Angren shahrida 11 yoshli bemor qizga uyidagilar “Tseftriakson” antibiotigini inʼeksiya qilgan. Dastlabki xulosalarga ko‘ra, joriy yilning 20 oktyabrida bemor dori vositasidan kelib chiqqan allergik reaksiya va anafilaktik shok tufayli vafot etgan.

Angren shahar Bolalar shifoxonasi bosh shifokori M.G‘aniyevaning ma'lum qilishicha, G.S.da dori vositasi inʼeksiyasi (Tseftriakson) natijasida bosh miya va o‘pka shishi, anafilaktik shok, kuzatilgan.

Holat yuzasidan Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov ma'lumot berdi.

“Ijtimoiy tarmoqlarda Angren shaharda 11 yoshli qiz “Tseftriakson” dori vositasi sabab vafot etganligi haqida xabarlar tarqalgan. Aniqlanishicha, Angren shahrida yashovchi 11 yoshli G.R. 20.10.2021 yilda vafot etgan. Mazkur holat yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma'lumotiga ko‘ra, marhum G.R.ning o‘limiga qonning suyuq holatdaligi, ichki a'zolarning kam qonligi, ko‘z qovoqlarining o‘tuvchi pardalari, o‘pka, vitseral varag‘i ostida, yurak epikardida mayda nuqtachalar ko‘rinishidagi qon quyilishlari, bosh miya va o‘pka shishi, ichki a'zolarining suvsizlanishi, anaflaktik shok, o‘tkir yurak qon tomir yetishmovchiligi, nafas yo‘llarining yallig‘lanishi, tarxeit, bronxit, ikki tomonlama o‘pkalar yallig‘lanishi, gastroenterokolit oqibatida yuzaga kelganligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Angren shahar prokuraturasi tomonidan ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda. Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan nazorat o‘rnatilgan”, – deyiladi xabarda.

Kun.uz holat bo‘yicha qo‘shimcha izoh olish uchun Toshkent viloyati prokuraturasi matbuot xizmati rahbari Arslonbek Toshpo‘latov bilan bog‘landi:

“Ushbu holat bo‘yicha Angren shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda. Surishtiruvga uy sharoitida inʼeksiya qilishga yo‘l qo‘yganlar ham jalb qilingan. Shuningdek, “Tseftriakson” dori vositasi qay tarzda tarqalgani ham surishtirilyapti va endilikda tarqalmaslik choralari ko‘rilmoqda. Dori vositasini yaroqli yoki yaroqsizligi, uni qay tartibda qo‘llanilishi haqidagi yo‘riqnomaga qay darajada amal qilinganligi bo‘yicha holatlar to‘liq tekshiriladi.

Sud tibbiy ekspertizasi va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga shahar tibbiyot birlashmasi xodimlarining harakatlariga huquqiy baho berish uchun tayinlangan xizmat tekshiruvi xulosalarini olish uchun tergovga qadar tekshiruv harakatlari muddati 1 oyga uzaytirilgan. Tekshiruv harakatlari davomida barcha aloqador holatlar o‘rganib chiqiladi”, – dedi Arslonbek Toshpo‘latov.

Ko‘proq yangiliklar: